DIPLOMLI BO‘lISH OSON(MI?)
Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish, o‘zimizni rivojlantirish — ko‘pchiligimizning eng yuqori o‘rinlardagi maqsadlarimiz hisoblanadi. “Ilmning erta-kechi yo‘q”, deya 70 yoshni qarshi olgan bobo-buvilarimiz ham oxirgi 2–3 yil ichida oliy ta’lim muassasalariga hujjat tayyorlab, imtihon topshirishayotgani bejiz emas. Sababi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’limga avvalgi yillardagidan ko‘ra kuchliroq e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yillarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, 2018-2019-yillarga qadar Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish qiyin edi. Sababi, kirish imtihonlari ancha murakkab tuzilishi bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalari soni ham u qadar ko‘p emasdi. Shu sababli ko‘plab o‘qish maqsadida bo‘lgan yigit-qizlarning orzulari aksariyat hollarda orzuligicha qolib ketar edi…
Qizlar o‘qishdan yiqilsa, turmushga chiqar, yigitlar esa “tirikchilik qilish” maqsadida chet mamlakatlarga yo‘l olishardi. Bugun bu muammolarga anchagina barham berildi. Mamlakatimizda OTMlar soni ortdi. Haqiqiy o‘qish, ilm olish istagida bo‘lgan kishilarning orzulari ro‘yobga chiqa boshladi. Raqamlarga murojaat qilsak, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari soni 199 ta. Shundan:
• Davlat OTMlari – 114 ta;
• Xorijiy OTMlar – 30 ta;
• Nodavlat OTMlar – 55 ta.
Ushbu ko‘rsatkich 2019-yil may oyi statistikasi bo‘yicha 102 tani tashkil etganligini hisobga olsak, aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari jadal o‘sib borayotganligining guvohi bo‘lamiz. Yurtimizda oliy ta’lim muassasalari soni oshganligi bilan bir qatorda kirish imtihonlari ham avvalgidek murakkab emas. Maktab bilimlarini puxta o‘zlashtirgan o‘quvchi hech qiynalmay OTMga o‘qishga kira oladi. Biroq endi avvalgidek: “O‘qishga kirdim, diplomli bo‘la olaman!” degan davrlar ortda qoldi. Chunki bugun zamonamizga har tomonlama bilimli, izlanuvchan, muayyan bir sohada ixtisoslashganligi bilan bir qatorda o‘zining barcha imkoniyatlaridan faol foydalana oladigan kadrlar nihoyatda zarur. Bir so‘z bilan aytganda, zamon – shunday ko‘pqirrali kadrlarniki! Sifatli ta’lim va qat’iy talab(yo‘l-yo‘riq)-
larsiz bunday darajaga ko‘tarilish − qiyin vazifa. Bugun oliy ta’lim muassasalari ayni mana shu ishni o‘z oldilariga maqsad qilgan holda Hemis axborot tizimini ta’limga joriy qildi. Dastur haqida umumiy ma’lumot beradigan bo‘lsak, Hemis oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimidir. Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi hamda 2020-yil 2-martdagi farmonlarida belgilangan vazifa(O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilga qadar rivojlantirish, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi)-
larning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy qilinmoqda. Ayni vaqtda ushbu tizim 154 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari va 700 mingdan ortiq foydalanuvchi(talaba va o‘qituvchi)lar tanlovi hisoblanadi. Tizimning qulayliklari shundan iboratki, talaba va uning ta’limni o‘zlashtirishi bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga soladi. Barcha fanlar uchun ajratilgan kredit(dars jarayonlari, oraliq va yakuniy nazoratlar uchun umumiy yig‘ishi kerak bo‘lgan ball)lar mavjud bo‘lib, unda talabaning faolligi alohida inobatga olinadi. Qarorning 8-bob 41-talabiga ko‘ra, talaba bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirsa, ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.
Akademik qarzdor talabalar ta’til vaqti yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Hemisning ushbu talabidan kelib chiqqan holda talaba butun o‘quv jarayonida kreditlarni yig‘ish uchun astoydil harakat qiladi, o‘qiydi, izlanadi, o‘z ustida tartib bilan ishlaydi.
Tizimning dastlabki natija va kamchiliklarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazdik. Quyida ayrim javoblar bilan tanishasiz.
Malohat Ulkanboyeva, O‘zDJTU o‘qituvchisi:
− Umuman aytganda, talabalar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham juda qulay platforma. Ammo bizda ushbu platforma yangi qo‘llanilayotgani uchun ancha-muncha kamchiliklardan xoli emas. Ko‘pincha platforma ishlamay qoladi. Lekin qog‘ozbozlikni kamaytirgani rost.
Avazbek Mirzaaliyev, O‘zMU talabasi:
− Hemis dasturi ba’zi oliy ta’lim muassasalarida deyarli 100 foiz, ba’zilarida sustroq ishlayapti. Dasturda qulayliklar ko‘p, ammo noqulayliklar ham yo‘q emas. Buning sababi biz(talaba va o‘qituvchilar)ning ushbu platforma talablariga tayyor emasligimiz hamda ko‘plab talab va me’yorlarini chetlab o‘tayotganimizda, biroq chet davlatlardagi kabi sifatli ta’limga erishish uchun tizimni o‘zimizga moslashtirishimiz emas, biz tizimga moslashishimiz kerak deb o‘ylayman.
Behruz Xurramov, O‘zDJTU talabasi:
− Chet el standartlariga ko‘ra, ushbu tizimda o‘qiydigan talabalar darslarni o‘zlari tanlashi kerak. Bizda aksincha, vazirlik qaysi fanni belgilasa, shuni o‘qiymiz. Qo‘yilgan fanning sohamizga aloqasi bormi, yo‘qmi, ahamiyatsiz. Tizimda qarashlarimiz hamon eskicha, barcha fanlarni zarur deb hisoblaymiz, ma’lum sohaga ixtisoslashuv qaydan bo‘lsin keyin? Qiziqmagan faningiz bo‘lsa ham o‘qishga majbursiz, chunki bu tizimdagi boshqa talablar ishlamasa ham “Kredit to‘lab, qayta o‘qiydi”, degan talabi bizda yaxshi ishlaydi…
Munisa G‘afforova, TerDU talabasi:
− Hemis – juda ham qulay platforma. O‘quv jarayonlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni qulay ko‘rib, nazorat qilib borish imkonini beryapti.
N.U., talaba:
− Shaxsimni aytishni istamayman. Kontraktda o‘qiyman. O‘tgan 2021-2022-o‘quv yili uchun belgilangan pulni o‘tkazishimga qaramasdan, mana yangi o‘quv yilining yarmi o‘tdi hamki, hemis platforfasi o‘tgan o‘quv yili bo‘yicha qarzdor ko‘rsatyapti. Mas’ullardan bu haqida so‘rasam, to‘lov qog‘ozlari bilan universitetning marketing bo‘limiga borishim kerakligini aytdi. Biz qog‘ozbozlikdan, ortiqcha sarsongarchilikdan qutulish va sifatli ta’limga erishish uchun ushbu tizimni tanlagan emasmidik? Oradan bir yil o‘tgach, bir parcha to‘lov qog‘ozini ko‘chib yurgan qaysi ijara uyimdan qidiraman? Qidirdim ham deylik, topolmasam, qarzdorlik turaveradimi? Bunaqa doimgidek qog‘oz ko‘tarib yuradigan bo‘lsak, Hemis nimaga kerak? Zamon shuncha shiddat bilan o‘zgaryapti, nahot Hemisning ortiqcha yaratib berayotgan “boshog‘riqlar”iga 2, 3 yil o‘tib ham duch kelaversak…
Ramziddin Ramazonov, TDPU talabasi:
− Platformaning nafaqat talabalarga, balki o‘qituvchilarga ham afzallik jihatlari ko‘p. Texnika va texnologiyalar keng ko‘lamda rivojlanib borayotgan bir davrda yashar ekanmiz, islohotlarga teran nigohda boqishimiz, har biriga tezroq moslashishimiz biz uchun foydadan xoli emas.
Mirzaolim Rustambekov, O‘zJOKU talabasi:
− Bu tizimga hali tayyor emas edik, lekin tayyor emasmiz deb voz kechish ham to‘g‘ri yo‘l emas. Ammo undagi hali-hamon uchrayotgan kamchiliklarga ko‘z yumaversak, o‘zimizga moslashtirsak, yuzaga kelayotgan muammolarni vaqti bilan bartaraf etib bormasak, ko‘zda tutilgan sifatli ta’lim tizimiga erishishimiz qiyin.
Guvohi bo‘lganingizdek, tizimda muammolar ham yo‘q emas. Biroq qulayliklarni ham inkor eta olmaymiz. Muhimi shundaki, ta’lim tizimimizda maqsad-muddaolarimiz, tanlagan yo‘limiz tog‘ri. Faqatgina yuzaga kelayotgan kamchiliklarni chetlab o‘tmay, vaqti bilan bartaraf etib borsak, manzilimizga, ko‘zlagan maqsadimizga yanada tezroq yetamiz.
P.S. Mas’ullardan tizimda yuzaga kelayotgan yuqoridagi muammolarni ko‘rib chiqishlarini so‘raymiz.
Shahnoza YANGIBOYEVA,
O‘zDJTU talabasi