KLASSIK YO MODERN?
Klassik fan, ayniqsa, biologiya qonuniyat deya belgilagan ko‘p narsalar vaqtlar osha tanqidiy taftishlar qarshisida chekinmoqda. Maktab darsliklari, universitet qo‘llanmalari o‘rgatgan biologiya o‘rnini yangi biologiya egallamoqda.
Birgina bakteriya turi misolida buni tahlil qilamiz. Yaqin-yaqinlargacha, 2000-yillar boshigacha Azotobacter vinelandii bakteriya turi Azotobacter turkumi vakili hisoblanar, bunga hech qanday shak-shubha yo‘q, shu vaqtgacha bitilgan barcha mikrobiologiya va biotexnologiya bo‘yicha kitoblarda bu fikr aksioma darajasigacha ko‘tarilgan edi. Mazkur bakteriya turi 1901-yilda golland olimi Martin Beyerink tomonidan kashf etilgan, biologik xususiyatlari ta’riflangan, tadqiq etilgan edi. 1901-yildan 2010-yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida fan bu bakteriyani shu nom bilan atadi, Azotobacter turkumining mashhur vakili sifatida ko‘rsatdi. Ming-minglab ilmiy asarlar, tadqiqotlar bag‘ishlandi.
Ammo molekulyar biologiya metodlari fanga kirib, bakteriyalarning irsiyati DNK va undagi genlar darajasida o‘rganila boshlangach, Azotobacter vinelandii turini Azotobacter turkumiga mansub degan klassik biologiya katta xatoga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Bu bakteriya turi bu turkumga emas, balki Pseudomonas turkumiga mansub ekani haqidagi ilmiy dalillar maydonga chiqdi. Enrique Martínez-Carranza 2019-yilda e’lon qilgan tadqiqotida mazkur bakteriya turining evolyusiyasi borasida biologiyada hukmron bo‘lgan fikrni yo‘qqa chiqardi. So‘ng, birin-ketin boshqa tadqiqotlar e’lon qilindi. 2010–2022-yillarda e’lon qilingan tadqiqotlar Azotobacter vinelandii turining filogenetika va taksonomiya bo‘yicha mikrobiologiya 1901-yildan beri xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi. Endi bu bakteriyani qayta nomlash masalasi kun tartibiga chiqdi. Azotobacter vinelandii turi Pseudomonas turkumiga kiritilsa unda uning nomi qanday bo‘ladi? Mantiqan olib qarasa, bu bakteriya turi endi turkumning nomini ololmaydi, ya’ni, Azotobacter termini qo‘llanmaydi. U holda, Pseudomonas vinelandii deya tur nomi yozilishi mantiqli bo‘ladi.
Ikkinchi masala, Azotobacter turlarining asosiy xususiyati havo azotini o‘zlashtirish deyilgan va boshqa turkumlardan shu belgisi bilan ustunlikka ega, deb hisoblangan. Azotobacter vinelandii Pseudomonas vinelandii bo‘lgach (aslida shunday), demak, Pseudomonas turkumi ham havo azotini katta faollik bilan o‘zlashtiradigan bo‘lib chiqadi (sobiq Azotobacter vinelandii hisobiga). O‘z-o‘zidan, klassik mikrobiologiyaning xatosi to‘g‘rilanadi va zamonaviy mikrobiologiyaga yangi tushuncha kirib keladi.
Klassik mikrobiologiya faqat shu turdagina adashgan emas. Universitetlarda eng ko‘p o‘rganilgan Alcaligenes faecalis turi Pseudomonas stutzeri bo‘lib chiqdi, maktab darsliklariga kiritilgan Agrobacterium tumifaciens bakteriyasi zamonaviy sistematika bo‘yicha Rhizobium radiobacter turi ekanligi oydinlashdi.
International Journal of Systematic and Evolutionary Microbiology jurnalida (https://doi.org/10.1099/00207713-51-1-89) Agrobacterium tumifaciens turi uchun, filogenetik va evolyutsion nuqtayi nazardan, Rhizobium radiobacter nomi mos kelishi isbotlab berilgan edi. Bunday misollarni juda uzoq davom ettirish mumkin.
Bu holat bakteriyalar evolyutsiyasi va filogenetikasida hali juda ko‘p chalkashliklar borligini ko‘rsatib bermoqda. Chunki olimlar faqat tor doiradagi bakteriya turlarini tadqiq etishmoqda. Agar barcha turlar qamrab olinadigan bo‘lsa bakteriyalar sistematikasi va molekulyar taksonomiyasi jiddiy tahrirga uchrashiga shubha yo‘q.
Baxtiyor ABDUG‘AFUR,
biologiya fanlari doktori