“FAN VA ILM TO‘G‘RISIDA BIZ HANUZ KOMIL EMAS”
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Risolayi jo‘g‘rofiya Rusiy” (Rossiya geografiyasi, 1904), “Risolayi jo‘g‘rofiya umroniy” (Aholi geografiyasiga kirish, 1905), ”Muntahabi jo‘g‘rofiyayi umumiy” (Qisqacha umumiy geografiya, 1906) kabi asarlarida o‘zining geografik qarashlarini bayon etgan.
Jumladan, “Muntahabi jo‘g‘rofiyayi umumiy” asarining kirish qismida turkcha, arabiy, forscha va rus tillaridagi lug‘atlardan gazeta, jurnal, atlas, xarita, globus va yer shari haqidagi ma’lumotlar hamda raqamli hisobotlardan foydalanilganligini qayd etadi. Unda “Otiyaga (quyida) bayon bo‘lgan fan va ilm to‘g‘risida biz hanuz komil emas, navqadammiz”, deydi. Shuningdek “…yana jo‘g‘rofiyayi olam va ahvoli zamon bu olami ro‘zg‘orni inqilobi va ulushi asriya fununa zamoniyani taraqqiysi ila har on tag‘yor topadur”, deb kamtarlik bilan, xokisorona geografik olam to‘g‘risidagi tushuncha va uning tamoyillari o‘zgarib borishini kitobxonga yetkazib beradi.
“Muntahabi jo‘g‘rofiyayi umumiy” asarida “Geografiya” atamasiga izoh berib: “Jo‘g‘rofiya degan so‘zning ma’nosi, yunon lug‘ati arabiyacha ta’rifi arz ma’nosiga, ya’ni yer va tufroqni bayon qiladurgon ilmni aytadur”, deydi. Behbudiy ta’rifiga ko‘ra, geografiya yer shari va uning tuzilishi (ya’ni, tuprog‘i) nimadan iborat ekanligini o‘rganuvchi fandir. Bugungi kunda “Geografiya” so‘zi (grekcha “geo” – yer va “grafo” – yozaman, tasvirlab yozaman) birlik sonda ishlatilganligidan bu so‘z birgina fanning nomini anglatar ekan, deb tushunish mumkin. Haqiqatda esa bu so‘z tabiiy va ijtimoiy fanlarning ma’lum guruhini bildiradi. Bundan tabiiy fanlar yer shari yuzasidagi tabiiy hodisalarni o‘rgansa, ijtimoiy fanlar turli mamlakatlarda kishilik jamiyatining xo‘jalik faoliyati xususiyatlarini o‘rganadi.
Behbudiy: “Jo‘g‘rofiya ilmini nega nav’ holda va bayonlari bo‘ladur. Anga qarab ushbu ilmg‘a teyishli bayon va fanlar bir necha ism ila ataladur”, deydi. Jumladan, yer shakli(gavda, hajm)-
dan osmon ila yer orasidagi xosiyati va osmondagi nimarsalar ila inobatni va harakatidan bayon qiladurg‘on ilmni “Jo‘g‘rofiyai riyoziy” yerning xosiyati, tufroq past va balandligi, har xil giyoh va konlari, tog‘, daryo, ko‘l, mijoz va havosidan qilaturg‘on ilmni “Jo‘g‘rofiyayi tabiiy”, ataladur. Yer yuzidagi katta hodisalar ila urug‘, hukumatdorlik, xulosa va boshqa ilmni ushbu ilmg‘a
bayon qilib, jo‘g‘rofiya kalimasini oxiriga qo‘shilishig‘a taa’luq ilm va fanni oti qo‘shiladur”, deydi va “Jo‘g‘rofiyayi
tarixiy”, “Jo‘g‘rofiyayi siyosiy”, “Jo‘g‘rofiyayi umroniy” va boshqalarni misol keltiradi.
Umuman, jo‘g‘rofiya qachon paydo bo‘lgan? Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z asarlarida jo‘g‘rofiya fanining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga doir bir qancha ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Jumladan, uning yozishicha: “Tarix va jo‘g‘rofiya kitoblarida yozilibdurki, jo‘g‘rofiya ilmi ilk marotaba Misr mamlakatiga Hazrat Musodan ilgari fir’avnlar zamonida boshlanib, yer, tufroq, dengizlar borasig‘a bayonotlar yozilib xarita – kartag‘a o‘xshash “planlar” ixtiro bo‘linganligi ma’lum bo‘ladur. Chin mamlakatiga ham ushbu ilm siroyat qilib Yu degan podsho Xitoy mamlakati xaritalarini chiniy kosalar ustiga naqsh qildiribdur. So‘ngra ushbu ilm yunon xalqig‘a sifat qilib, ala zaminig‘a rivoj topibdur”.
Behbudiy Arastu, Strabon, Ptolomey kabi olimlar ishlarini tahlil qilib, ularning geografik qarashlarini o‘rganib chiqadi. Jumladan, u: “Iskandari Kabir miloddan 350 sana ilgari tiriklik qilar edi. Ani ustodi Arastu hokim bu ochilgan maktablar to‘g‘risig‘a bayonnoma-yu kitoblar yozib, jo‘g‘rofiya ilmiga rivoj berdi. Ushbu hokim miloddan 384 sana ilgari tavallud bo‘lib edi. So‘ngra Istrabo‘n (Strabon – qadimgi yunon geografi va tarixchisi, 17 kitobdan iborat “Geografiya” asarining muallifi), Batlimus (Ptolomey – qadimgi yunon munajjimi) degan yunoniy olimlar jo‘g‘rofiya va hay’at ilmlari to‘g‘risida yaxshi kitoblar tasnif qilib, bu ilmlarga ko‘p rivoj berubdirlar. Osmon to‘qqizdur va yer atrofig‘a aylanadur, degan kishi ushbular va nizomi mahdud egasidur”, deb yozadi.
U “Muntahabi jo‘g‘rofiyayi umumiy” asarida buyuk geografik kashfiyotlar davrini ta’riflagan. Jumladan, “Avvalgi zamonlarga oti eshitilmagan Amriqa (Amerika), Puliniziya (Polineziya), Orazi Qutbiy (Yerning qutblari) va minglar ila jaziralarni topib, hozirgi barcha mamlakat va jazira (orol) va dengizlarni masofati (o‘lchovi) ila hammag‘a bilinmag‘i bois bo‘ldilar. Dunyo ilmi birdan rivoj topdi. 898-sanayi hijriyag‘a farangi toifasidan Xristofor Kolumb degan ilmi riyoziyga dono va dengiz safariga mohir borub, Amriqa yerlarini topdi. O‘nlanchi asr hijriyag‘a Rusiya odamlaridan Yermak degan kishi hozirgi Sibir mamlakatini kashf qilib, Rusiya hukumatiga qo‘shdi. 1741-sanayi melodiyag‘a Bering, Cherikof degan kemachi kaputanlar Shimoliy Amerikaga borub, Sanika degan jazirani topib, Yangi Arxangil degan shaharni bino qilib, Bering bo‘g‘ozini topdilar. Xulosa, uch-to‘rt asrdan beri yildan-yilga ilgari bilinmagan va eshitilmagan jazira mamlakat va qutblar tarafidagi yerlarni ahvoli farangiy – Ovrupo ulamoyi jo‘g‘rofiyyun va sayyohlarning g‘ayrati ila olam yoyinki ilm ahliga bilindi”, deb Amerika va unga tutash hududlar kashf qilinganligini aytadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z asarlarida o‘sha davrda Yevropa mamlakatlarida geografiya jamiyatlari tuzilganligi, uning a’zolari va geografiyaning paydo bo‘lishi, rivojlanish bosqichlarini bayon qiladi. Bundan tashqari, butun dunyoda “Geografiya jamiyati” tashkiloti tuzilganligi, uning a’zolari soni nihoyatda ko‘p ekanligini, har bir jamiyat a’zolari geografik yangiliklarni yetkazib turishini izohlaydi.
Alloma “Jo‘g‘rofiya o‘qimoqni naf’i” asarida geografiya fanini o‘qimoqning foydasini ta’kidlab, geografiya va uning ilmlarini ko‘p va xo‘p ulug‘laydi. Xulosa qilib aytganda, o‘tgan asr boshida mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish ishlarining boshida turgan ulug’ jadid bobolarimiz qatori Mahmudxo‘ja Behbudiy ham farzandlarimizning ilm-fan bilan yaqindan tanish bo‘lishlarini istagan. Jumladan, geografiya fani yoshlarning dunyoqarashi oshishiga kuchli ta’sir qilishini bilgan va uni o‘qitishni targ’ib qilgan. Maktab ta’limi isloh qilinayotgan bugungi kunlarda ham Behbudiy hazratlarining fikrlari ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, o’tgan asr boshida mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish ishlarining boshida turgan ulug‘ jadid bobolarimiz qatori Mahmudxo’ja Behbudiy ham farzandlarimizning ilm-fan bilan yaqindan tanish bo’lishlarini istagan. Jumladan, geografiya fani yoshlarning dunyoqarashi oshishiga kuchli ta’sir qilishini bilgan va uni o’qitishni targ‘ib qilgan.
Jo‘rabek NAMOZOV,
CHDPU Geografiya kafedrasi dotsenti