KURATORLIK TIZIMINI QAYTARING!
Respublika davlat oliy ta’lim muassasalarida tyutorlik tizimi joriy qilinganiga ko‘p bo‘lmadi. Prezidentning 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni va shu asosida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil 30-sentabrdagi Nizomi ushbu tyutorlik tizimiga asos bo‘ldi.
Tyutorlik va kuratorlik tizimini farqi nimada?
Ko‘p yillardan beri bizda kuratorlik tizimi o‘z faoliyatini olib borayorgan edi. Kurator taxminan 15 ta talaba bo‘lgan guruhga rahbarlik qiluvchi, ularning davomatini tekshiruvchi, shu faoliyati uchun ustama maosh oluvchi shaxs. Tyutorlik esa juda keng ma’noni anglatadi. U har bitta talaba bilan individual shug‘ulanib, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, talabalarning tanlovlarga, stipendiyalarga tayyorlanishini ta’minlovchi, tartib-intizomi, kiyinishi va mustaqil ta’lim olishi uchun yordam beruvchi kadr. Ammo har doim ham kutilgan natija bo‘lavermaydi.
Chetdan ko‘chirmasdan, o‘zimizni isloh qilaylik
Hozirgi kunda talabalar tekin “ekspriment quyonchalari” hisoblanadi, shekilli. Yangi qonunlar, yangi tizim hammasi sinaladi. Lekin bittasi natija bermay turib, boshqasini qo‘llashni boshlaydilar. O‘zimiz hech narsa yaratmaymiz, faqat chetdan olib kelib tadbiq etamiz. Balki, o‘zimizni ham isloh qilsak, bizning tizim ham jahon miqiyosiga chiqar edi. Tyutorlik tizimi kirib keldi, hamma hursand, chunki bu yaxshi natija beradi deb o‘ylagan edik. Afsuski adashgan ekanmiz. U ham kuratorlik tizimiday gap, faqat nomi boshqacha xolos. Talabaning kelish-kelmasligiyu, qanday kiyim kiyib kelayotgani, yotoqxonani qanday ozoda tutib, yangi qonunlar bilan tanishtirishdan boshqasini ko‘rmadim. Ha, to‘g‘rida salkam 200 ta talabaga rahbarlik qilayotgan odam nimaga ulguradi. Kimni tartibga chaqirib, kimga psixologik ko‘mak berishga vaqti bor? Hech kimni u bilan ishi yo‘q, faqatgina hujjatlarini vaqtida topshirishga qarashadi, yana kamiga boshqalardan dakki ham eshitadi. Qaysi ishni qilsin, talabalarning davomati bilan shug‘ulansinmi? Psixologik yordam kerak bo‘lgan talabaga yordam bersinmi? Hisobot yozsinmi? Yotoxonani borib tekshirsinmi? Talabalarga “Axborot soati” o‘tsinmi? Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun aylanishga olib chiqsinmi?
Kuratorlik tizimini isloh qilaylik!
Agar, ozgina tuzatish kitirib, “kuratorlik tizimi”ni qaytarsak juda yaxshi bo‘lardi. Psixologik bilimi mustahkam bo‘lsa, undanda yaxshi, talabaga har qanday vaziyatda ko‘mak bera oladi. 15 ta talaba va 1 ta kurator, menimcha, hamma narsaga ulguradi. Hujjat ishlari va davomatni esa boshqa kishiga yuklash kerak. Axir guruh kuratori talabalarga yaqin bo‘lib, ularga yordam berishi kerak, hisobot topshirishi emas.
Sevinch NORMO'MINOVA,
O‘zDJTU talabasi