KREDIT-MODUL TIZIMI:
Kredit-modul tizimi:
erkinlik va tanlov huquqi
“Rivojlanish va ta’lim hech bir insonga berilmaydi va yetkazilmaydi. Har kim bunga shaxsiy faoliyati bilan erishishi kerak. Bilim va ko‘nikmalar mustaqil yo‘l bilan egallanmaguncha uniki hisoblanmaydi”.
( Adolf Disterveg )
Texnika sohasida erishilayotgan yutuqlar , axborot - kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti ta ’ lim tizimini ham pedagog - o ‘ qituvchilar , ham talabalar uchun qulay va samarali tashkil etishning yangidan - yangi imkoniyatlarini yaratmoqda . Kam resurs sarflagan holda ko ‘ proq natijaga erishish tamoyili nafaqat ta ’ limda , balki boshqa sohalarda ham ustuvorlik qilmoqda . Qolaversa , postpandemiya davrida insoniyat bir qancha an ’ anaviy faoliyat turlarini masofadan amalga oshirish yo ‘ llarini qidira boshladi , ayniqsa , ta ’ lim sohasida bunga har qachongidan ham kuchliroq ehtiyoj yuzaga keldi . Shu nuqtayi nazardan , oliy ta ’ limda kredit - modul tizimini joriy etishni zamonning o ‘ zi taqozo etmoqda .
O ‘ zgaruvchan bozor iqtisodiyoti sharoitida faqat mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bo ‘ lgan shaxsgina muammolarini o ‘ zi mustaqil hal qila oladi , o ‘ zi uchun ham , oilasi uchun ham foydali hisoblanadi hamda jamiyatda o ‘ z mavqeyiga ega bo ‘ ladi . Bunday qobiliyat, albatta, dastlab oilada, keyinchalik esa ta’lim muassasalarida shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, mamlakatdagi OTMlarning 85 foizi 2030-yilgacha bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 30-iyundagi qarori bilan 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizdagi 35 ta OTM, jumladan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kredit-modul tizimiga o‘tishi belgilandi.
Zamon talablariga javob bera oladigan, har tomonlama yetuk, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda mustaqil ta’lim alohida o‘rin tutadi, chunki axborot va bilimlar doirasi jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan hozirgi kunda hamma ma’lumotlarni faqat dars mashg’ulotlarida berib bo‘lmaydi. Qo‘yilgan muammo va vazifalar bo‘yicha muayyan yechimga kelish hamda uning optimal variantini tanlash uchun kerak bo‘lgan mustaqil fikrlash ko‘nikmasi mustaqil ijodiy ishlash jarayonida shakllanadi va mustahkamlab boriladi.
Aslida kredit-modul tizimi nimani nazarda tutadi?
Kredit-modul tamoyilida ikkita bosh masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta’minlash hamda talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar e’tirof etiladi:
— o‘quv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
— bitta fan, kurs(kredit)ning qiymatini aniqlash;
— talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
—talabalarga o‘zlarining o‘quv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
— ta’lim jarayonida mustaqil ta’lim olishning ulushini oshirish;
— ta’lim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qo‘yilgan talabdan kelib chiqib o‘zgartirish mumkinligi.
Modul — bu bir nechta fan hamda kurs o‘rganiladigan o‘quv rejasining bir qismi bo‘lib, talabalarda muayyan bilim va ko‘nikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega bo‘lishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmuyi hisoblanadi. Xorijiy tajribaga ko‘ra, kredit-modul tizimida o‘quv jarayoni har semestrda 2–4 tagacha moduldan iborat bo‘ladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini o‘zaro uzviy to‘ldirish prinsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis bo‘lib shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish malakasiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Kredit (credit) — talabaning alohida ta’lim yo‘nalishi yoki dasturi (kurs) bo‘yicha fanlarni o‘qib o‘rganishi va o‘zlashtirishi uchun sarflangan o‘quv yuklamasi (vaqt) o‘lchov birligidir. Kredit — talabaning me’yoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda ta’lim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt o‘lchovidir. Talabaga kredit ma’lum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng beriladi.
Kredit texnologiyasi ta’lim oluvchilarga ishchi o‘quv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual o‘quv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga nafaqat fanlarni, balki professor-o‘qituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi.
Bu borada xorij tajribasi qanday?
Bugungi kunda dunyo tajribasida kredit tizimidan keng foydalaniladi. Jahon tajribasida Amerika Qo‘shma Shtatlari kredit tizimi (USCS), Kreditlarni to‘plash va o‘tkazishning Britaniya tizimi (SATS), Yevropa kredit tizimi (ECTS), Universitet kreditlarini o‘tkazishning Osiyo-Tinch okeani tizimi (UCTS) eng keng tarqalgan tizimlar hisoblanadi. Xorijda ECTS (European Credit Transfer System) tizimi ta’lim tizimining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Har bir o‘quv faniga yuklama hajmidan, kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhimligidan kelib chiqib kredit bali belgilanadi. Talaba har bir fanni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan taqdirda belgilangan kreditlarni oladi va bu kreditlar yig‘indisi unga mos bo‘lgan bakalavr yoki magistrlik darajasini olish imkonini beradi.
Bakalavr darajasini (Bachelor of Arts – BA yoki Bachelor of Science – BSc) olish 4 yil o‘qishni nazarda tutadi. Bu davr ichida talaba o‘rtacha har biri 3 kreditlik 40 tacha fanni o‘zlashtirishi zarur bo‘ladi. Birinchi va ikkinchi yil tayanch bilimlarni olish uchun ajratiladi (taxminan, 60–68 kredit) va u oraliq daraja (Associates) bilan yakunlanadi. Uchinchi va to‘rtinchi yillar mutaxassislik fanlarini jadal o‘rganishga bag‘ishlanadi va bu jarayon malakaviy imtihon bilan tugallanadi.
Oliy ta’limning ikkinchi bosqichi (Graduate Level) – bu o‘rta hisobda ikki yillik o‘qish natijasida magistr darajasini (Master of Arts – MA yoki Master of Science – MSc) olish uchun mo‘ljallangan magistrlik dasturlaridir. Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning ikkinchi bosqichi va uchinchi pog‘onasi – doktorlik dasturlari bo‘yicha o‘qish bo‘lib, u tor mutaxassislikka o‘qish va mustaqil ilmiy izlanuvchilikka yo‘naltirilgan.
Darajani olish uchun talaba belgilangan miqdordagi kredit-soatlarni to‘plashi zarur. AQSHda qabul qilingan USCS (US Credit System) tizimida kredit-soat – bu o‘qish vaqtiga asoslangan o‘lchov. Masalan, bakalavriatda 1 kredit-soat talabaning semestr davomida har haftadagi 1 akademik soat
auditoriya ishiga teng. Bundan tashqari har bir auditoriya mashg‘ulotiga 2 soat (100 minut) mustaqil ish qo‘shib beriladi.
Magistraturada, va ayniqsa, doktoranturada bu mehnat hajmida mustaqil ishning hissasi ko‘payib borishi nazarda tutiladi. AQSHda bakalavr darajasini olish uchun 4 yilda kamida 120 kredit-soat, magistr uchun 1-2 yilda mos ravishda 30–60 kredit-soat, doktorlik dasturlarida esa 3–4 yilda mos ravishda
60–90 kredit-soat to‘plash talab etiladi.
Kredit-modul tizimida mustaqil ta’limni tashkil etish usullari
Kredit ta’lim tizimini o‘rganish va tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, dunyoning turli davlatlarida u o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Shunga qaramasdan, kredit ta’lim tizimining samarasi va maqsadga muvofiqligi uning ko‘plab dunyo davlatlari ta’lim tizimlarida ko‘proq tarqalganligi bilan asoslanadi, chunki ta’lim dasturlarining talabalarda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilishi ijodiy faollik va bilim olishga o‘zini safarbar qilishga, oxir-oqibat ta’lim sifatini oshirishga imkon beradi.
Amaldagi o‘qitish tartibidan farqli o‘laroq, kredit tizimida majburiy fanlardan tashqari tanlov fanlari ham talabaning individual dars jadvaliga kiritiladi. Talabalar o‘qishdan haydalmaydi yoki kursdan-kursga qoldirilmaydi. Qaysi fan(kurs)dan belgilangan kreditlarni to‘play olmasa, faqat o‘sha fanning o‘zidan qayta imtihon topshiradi, xolos. Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom esa belgilangan kreditlar to‘plagandan so‘ng beriladi.
Bakalavriatda fanlar soni kamroq va
yirik hajmli bo‘lishi maqsadga muvofiq. O‘quv rejadagi majburiy va tanlov fanlari ulushini belgilashda mutaxassisning tayyorgarlik darajasiga bo‘lgan talablar, fanlar mazmuni va ta’lim natijalari, fanlar tuzilmasi va ularning o‘zaro aloqadorligi va unifikatsiyalanish darajasi hamda xalqaro tajribalardan kelib chiqish maqsadga muvofiq.
Kredit ta’lim tizimi joriy o‘quv yili uchun professor-o‘qituvchilarning hamda talabalarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasidagi o‘quv faoliyatlarini rejalashtirishni nazarda tutadi. Har qanday o‘quv jarayoni asosida talabaning shaxsiy o‘quv rejasi yotadi, u o‘quv jarayonlari boshlanishidan oldin talaba tomonidan edvayzerning maslahati bilan tuziladi. Uni tuzish uchun namunaviy o‘quv rejasi asos bo‘ladi, uning tarkibiga malaka talablarida ko‘rsatilgan majburiy fanlar va tanlov fanlari kiradi.
Shaxsiy o‘quv rejalarida mehnat bozorining ehtiyojlari, ish beruvchilarning talablari va talabalarning qiziqishlari aks ettirilishi lozim. Shu bilan birga ular bakalavrlarning mehnat bozorida erkin mo‘ljal olishlari va kelgusida ta’limni davom ettirishlari uchun umumiy savodxonlikning, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-boshqaruv, umumilmiy, kasbiy va ixtisoslik malakalarining shakllanishiga yordam beradi. Shunga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlarining aniq yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha shaxsiy o‘quv rejalarini tuzishda talabalarga davlat ta’lim standartlari va malaka talablarida belgilangan kasbiy malakalarni to‘liq egallashga imkon beradigan fanlar ro‘yxati tavsiya qilinadi.
Mustaqil ishning xususiyatlari
Mustaqil ishni optimal rejalashtirish – talabaning o‘qish madaniyatini oshirishga ko‘maklashuvchi muhim va zarur vazifalardan biri. Talabalar mustaqil ishini tashkillashtirish tamoyillari bakalavr, mutaxassis, magistr, fan spetsifikasi, mustaqil ish mazmuni va boshqa ko‘rsatkichlar asosida o‘zgarishi mumkin. Ushbu tamoyillarni bilish va ulardan o‘quv-bilish faoliyatida mohirona foydalanish muayyan sohadagi bilimlar tizimini egallash va zamonaviy mutaxassis sifatlarini shakllantirishga imkon beradi. Shu tariqa, OTM talabalari mustaqil ishini ta’minlashning pedagogik aspektlari nafaqat didaktik masalalarni hal etadi, balki talabalarda shaxsiy sifatlar rivojlanishi, ularning mustaqil ishlashga bo‘lgan rag‘batini oshirish, umumiy o‘quv ko‘nikmalari va amaliy tajribasi shakllanishiga ham xizmat qiladi. Amaldagi ta’lim tizimida auditoriya yuklamalariga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda, lekin mustaqil ish turlari hali ommalashmagan. Kredit tizimida eng avvalo talabaning mustaqil ishiga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Kredit bu baho emas, balki ish hajmi hisoblanadi. Masalan, talaba 5 kreditlik fanni o‘zlashtirgan bo‘lsa, u 5 kredit hajmidagi ishni bajargan hisoblanadi, ya’ni u ushbu fanning ma’ruzalarida, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida qatnashgan, mustaqil ish topshiriqlarini bajargan hisoblanadi. Demak, bu fanni o‘zlashtirgan talaba uni qanday bahoga o‘zlashtirganidan qat’i nazar,
u 5 kreditni qo‘lga kiritadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, kredit-modul tizimi talabalarga fanlarni mustaqil va ongli ravishda tanlash, o‘qituvchiga esa o‘z vaqtini samarali taqsimlash imkonini beradi.
Akbar NURMATOV,
O‘zJOKU Bosma OAV va noshirlik
ishi fakulteti dekani, f.f.n., dotsent