Gulchapchapning shahardagi sarguzashtlari
“Ooo, shahar. Baland-baland binolar.
Sershovqin ko‘chalar.
Hissiz odamlar. Shaharda yashash qiyin. Qishloqda non-suvga ham qorin to‘yadi. Bu yerda esa qorin bir tashvish, kun o‘tishi bir tashvish. Eh, shu o‘qishni deb rosa qiynaldim. Yurgandim qishloqda sut-qatiq ichib. Bir amallab o‘qishga kirdim. O‘lgur shaharda tanish-bilishing bo‘lmasa ham qiyin-da. Aslida puling bo‘lsa tanish ham, do‘st ham topilarkan.
Dehqonning qizida pul nima qilsin?! Kvartiraga pul yo‘q-ku! Miyamga kelgan fikrdan ko‘zlarim porlab ketdi. Axir, yurtimizda talabalarni turarjoy bilan ta’minlash uchun har bir oliy ta’lim muasassasi qoshida talabalar turarjoylari tashkil etilgan-ku. Dekanimiz yaxshi odamga o‘xshaydi. Ariza yozaman-da, ertagayoq ko‘chib o‘taman”. Ochlikdan qurillagan qorin ovozidan xayolini yig‘ib olgan Gulchapchap soatiga qaradi: 18:35. Shoshilishi kerak. 19:00 dan kechga qolsa uy bekasidan gap eshitadi. Sharoiti bir ahvol kvartiraga otning kallasiday pul to‘lab yashayotgan bo‘lsa... Kamiga uy egasining dashnomlari hech tugamaydi. Yegan nonidan tortib, ishlatgan suvigacha hisob-kitob qiladi. Shunday paytlari ota-onasining qadriga har safargidan ko‘proq yetadi. Ovqat tanlab o‘tirgan kezlari na otasining, na onasining mehnatlari ko‘ziga ko‘rinardi. “Shu ham ovqatmi, aya, menga yoqmaydi, yemayman”, derdi onayizorini jerkib. Kamiga Rossiyada qora ishchi bo‘lib ishlaydigan otasiga onasidan nolish ham qilardi: “Dada, ayam bizga go‘shtsiz ovqat qilib berdi. Makaron yegim kelmayapti. Ayting, muzqaymoq yegani olib borsin. Keyin, o‘rtog‘im Shappi yangi ko‘ylak olibdi. Menga ham shundan”. “Patent vaqtim ham kelib qoldi. Kechki “smen”ga ham yozdirsam ko‘proq topardim” – xayolida yurgan otaga ko‘ylak tashvishi ham qo‘shiladi. Bechora uch yildan beri uy betini ko‘rmaydi. Topgani shu Gulchapchap va uning ukasiniki. Qora kunga atalgan 3-4 bosh ho‘kizlarni aytmasa, orttirgan boyligi repetitor o‘qituvchi olishni buyurgan kitoblar.
Qish kunlarining birida, aniqroq aytganda, Yangi yil bayramida archasi yo‘qligi uchun dadasi bechora sovuq bo‘lishiga qaramasdan dalada o‘sib yotgan archani kesib kelib, tuvakka o‘tqazib qo‘yganini esladi. Aynan shu kuni anchadan beri go‘sht ko‘rmagan qozonda sergo‘sht manti pishardi. Pechkada gurillab o‘tin yonar, ustida manti pishardi. Uyning o‘rtasida qad rostlagan dala archasining va mazali taomning hidiga mast bo‘lgancha ukasi ikkalasi aylanib o‘ynashardi. Shunda ham otasi va onasi farzandlarini ko‘zi to‘q va or-nomusli qilib o‘stirishgan edi. Shaharda qiynalsa-da, qiz tushmagur birovga bo‘yin egmadi. Shularni o‘ylab uyga kelganini ham bilmay qoldi. Kirishi bilan chala-chulpa ovqatlandi-yu, darslarni tayyorlagan kishi bo‘ldi. Uxlash uchun yotishi bilan mushuklarning miyovlashi universitet darslarini eslatib yubordi: qolipdagi fikrlash bilan bir g‘oyani turli shevada aytayotgan talabalar beixtiyor mushuklar galasidek ko‘z oldida gavdalandi. Har tarafda baqir-chaqir. Aqalli bitta jo‘yali fikr yo‘q.
Tong. Yangi kun. Yangi umid. Ertalabdan “zamdekan” xonasi oldida qo‘lidagi ariza bilan Gulchapchap turardi. Xonaga kirib, sharoitini tushuntira boshladi. Otasining qora ishchiligi-yu, onasining ishsizligi, oilasida yana voyaga yetmagan ukasi borligi “zamdekan” uchun sevimli serialining o‘rtasida qo‘shib qo‘yilgan reklamaday zerikarli. Afsuski, aytilgan gaplarning hech biri pashsha chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi: “Yo‘q, vaqt o‘tib ketdi. Keyingi yil avvalroq harakat qiling. Yotoqxona to‘lib bo‘ldi” degan javobni oldi.
Shu payti dekanning xonasi uning ko‘ziga “najot xonasi”dek ko‘rindi. Ming hayajon bilan eshikni taqillatdi. Ruxsat berilgach, kirdi. Auditoriyaga kirib o‘zini tanishtirgan va har qanday masalada bemalol murojaat qilish mumkinligiga talabalarni ishontirgan muloyim, mehribon ustozning negadir avzoyi buzuq. Muammosini aytib kelgan bechora qiz: “Siz aytayotgan masala bilan “zamdekan” shug‘ullanadi” degan sovuqqina javobni oldi. Kamiga ertasi kuni guruh sardoridan “Dekanning oldiga shaxsiy masalalaringiz bilan kirmang. U kishining sizning mayda-chuyda tashvishingizsiz ham ishlari ko‘p ekan” degan gapni eshitdi. Hafsalasi pir bo‘lgan talaba qiz ketayotib o‘zidan yuqori kursda o‘qiydigan hamqishlog‘ini ko‘rib qoldi. Vaziyatni tushuntirgach, “opitniy” talaba yechimi osonligini, 5-4 so‘m bilan xona olish mumkinligini aytdi. Shu taklif bilan yana dekanatga bordi. Bu paytda dekan va “zamdekan” bir xonada o‘tirishardi. Kirib ularga 5-4 so‘mlik taklifini aytgach, ishlar xamirdan qil sug‘urganday oson bo‘ldi. Kvartiraning bir oylik pulini dekanga bersa, 1 yil yotoqxonada turadi. Bunday hisoblasa, ancha arzonga tushadi. Biroq Gulchapchap orzu qilgan universitet, qishloqda ota-onasi og‘zini to‘ldirib maqtanadigan oliygohga kelganiga bir oy bo‘lmasdan ko‘ngli qolgani yomon bo‘ldi-da. Axir bu yerda 4 yil umri o‘tadi. Undan keyin magistraturada o‘qish niyati ham yo‘q emas.
Mayli, yotoqxona hal bo‘ldi-ku. Bahonada “zamdekan”ning jiyani sifatida xona ajratib berishdi. Bundan ortiq baxt bormi?! “Tog‘asi”ning homiyligida, nasib bo‘lsa, 4 yilni ham o‘ynab-kulib o‘tkazib oladi. Diplom oladi. Maqsad ham shu! Shu payt onasining qo‘ng‘irog‘i xayollarini bo‘ldi. Vaziyat iziga tushganini, yotoqxonadan joy olganini aytdi.
Bolasining joylashganini bilgan onayizor “Bolam, qorning to‘qmi?” dedi. Kelganiga bir oy bo‘lmasdan boshlangan bu tashvishlardan bezgan qizning ko‘ngli bo‘shab ko‘zlaridan yum-yum yosh oqa boshladi. Biroq onasiga bildirmadi va shu kundan boshlab ota-onasining butun chekkan zahmatlariga arziydigan, uning ismini aytib ko‘krak keradigan farzand bo‘lishga o‘ziga o‘zi va’da berdi. Axir aytishadi-ku: “Musofir bo‘lmaguningcha musulmon bo‘lmaysan” deb.
Ismi sir qolishini istagan
talaba qizning sarguzashtlarini
Umida HAQBERDIYEVA
oqqa ko‘chirdi.