Kadrlar salohiyatini takomillashtirish – davr talabi
Mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlaydigan, uning ravnaqi va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hayotimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, bu e’tibor zamirida mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama kamol toptirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam.
Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Albatta jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga ishonamiz va ularni qo‘llab quvvatlaymiz. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovasiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etish joizdir”.
Darhaqiqat, yangi O‘zbekistonda yangi davr yoshlarining kuchli, bilimli va jismonan yetuk kadrlar bo‘lishlari uchun ularga keng imkoniyatlarni yaratib berish va qo‘llab-quvvatlash asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi, mamlakatimizda barcha sohalar kabi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-5706-sonli Farmoniga asosan, Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilib, “Akademiya” maqomi berildi hamda harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy ta’lim tashkilotlariga o‘quvchilarning o‘qishga kirishi uchun tayyorgarligini ta’minlovchi ixtisoslashtirilgan lisey tashkil etilishi belgilab berildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4375-sonli Qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi tashkil etildi. Ushbu “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi o‘quv-uslubiy ishlarini amalga oshirishda Akademiyaning professor-o‘qituvchilari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, hozirgi kunda aholi va hududlarning muhandislik muhofazasini takomillatirish, avariya qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, olovga chidamli qurilish materiallari va matolarining yangi turlarini yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shulardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom” va “Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom”lari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestasiya komissiyasi Rayosatining 2020-yil 31-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzurida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi va u bugungi kunda o‘z faoliyatini samarali amalga oshirmoqda.
Mazkur qarorga asosan, FVV Akademiyasi huzurida tuzilgan texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash 05.10.02 -“Favqulodda holatlarda xavfsizlik: Yong‘in, sanoat, yadro va radiasiya xavfsizligi” va 05.10.01 - “Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi” (texnika fanlari) ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertasiyalarini ilmiy seminarda muhokama qilish va himoyani o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi.
Mazkur ixtisoslashgan ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar muhokamasidan muvaffaqiyatli o‘tgan doktorlik dissertasiyalari himoyaga qabul qilingan. 2021 yilning 4 choragida
FVV Akademiyasining 3 nafar mustaqil izlanuvchilari polkovnik Sobir Djurayev “Mahalliy xom-ashyolar asosidagi yong‘inga xavfsiz issiqlik izolyasiyalovchi materiallar” mavzusidagi, podpolkovnik Anvar Rapuov “Fosfor guruhli oligomerlar asosida to‘qimachilik materiallarni olovbardoshligini oshirish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi, mayor Bekpo‘lat Mirzakabilov “Gidrotexnik inshootlar avariyasi bilan bog‘liq falokatli suv toshqinlari yuzaga kelganda aholi va hududlarni muhofaza qilish usullarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertasiyalarni muvaffaqiyatli himoya qildilar va texnik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Akademiya mustaqil izlanuvchilari podpolkovnik Sayfiddin Jumayev 2021-iyun oyida “Mahalliy xomashyolar asosida olingan antipirenlar bilan yog‘och materiallarini yong‘indan himoyalash” mavzusidagi, 2021-yil avgust oyida dosent, general-polkovnik Qobul Berdiyev “Mahalliy xom ashyo asosida qurilish konstruksiyalari va materiallarining olovga chidamliligi bardoshligi va issiqlikdan himoyalash darajasini oshirish muammolari” mavzusidagi doktorlik dissertasiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldilar.
2022-yilning 31-yanvarida mayor Artyom Lityaga “Silikat kompozisiyalar tarkibli antipirenlar asosida polimer materiallarni yong‘in xavfsizligini oshirish” mavzusidagi doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
FVV Akademiyasining professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligidan ixtirolar uchun patentlar olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi Rayosatining tegishli qarorlari bilan FVV Akademiyasi yosh o‘qituvchilaridan 4 nafari podpolkovnik Erkaboy Sobirov, mayor Qodir Yakubov, mayor Artyom Lityaga, mayor Allayar Axmedovlarga hamda fan nomzodlari Shonazar Atabayev va Alijon Sirojiddinovlarga “Dosent” ilmiy unvonlari berildi. Yuqorida keltirilgan ilmiy ishlar natijalari bois, Akademiyada ilmiy salohiyat yanada yuqori darajaga ko‘tarildi.
2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F-sonli Farmoyishi asosida Akademiyada “Hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashda innovasion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar” hamda “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumanlari o‘tkazildi, shuningdek, Akademiya miqyosida 8 marotaba konferensiyalar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda 150 ga yaqin mutasaddi tashkilotlar hamda 1200 dan ortiq ishtirokchilar faol qatnashishdi.
Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Akademiyada davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilishi ikki yilga mo‘ljallangan ikkita davlat granti BV-Atex-2018 “Mahalliy mineral xom ashyolar asosida qiyin yonuvchan issiqdan saqlovchi tarkiblar olish texnologiyasini yaratish” hamda BV-Atex-2018-58 “Yangi avlod metallorganik oligomer qo‘shimchali olovbardosh, issiqlik izolyasiyalovchi qurilish materiallarini tadqiq etish va texnologiyasini yaratish" loyihalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining iqtidorli kursantlari munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lishdi. Jumladan, “Gidravlika” fanidan 4 kurs kursanti Ravshanbek Jalilov birinchi o‘rinni, “Avtomobil tayyorgarligi” fanidan 1 kurs kursanti Fayozbek Mamasoliyev ikkinchi o‘rinni hamda “Milliy g‘oya, huquqshunoslik, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi” fanlaridan 5 kurs kursanti Sultanbek Urazimbetov uchinchi o‘rinni egalladilar.
Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchilari Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar.
Jumladan, 2021-yilning 21-26-avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasi Olma-ota shahrida sportning “Armrestling” turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Akademiyaning “Harbiy va jismoniy tayyorgarlik” kafedrasi katta o‘qituvchisi katta leytenant Rustam Choriyev uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 5 kurs kursanti Xurmatillo Madazimov faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
2021-yilning 23-noyabr kunidan 3 dekabr kuniga qadar Ruminiya Respublikasining Buxarest shahrida sportning “Armrestling” turi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida ham faol ishtirok etib keldilar.
Shu bilan birga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashida 2021-yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili doirasida Toshkent shahrida joylashgan muassasa hamda harbiy qismlardagi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi katta leytenant Firdavs Karimov faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Muxtasar qilib aytganda, yangi O‘zbekistonda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash borasidagi muhim amaliy ishlarni davom ettirishimiz zarur. Zero, yoshlar ertangi kunimizning egalari hisoblanadi. Ularni biz bugun qanchalik ilmiy, ma’naviy, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlasak, kelajagimiz shunchalik yorqin bo‘ladi.
Choriyor XO‘JANOV,
FVV Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Polkovnik