FARMON, VAZIFALAR VA IJRO

2016-yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unda o‘zbek tili va adabiyoti, ularning ta’limi, badiiy tarjima bo‘yicha kadrlar tayyorlash, o‘zbek tili va adabiyoti bilan bog‘liq yetilgan ilmiy muammolarni hal etish bo‘yicha qator vazifalar qo‘yildi. Bu vazifalarning bajarilishi haqiqatan ham mavjud holat asosida ilmiy muammolarni aniqlash, ularni yechishning metodologik va metodik asoslarini ishlab chiqish, buning doirasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va o‘zlashtirishning qulay, samarador, istiqbolli KONSEPTUAL TIZIMINI yaratishni taqozo qilar edi. Zotan, bu masalada har bir professor-o‘qituvchi ilmiy pedagogik faoliyatining o‘q tomirini tashkil etadigan va uni qamrab oladigan yaxlit konsepsiya yaratilishi hamda uni amalga oshirish mexanizmining ishlab chiqilishigina muammo yechimiga olib kelishi mumkin edi.
Muhim vazifa Prezident Farmonida universitet zimmasiga 7 ta asosiy vazifa yuklandi. Birinchi vazifa sifatida “O‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash” masalasi qo‘yildi:
Bunda ikkita masalaga urg‘u berildi:
1) ilmiy kadrlar tayyorlash;
2) pedagog kadrlar tayyorlash.
Tayyorlanayotgan kadrlar, demak, quyidagi talablarga javob bermog‘i lozim edi:
1) o‘zbek tili va adabiyotini chuqur bilish;
2) o‘zbek tili va adabiyotining ilmiy-nazariy asoslarini o‘zlashtirganlik;
3) o‘zbek tili va adabiyotining falsafiy-estetik asoslarini bilish;
4) zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirganlik.
Bu esa, o‘z-o‘zidan, tayyorlanayotgan kadrlar yuksak malakaga ega bo‘lishining sharti edi. Kadrlar tayyorlash tizimi ta’lim maqsadi, ta’lim mazmuni va ta’lim usulining tubdan yangilanishini taqozo etardi.
Farmon ijrosi asosida bu vazifalar bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Universitet nisbatan qisqa davr ichida tetapoya bo‘lishdan boshlab jahonning ilg‘or universitetlari sirasidan ayrim jihatlari bilan munosib o‘rinlarni egallashigacha katta odimlar tashladi. Ta’lim, fan va ishlab chiqarish yaxlitligi tizimida jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Aslida bu vazifalarning qo‘yilishini belgilaydigan bir necha omil mavjud edi. Quyida ushbu omillar, ularning sabab va natijalari, hali bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar xususida to‘xtalamiz.
Muammo nimada edi?
Mamlakatimiz bo‘yicha filolog ilmiy kadrlar ham, til va adabiyot o‘qituvchilari ham eng obro‘siz kasb egalari bo‘lib keldi. Bu – achchiq haqiqat. Buning sababi filologiyada olib borilayotgan aksar tadqiqotlar ham, ona tili va adabiyot ta’limi ham jamiyat ehtiyojlari talablariga javob bermasligidir.
Ma’lumki, sobiq sho‘ro tuzumining oxirgi davrida (taxminan 25–30 yil davomida) filologiya bo‘yicha ilmiy ishlar tadqiqotchilarning tashabbuslari bilan, asosan, ilmiy daraja olish maqsadida olib borilar, fan xarajatlari aslida aniq va tabiiy fanlarga ajratilgan mablag‘lar asosida qoplanar, maqsadli talab va taklif munosabatiga e’tibor qaratmaydigan “sotsialistik filologiya” fani pirovardida to‘la-to‘kis inqirozga yuz tutgan edi. Aniqrog‘i, ijtimoiylashmagan maqsad va foydasiz vazifalar asosida ish ko‘rayotgan, natijalarini iste’molchilar so‘ramayotgan jonsiz va tatbiqsiz tusdagi filologiya fani to‘liq boqimanda sohaga aylanib qolgandi. Shuning uchun ham himoyaga olib kelinayotgan dissertatsiyalarga OAK tomonidan bildirilayotgan asosiy va haqli e’tiroz – ular natijalarining amaliyotga tatbiq etilmaganligi (aslida tatbiq etib bo‘lmasligi) edi. Demak, yo tadqiqotlardan butkul voz kechish, yo davr talablariga mos izlanishlar olib borish zarurligi ayon bo‘lib qolgandi. Ma’lumki, asl tadqiqotlar yo o‘rganish obyektini takomillashtirishga, yoki undan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Demak, tilshunoslik o‘rganish obyekti bo‘lgan tilni takomillashtirish yoki undan foydalanish samaradorligini oshirish, adabiyotshunoslik adabiyotni takomillashtirish yoki undan foydalanish samaradorligini oshirishga muayyan darajada ko‘maklashishi lozim. Tilshunoslikda ham, adabiyotshunoslikda ham o‘rganish manbayining tadqiqot uchun tanlab olingan bir qirrasi, ya’ni o‘rganish predmetini shunchaki tavsiflash (tadqiqotning eng oson yo‘li) yo‘lidan borilib, aslida tadqiq obyektini takomillashtirish/undan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berilmas edi (albatta, tarjima nazariyasi, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik kabi sohalardagi bir qator ishlar bundan mustasno. Lekin ularda ham bayon etilgan fikrlar ko‘p hollarda nazariyaligicha qolib ketar, amaliy tavsiyalar mazmunidagi ommabop risolalar ko‘rinishini olmas edi).
Zarurat Filolog ilmiy xodimlar va til-adabiyot o‘qituvchilarini tayyorlash borasida asosiy muammo yo‘nalishlar va ixtisosliklar klassifikatoridan kelib chiqqan holda ta’lim mazmunini yangilashda namoyon bo‘ladi. Zotan, albatta, universitetdagi o‘quv fanlarini muvofiqlashtirish, ularning ta’limiy maqsadi, mazmuni va usullarini davr talablariga mos ravishda tashkil etish, yo‘nalishlararo uyg‘unlik, mutanosiblikni ta’minlash, shu bilan birga, o‘ziga xos xususiyat va maqsadlarini oydinlashtirgan holda bozor talablariga mos kompetentli kadrlarni tayyorlash ishlarini tashkil etish mas’uliyati mavjud. Bunda, shubhasiz, ta’limga asos bo‘luvchi fan yo‘nalishlari, ularning taraqqiyot darajasi va natijalarini mukammal anglash, jahon tajribasini chuqur o‘rganish, shuningdek, respublikamizda ishlab chiqilgan klassifikator asosida yo‘nalish va mutaxassisliklarning xususiyatlarini chuqur bilish, o‘quv rejalaridagi fanlar tizimini va o‘quv dasturlarining mazmunini ushbu yo‘nalish va mutaxassisliklar bitiruvchilariga qo‘yilayotgan talablar asosida professional darajada ishlab chiqish talab etiladi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida filologiya ilmi va ta’limi ularning tegishli mamlakatlardagi holatiga muvofiq ravishda o‘zaro uyg‘un rivojlanmoqda. Avvalo, shunga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladiki, filologiya fan sohasi sifatida til va adabiyot bilan bog‘liq nazariy, ta’limiy va amaliy masalalar bilan shug‘ullanadi. Shunga muvofiq, filologiya sohasining bir necha turi mavjud, har bir filologik ta’lim turi ijtimoiy hayotdagi tegishli muammolar bilan bog‘liq o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega. Oliy ta’limdagi tegishli bakalavriat yo‘nalishlaridagi farqlanishlar ham shunga qaratiladi.
Amalning maqsadga muvofiqligi Nazariy filologiya (filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlari) bo‘yicha tayyorlanayotgan mutaxassislar kompetensiyasi tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha fundamental bilimlarni egallash asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish, mavjud nazariy filologik konsepsiyalar va alohida lisoniy, adabiy hodisa va jarayonlarni, turli shakldagi matnlarni turli nazariy hukm va xulosalar chiqarish uchun tahlil va talqin qilish, umumlashtirish, tegishli ilmiy ma’lumotlarni to‘plash, olib borayotgan tadqiqot bo‘yicha annotatsiya, referat tayyorlash, bibliografiya tuzish, mavzu va soha bo‘yicha ilmiy munozara, himoya va muhokamalarda ishtirok etish, axborot va ma’ruzalar bilan chiqish qilish,
ilmiy xulosalarni og‘zaki, yozma va virtual tartibda (axborot tarmoqlariga) taqdim etish kabilarni o‘z ichiga olib, bu vazifalar mamlakatimiz filologiya sohasining bosh nazariy yo‘nalishi doirasida birlashadi hamda tayyorlanayotgan mutaxassislar faoliyati, asosan (!), amaliy tatbiq bosqichigacha bo‘lgan faoliyat hisoblanadi. Bu yo‘nalishlar va mutaxassislar klassifikatorining gumanitar fanlar sohasiga mansub. Shu bois ushbu yo‘nalishda hozirgi o‘zbek tili qurilishining nazariy asoslari, til strukturasi bo‘yicha bilim berishga mo‘ljallangan o‘quv predmetlari o‘qitiladi.
Ta’limiy (pedagogik) filologiya (til va adabiyot yo‘nalishlari) bo‘yicha tayyorlanayotgan mutaxassislar zimmasida hozirgi o‘zbek tilining adabiy me’yorlarini chuqur o‘rganib, ta’limning quyi (umumta’lim, o‘rta maxsus ta’lim) bosqichlarida o‘quvchilarga ona tilining adabiy me’yorlarini singdirish, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga tayanib, umumta’lim va kasbiy ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot predmeti bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va sinfdan tashqari ishlarni bajarish, tegishli metodika asosida ona tili va adabiyot bo‘yicha mashg‘ulotlar va sinfdan tashqari ishlar uchun o‘quv-metodik materiallar tayyorlash, adabiy til me’yorlarini ommalashtirish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanish yotadi. Bu esa ushbu yo‘nalishda hozirgi o‘zbek tilining adabiy me’yorlari bo‘yicha bilim berishga mo‘ljallangan o‘quv predmetlari ta’limi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Shuningdek, bugungi kunda rivojlangan davlatlarda filologik faoliyatning uchinchi bir sohasi – amaliy filologik faoliyat turi ham shakllanib ulgurdi va jadal rivojlanmoqda. Ilg‘or mamlakatlarda amaliy filologik faoliyat turi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda, ko‘plab amaliy lingvistik tadqiqotlar bajarilmoqda. Universitetimizda faoliyatini boshlagan o‘zbek-ingliz tarjima, matnshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishini shunday amaliy yo‘sindagi soha deyish mumkin. Nazarimizda, respublikamiz iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalaridagi yuksalish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tez rivojlanayotganligi bizda ham amaliy filologik ta’lim va faoliyatni har tomonlama rivojlantirishni o‘ta dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yadi. Bu yo‘nalishda o‘zbek tili ta’limi amaliy o‘zbek tili maqomida, o‘quv predmetlarining mohiyati va maqsadi ham shunga monand bo‘lmog‘i lozim. Masalan, mazkur yo‘nalishlarda bir xil nomdagi “Tilshunoslikka kirish”, “Adabiyotshunoslikka kirish”, “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Jahon adabiyoti”, “Dialektologiya”, “O‘zbek tili tarixi”, “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv predmetlari bo‘yicha ta’lim mazmuni va maqsadini aniq belgilab olishni taqozo etadi. Holbuki, bu masala, farmon e’lon
qilinganiga bir necha yil o‘tganiga qaramay oydinlashtirilmayapti. Bu o‘quv predmetlarining mazmuni va maqsadi bo‘yicha muammoni kun tartibiga qo‘yish, sohaning yetuk mutaxassislarini bunga jalb etish va ularning o‘rinli takliflariga quloq tutish, xorijiy tajribalarni o‘rganish zarurati dolzarbligicha qolayotir. Holbuki, yuqorida sanalgan va boshqa o‘quv predmetlarida yo‘nalishning maqsadi va mohiyatidan kelib chiqqan holda ularning mazmun-maqsadi aniq belgilab olinishi kechikayotgan vazifalardan. Nazarimizda, nazariy filologiyadagi o‘quv predmetlari o‘rganish obyektining tadqiqi muammolariga yo‘naltirilgan mazmun kasb etishi va nazariy tadqiq metodikasiga urg‘u berilishi lozim. Shuningdek, til va adabiyot ta’limi yo‘nalishlarida fan ta’limiy muammo va vazifalar rakursida tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
“Hozirgi o‘zbek tili” va “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”
Mazkur yo‘nalishlardagi hozirgi o‘zbek tili bo‘yicha o‘quv predmetlari(filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) yo‘nalishida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” va til-adabiyot ta’limi yo‘nalishida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”)ni aynanlashtirishda o‘tgan asrning 80-yillarida yaratilgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsliklaridagi “adabiy” so‘zi asos bo‘lib keldi. Farmonda esa unga yechim berish zaruratiga ishora bor. Zotan, yuksak malakali kadrlar tayyorlash tizimidagi boshqa-boshqa maqsadlarni zimmasiga olgan akademik yo‘nalishlarda turdosh o‘quv predmetlari mazmunining ixtisoslashmay qolayotganligi – katta muammo.
Albatta, har bir davrning o‘z talablari, fan va ta’lim zimmasiga yuklayotgan ijtimoiy buyurtmasi bo‘lishini nazardan soqit qilmasligimiz kerak. Zikr etilgan darslikning birinchisi yaratilganligiga 37, ikkinchisining ilk nashri yaratilganligiga 50 yilcha bo‘ldi. Qariyb yarim asrdan ortiq vaqt davomida esa o‘zbek tilshunosligi fani yuksalganligini, fanimiz tilni tadqiq qilish borasida chuqurlashganligini va, shunga muvofiq ravishda, uning ta’limida ham yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha ixtisoslashuv borasida davr talablariga mos ravishda harakatlar bo‘layotganini ortiqcha sharhlashga hojat yo‘q. Ammo hammuallifligimizda 2010-yilda yaratilgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligining nomi va mazmunini sharhlashga va oydinlashtirishga to‘g‘ri keladi. Unga mas’ul muharrirlik qilgan filologiya fanlari doktori, professor Hamid Ne’matovning darslikka yozgan so‘zboshisida aytilganidek, o‘quv fanining nomi (“Hozirgi o‘zbek adabiy tili”) XX asrning ikkinchi yarmida yetakchilik qilgan o‘zbek formal tilshunosligi ta’sirida shakllangan va an’ana sifatida o‘quv rejasidan o‘quv rejasiga ko‘chib kelmoqda. Shuning uchun fanimizda mavjud bo‘lgan ikki
ilmiy yo‘nalish – formal va substansial tahlil haqida qisqa ma’lumot berish zarur.
Tilshunoslikda XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida formal yo‘nalish ijtimoiy ehtiyoj natijasida shakllangan va o‘z oldiga, asosan:
– ommaviy savodxonlikni ta’minlash;
– zamonaviy adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish;
– adabiy til me’yorlarini ommalashtirish kabi o‘z davri uchun o‘ta zarur masalalar yechimini maqsad qilib qo‘ygan, tilshunoslik nazariyasi ham, ona tili ta’limi ham mana shunga xizmat qilar edi. Jamiyat oldida ommaviy savodxonlikni ta’minlash, shevalararo farqlarni bartaraf qilish, adabiy tilni ommalashtirish, til va xalqning tarixiy yozma yodgorliklarini nashr etish va yoyish, ta’limni zamonaviy usullarda yo‘lga qo‘yish kabi amaliy vazifalar turgan paytda eng samarali va eng qulay lingvistik tavsif va ta’lim yo‘li mana shu formal usul edi. Shuning uchun jahonning barcha ilg‘or davlatlari tilshunosligida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu ilmiy yo‘nalish keng ommalashdi. O‘zbek tilshunosligida bunday yo‘nalishning tamal toshlarini Abdurauf Fitrat, Elbek, Qayum Ramazon kabilar qo‘ygan bo‘lsalar-da, uning keng va izchil ommalashishi professor Ayub G‘ulomov nomi va faoliyati bilan bog‘liq.
XX asrning boshi va o‘rtalarida o‘zbek madaniyati va fani uchun juda zarur bo‘lgan formal tilshunoslik ta’siri ostida oliy o‘quv yurtlarining filologik yo‘nalishlarida asosiy maqsad o‘zbek adabiy tili me’yorlarini ommalashtirish bo‘lganligi sababli o‘quv fani ham shunday nomlangan. Biroq bugungi kunda davr, maqsad va vazifalar tamoman o‘zgargan, tilshunoslik zamon talabi bilan uzviy bog‘liqlikda
yangi tahlil usullariga o‘tib ketgan bo‘lsa ham, o‘quv fanining nomlanishi darsliklarda saqlanib qolmoqda.
Darslik o‘zbek formal tilshunosligi yutuqlariga tayanib, funksional-struktural (Praga strukturalizmi) tahlil usullarini ongli, izchil, dialektik tamoyillar bilan to‘ldirib, tilga tafakkurni shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi, nutqiy muloqotda son-sanoqsiz shakl va ko‘rinishlarda voqelanadigan, har bir voqelanish ko‘rinishi o‘ziga xos maqsad va vazifaga ega bo‘lgan imkoniyatlar xazinasi sifatida yondashadigan o‘zbek substansial tilshunosligi talqinlarini o‘z ichiga oladi. Davr bugun yosh avlodning mustaqil fikrlash va ijodiy tafakkur ko‘nikmalariga ega bo‘lishini talab qiladi. Bunday ko‘nikma va malakalarni shakllantirishning asosiy vositalaridan biri esa tarbiyalanuvchilarga o‘zbek tili imkoniyatlari xazinasini ochish, undan ijodiy va unumli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishdir. Bu ehtiyoj hozirgi kunda o‘zbek tilshunosligida shakllangan va tilimizning asosiy sathlari birliklarining nisbatan yaxlit tavsifini bergan ilmiy yo‘nalish – substantsial tahlil usullari bilan qondirilishi mumkin. Shuning uchun davr va oliy ta’lim DTSlari talablariga mos mazkur dastur asosida tuzilgan nazariy filologik ta’limda asosiy e’tibor (talabalarga adabiy til me’yorlarining nazariy asoslarini singdirish vazifasini o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga qoldirib) lisoniy imkoniyatlar xazinasini tadqiq qilish va uni boyitish, bu imkoniyatning nutq turli ko‘rinishlariga xoslanish muammolari va yechimlarini o‘rgatish mazmunida bo‘lmog‘i lozim. Mohiyatan, “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” tushunchasi va atamasi hozirgi o‘zbek tilining ma’noda nutqiy ko‘rinishlaridan biri, ya’ni adabiy nutqning nomi.
XX asrning keyingi choragida o‘zbek tili tadqiqida lison va nutqni izchil farqlash, o‘zbek tilini boshqa tillar andozalaridan xoli ravishda o‘rganish borasida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. O‘zbek tili strukturasi chuqur va izchil tadqiq etildi. Ko‘plab dissertatsiya himoya qilindi. Fan yutuqlarini ta’lim va ishlab chiqarishga tatbiq qilish nuqtayi nazaridan pedagogik va filologik yo‘nalishlar maqsad va vazifalarining aniq chegaralanishi uchun lingvistik baza, ta’minot vujudga keldi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ta’lim bosqichlarida o‘qitiladigan fanlarning nomi va mazmunida uzviylik hamda uzluksizlikni ta’minlagan holda takroriyliklardan voz kechish talabi qo‘yilishi nazariy filologiya (ya’ni o‘zbek filologiyasi) bakalavriat yo‘nalishida mazmunan til strukturasi (adabiy til me’yorlari emas) ta’limiga mo‘ljallangan, nomi mazmuniga muvofiq bo‘lmagan va o‘zgartirishga chayir an’anaviy tafakkurimiz yo‘l qo‘ymayotgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv predmeti atamasini “Hozirgi o‘zbek tili” shaklida berish imkoni vujudga keldi. Bu holat Til va adabiyot (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori) ilmiy-tadqiqot institutida uzoq yillar mavjud bo‘lgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” sho‘basi(sektori)ning XX asrning keyingi choragida “Hozirgi o‘zbek tili” bo‘limiga aylantirilganligi bilan ham to‘la ma’noda hamohang.
Baxtiyor MЕNGLIYЕV,
filologiya fanlari doktori,
professor
G‘ofir HAMROYЕV,
pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori