Ham imkoniyat, ham mas’uliyat
Ham imkoniyat, ham mas’uliyat
Akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy sohalarda mustaqillik
berilgan universitetning maqsadlari qanday?
Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan ma’lumki, ta’limni, ilm-fanni taraqqiy ettirish bilan bir qatorda yuqori salohiyatli, ishlab chiqarishga tez moslashuvchan kadrlarni tayyorlash masalasi o‘ta dolzarbdir.
Yurtimizda ham bu sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari, direktiv hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2019-yil 8-oktabrdagi Prezident Farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” qabul qilingan edi. Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini izchil amalga oshirish maqsadida davlat oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berish haqida Prezidentning 2021-yil 24-dekabrda “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ikkita muhim qarori e’lon qilindi. Mazkur qarorlar bilan mamlakatimizning 35 ta davlat oliy ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy sohalarda mustaqillik berildi.
Qarorga muvofiq, 2022-2023-o‘quv yilidan davlat OTMlariga asosan quyidagi vakolatlar berildi:
Akademik mustaqillik sohasida:
– o‘quv rejalari, dasturlari, malaka talablarini kasb standartlari asosida tasdiqlash, ta’lim olish shaklini belgilash;
– bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘qish davomiyligi muddatlarini belgilash;
– doktorantura kontrakti miqdorini belgilash, o‘z hisobidan grant ajratib doktoranturaga qo‘shimcha kvota qabul
qilish;
– doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;
– magistratura uchun sirtqi, masofaviy va kechki ta’limni joriy etish;
–akademik mobillikni amalga
oshirish;
– o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;
– ta’lim sifatining ichki nazorat
mexanizmlarini belgilash va joriy etish.
Tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:
– tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
– muassasa tuzilmasini tasdiqlash va shtatini belgilash;
– yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagilarini tugatish;
– ishga qabul qilish, ozod etish va rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;
– masofaviy ta’limni tashkil etish.
Moliyaviy mustaqillik sohasida:
– kontrakt qiymatini, to‘lash muddatlarini belgilash, uzaytirish;
– mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
– o‘z hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
– xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish;
– bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash;
– avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilash.
Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarning ma’lum bir vakolatlari ham qaror bilan mustaqillik berilgan davlat OTMlariga o‘tkazildi:
– chet el fuqarolarining o‘qishini xorijdan davlat OTMlariga ko‘chirish;
– qabul komissiyalari tarkibi, imtihon fanlarini, baholash mezonlarini belgilash;
– amaliyot o‘tashni tasdiqlash;
– ichki tartib-qoidalarni, jumladan, kiyim-boshga doir talablarni belgilash.
Qarorda OTMlarga tegishli vakolatlar berilishi bilan birga, qator vazifa va majburiyatlar ham belgilab berilgan. Jumladan, ta’lim muassasasining o‘quv, ilmiy, ma’muriy jarayonlarini, moliya-xo‘jalik faoliyatini boshqarishga, ta’lim sifatini nazorat qilishga to‘liq axborot tizimini joriy etish, o‘quv adabiyotlarini to‘liq elektronlashtirish, xalqaro ilmiy-texnikaviy ma’lumotlar bazalariga doimiy a’zo bo‘lish va hokazo.
Mustaqillik berilgan OTMlar orasida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti ham bor. Albatta, universitetga berilgan akademik va tashkiliy-boshqaruv hamda moliyaviy mustaqillik, birinchidan, davlat rahbarining jamoaga ishonchini bildiradi. Bu universitet uchun katta imkoniyat, shu bilan birga ulkan mas’uliyat hamdir. Universitet jamoasi qarorlar e’lon qilingan dastlabki kunlardan, ularda belgilangan vazifalarni bajarishga kirishdilar. Yuqoridagi qarorlarning talablaridan kelib chiqib, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida berilgan vakolatlar doirasida 30 ga yaqin me’yoriy hujjatlar – universitetning uzoq va qisqa muddatlarga mo‘ljallangan strategik rivojlantirish bo‘yicha dasturlari, qarorlarda berilgan vakolatlarni amalga oshirishga doir tartib-qoidalar va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Jumladan, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, moliyaviy-iqtisodiy, tashkiliy-iqtisodiy faoliyatlar, ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar masalalari, xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturi” ishlab chiqildi. Ishlab chiqilgan barcha hujjatlar universitet kengashida muhokamaga qo‘yilib, tasdiqlandi.
Jamiyatning globallashuvi, ishlab chiqarishga yangi texnika va texnologiyalar hamda raqamli iqtisodiyotning tezkor joriy etilishi muhandislik, texnologik, iqtisodiy yechimlarni zudlik bilan hal qila oladigan, mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilim, ko‘nikma va yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega, o‘z sohasi bo‘yicha kerakli tajribalar va tadqiqotlar, loyiha-konstruktorlik ishlarini bajara oladigan, teran va kreativ fikrlaydigan, ishlab chiqarish jarayoniga tez moslashuvchan, boshqaruv qobiliyatiga ega yuqori salohiyatli va ma’naviyatli mutaxassis kadrlarni talab qilmoqda. Jamiyatning bunday talabi oliy ta’lim muassasalari oldiga juda katta vazifalarni qo‘ymoqda.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun oliy ta’lim muassasalarida amaldagi ta’lim-tarbiya tizimini modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv-tarbiya jarayoniga yangi samarali ta’lim texnologiyalarini joriy etish, ta’limning sifat va samaradorligini oshirish, fanlarni o‘qitishga innovatsion yondashishni talab etadi. Ta’limning yuqori samaradorlikka erishishida fanlarning turli innovatsion usullar bilan, sifatli o‘qitilishi ham muhim omillardan biri hisoblanadi. Universitetimiz asosan ishlab chiqarish texnik sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Sir emaski, hozirgi yoshlarimiz ko‘proq yurisprudensiya(huquq), iqtisodiyot va ijtimoiy-gumanitar ta’lim sohalariga yoki harbiylashgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga harakat qiladilar. Muhandislik, texnika sohalariga o‘qishga kirish va bu sohada yaxshi o‘qish uchun matematika, fizika kabi fundamental fanlardan yetarli darajada bilimlarga ega bo‘lishi zarur. O‘rta ta’limda matematika, fizika fanlarini yaxshi bilgan o‘quvchilar asosan universitetlarning matematika yoki fizika yo‘nalishlariga, ayrimlari axborot texnologiyalari sohalariga yoki yuqorida aytilgan iqtisodiyot, harbiylashgan OTMlarga o‘qishga topshiradilar. Chet tillarni yaxshi o‘zlashtirgan ayrim iqtidorli o‘quvchilar xorij davlatlarining nufuzli OTMlarini tanlashyapti. Bundan tashqari mamlakatimizda turli xorij OTMlarining filiallari, xususiy oliy ta’lim muassasalari tashkil etilmoqda. O‘z-o‘zidan muhandislik, texnika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi OTMlarga umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilarining bilimli yoshlari biroz kamroq kelmoqda. Bunday holat yuqorida qayd etilgan qobiliyatlarga ega bo‘lgan, raqobatbardosh, zamonaviy mutaxassis kadrlarni tayyorlashda universitetning imkoniyatini ma’lum darajada cheklaydi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev oliy ta’lim sifati yaxshilanishi, umumiy o‘rta ta’limga, ya’ni maktabga bog‘liqligini, maktab yaxshi bo‘lsa oliy ta’lim ham yaxshi bo‘lishini ko‘p uqtiradi. Universitetga bilimli abituriyent kelsa, u yanada bilimli talabaga aylanadi va ulardan salohiyatli mutaxassis yetishib chiqadi. Demak, iqtidorli yoshlarni universitetga o‘qishga jalb qilishda yaxshigina o‘ziga xos raqobat mavjud. Bunday o‘ziga xos raqobat sharoitida iqtidorli yoshlarni universitetimizga jalb qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Muassasamiz Toshkent shahrining Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumanlari xalq ta’limi bo‘limlariga qarashli maktablar bilan o‘quv-uslubiy, tarbiyaviy sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Professor-o‘qituvchilar yuqori sinf o‘quvchilariga matematika, fizika fanlaridan dars o‘tishmoqda va turli fan to‘garaklarini tashkil qilishmoqda. Shuningdek, mahallalarda uyushmagan yoshlar uchun fan to‘garaklari tashkil qilib, mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Viloyatlardagi tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablar bilan ham aloqalar o‘rnatilmoqda.
Universitet qoshidagi akademik litseyda ta’lim-tarbiya ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Iqtidorli yoshlarni universitetga ko‘proq jalb qilish maqsadida targ‘ibotning turli shakl va usullaridan foydalanilmoqda. Jumladan, ochiq
eshiklar kunlari o‘tkazilib turiladi, shuningdek, tdtu.uz saytida universitet to‘g‘risida turfa xil ma’lumotlar, axborot va e’lonlar berib boriladi. Viloyatlarda joylashgan ixtisoslashgan maktabalar va akademik litseylar bitiruvchilari uchun matematika, fizika fanlaridan olimpiadalar tashkil etish, g‘olib o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari bilan universitetda tayyorlanadigan bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga jalb qilish bo‘yicha suhbatlar uyushtirish kabi kasbga yo‘naltirishga doir ishlar rejalashtirilmoqda.
Universitetning salohiyatli ahil jamoasi belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshira oladi. Jamoada ishchanlik muhiti yaratilgan. Bizga berilgan ishonch va imkoniyat o‘z mutaxassisliklarimiz bo‘yicha salohiyatli kadrlar yetishtirish kabi zimmamizdagi vazifaga yanada mas’uliyat va g‘ayrat bilan yondashishga turtki beradi.
Abdulaziz YUSUPOV,
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti
“Oliy matematika” kafedrasining
professori v.v.b,
fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent