EVOLYUTSION KASHTACHILIK
Kashta – ayollar xalq ijodiyotining eng ommaviy turi hisoblanadi. Zamonaviy ilm-fan kashtalarning ilk namunalariga ega emas, chunki kashta tayyorlanadigan xom-ashyo juda nafis bo‘lib, uzoq saqlanib qolish xususiyatiga ega emas. Tarixiy manbalar kashtalarning ildizlari qadimgi asrlarga borib taqalashini isbotlaydi. Kashtado‘zlikni uch nuqtai nazardan, madaniyatning moddiy boyliklari, (tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan materiallar) badiiy an’ana, (uslub, kompozisiya, bezak mavzulari va ranglar, xalq madaniyatining ma’naviy bir qismi sifatida o‘rganish mumkin. Nurota kashtachilik an’analari Shahrisabz, Buxoro, Toshkent kashtachilik maktablari tarixi bilan bellasha oladi. Nurotadan F.Omonova, A.Sharapova, G.Oralova, singari kashtado‘zlar ba’zan boshqa maktablar bezak mavzulariga murojaat qiladilar. Mahalliy maktablar naqshlarida anor, qalampir yoki bodomgul, oshpichoq, doiragul, lolagul, buta shoxlaridan iborat tasvirlar asosiy bezak hisoblanadi. Kashtalarda rombsimon naqsh muhim o‘rin egallaydi. Ammo, u ham to‘lig‘icha o‘rganilmagan. U,o‘zida dekorativ xususiyatlarini ham namoyon qiladi. Dekorativ san’atni uzoq yillar tadqiq etgan A.Tarasov,1958-yilda e’lon qilgan”Voprosi dekorativnngo isskustva” asarida bu haqda to‘xtalib shunday deydi:”Juda qadim zamonlarda paydo bo‘lsada,eng sevimli va qulay, uy ichi, kiyim-kechak va turli xil ro‘zg‘or buyumlari bezagi sifatida dekorativ kashtachilik san’ati ko‘p asrlar mobaynida uy bezaklari ichida o‘zining muhim ahamiyatini saqlab kelmoqda.” Nurota kashtalari asosan “bosma” uslubi bilan tikiladi va naqshlarning (gullarning) cheti (zanjircha) ya’ni, zanjirsimon uslub bilan aylantiriladi. Kashta ranglarida och va yumshoq nim bo‘yoqlar uyg‘unlashgan. Nurota kashtachiligida so‘zana, nimso‘zana, takiyapo‘sh, joynamoz, joypo‘sh yoki ro‘yijo, zardevor, gulkurpa, bo‘g‘joma yoki bo‘g‘cha, dastorpech (dastsalla), qo‘l ro‘mol, yostiq, zul (jul), oyna xalta, choy xalta, choyshab va boshqa kashta mahsulotlarini aytib o‘tish mumkin . Nurota kashtachiligida shakl-ranglarning uyg‘unligi, naqsh yoki gullar rangi bir-biriga mos holda, to‘ldirib borishi bilan farqlanadi. Ular o‘zining kompozision tuzilishi va erkin koloriti bilan e’tiborga molik bo‘lib kelgan. Har biri o‘ziga xos estetik vazifani bajargan hamda ishlatilishiga ko‘ra naqshlar bilan rang-barang, Gulbuta va Guldastalar oq mato yuzida ajralib turadigan yorqin bo‘yoqlar bilan bezatiladi. Bunday kashtalar rangli mavzularga boyligi va turli-tumanligi bilan O‘zbekistonning gazlama buyumlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ko‘pincha gullar va daraxtzorlar, qushlarning nozik suratlari, hayvonlar va odamlarning muayyan uslubda aks ettirilgan tasvirlari bilan jonlantirilgan. To‘pbarggul, naqshlar, qushlar va hayvonlar qiyofasi aks ettirilgan.(“Chor shoxu yak moh”). Umumiy turlarida Buxoro va Samarqand kashtachiligiga o‘xshashlik yaqqol seziladi. Ularda asosan Nishon, Qalqon ( tabadoni) deb nomlanadigan kompozisiyalari ishlatiladi. Nishon kompozisiyasi koinot jismlari va islomning asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirsa, Qalqon kompozisiyasi ko‘chmanchi xalqlar gilamchiligining moxiyatini ochib bergan. Bu turdagi kompozisiyani ko‘pchilik mualliflar izchil islom madaniyatiga xosligini aytib o‘tishgan bo‘lsa, ba’zi tadqiqotchilar “Chor shoxu yak moh” kompozisiyasi buddaviylik dini tamoyillariga ham xos, deb hisoblaydi. Uning Nurota kashtachiligida ko‘p uchrashi, mahalliy axolining urf-odatlari, madaniy extiyoji ta’siri natijasidir. Kashtalarning vujudga kelishida, islomiy naqsh unsurlari muhim o‘rin egallaydi. Islomiy naqshlarning nafaqat kashtachilikda, balki amaliy bezak san’tining boshqa turlarida keng tarqalishi ham islom mafkurasi bilan uzviy bog‘liqdir. Mazkur turdagi naqshlar ma’nosiga ko‘ra, jannat bog‘ining ramzi ekanligi ham ma’lum. 19-asr Nurota kashtalari matoning oq fonini zich egallamagan guldastalari bilan bezatilar edi. Ammo, ular bezatilishi va tikilgan gullarining motivi jihatidan O‘zbekiston kashtalari orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Ko‘pincha o‘simlik gullari xush suratlari bilan jonlantirilgan, gohida ko‘zga tashlanmas joylarga haddan tashqari stillashtirilgai hayvon va kishilarning suratlari tikilgan. Bu jozibador, nafis kashtalar “bosma” chokda tikilgan. “Hoshiya”lar (jiyaklar) esa yo‘rma chokda tikilgan. Nurota markazida sakkiz qirrali yulduz va markaziy gul davrasi, burchaklarida to‘rtta katta guldastasi bo‘lgan yopiq kompozisiya keng tarqalgan. Bu tipdagi kompozisiyali kashtaga tuzilish jihatidan nihoyatda aniq va qismlarining munosibligi bilan ajralib turadigan Sharq xalqlari Davlat muzeyidagi so‘zanalarni ko‘rsatish mumkin.Yillar davomida kashtachilik ham evolyusion jarayonni bosib o‘tdi. San’atshunoslar A.Hakimov, Z.Nosirovalar bu haqda” O‘zbekiston kashtachiligida yangi tamoyillar” maqolasida ,(“San’at” jurnali 2012 yil 2-son) Gularo Abdullayeva ”Nurota kashtachiligi”,(Moziydan sado”jurnali” 2015)ilmiy izlanishida to‘xtalib o‘tadi.Nurota tumanida 2018 yil ”Nurli navolar” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston, Tojikiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan 20 dan ortiq folklor san’ati fidoyilari, taniqli olimlar ishtirok etdi. Xalqaro festivalning Nurotada, ma’naviyat sarchashmasi sifatida butun dunyo e’tiborini tortib kelayotgan “ Chashma“ tarixiy-majmuasida o‘tkazilishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Festivalda hunarmandchilikning e’tiborga loyiq amaliy san’at namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bunda kashtachilik namunalari ham aloxida o‘rin egalladi. Tadqiqot davomida Nurota an’anaviy va zamonaviy kashtachiligining rivojlanishi holati va muammosini o‘rganish quyidagi natijalarni ko‘rsatdi. − Mustaqillik yillarida an’anaviy badiiy hunarmandchilikning, kashtachilikning muhim iqtisodiy asosi –xususiy tadbirkorlik uchun asos yaratildi. − Kashtachilik markazlari, chizmakash va chevarlari, ularning uslubiy va badiiy an’analari aniqlandi. − Xalq kashtachiligida yorqin badiiy xususiyati (naqsh, kolorit, kompozision yechimi) bilan ajralib turgan Nurota kashtachiligi davom etmoqda. Keyingi paytda mashina yordamida tikilgan so‘zanalarda tabiiylik sezilmaydi, demak bu mashaqqatli izlanish faqatgina qo‘l mehnatiga xosdir. Ayni vaqtda ham Nurota kashtachiligi xalqimizning mohir chevarlari tomonidan mahorat bilan rivojlantirilmoqda. Ular yangi avlod san’atshunos tadqiqotchilar tomonidan albatta o‘rganiladi.
Hayot Gʻafforov,
Kamoliddin Bekzod nomidagi
milliy rassomlik va dizayn instituti,
san’atshunoslik yo‘nalishi 4-bosqich tolibi