“Kontrakt uchun ketayotgan valyuta ham, xavotirli kelajak ham bizniki...”
Ta’limda layoqatsizlikning ommaviy tus olishi innovatsion g‘oyalarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugun yurtimizda ta’limga e’tibor ancha kuchaydi. Ammo qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yetarlicha. Ushbu masala bo‘yicha gap ketar ekan soha mutaxassislari va ziyolilar fikri barchamiz uchun qiziq. Sohadagi yutuq va kamchiliklar yuzasidan jurnalist Alisher Nazar fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.
— Alisher aka, bugun ta’limni isloh qilish yo‘lidagi birinchi muhim bosqich — moddiy ahvolni yaxshilash, o‘qituvchilarning mavqeyini oshirish va shu orqali sohaga malakali kadrlarni jalb qilish borasida ozmi-ko‘pmi ishlarni amalga oshirdik. Tizimda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bergani quvonarli, albatta. Ammo oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Sifat o‘zgarishini istar ekanmiz, mazmun-mundarija obdon islohotga muhtojligini tan olishimiz va bu borada ham jiddiy islohotlar qilishimiz lozim. Pul-ku topilar, ammo jur’at va g‘oya-chi? Sizningcha, ta’lim tizimimizda yana nimalarni o‘zgartirmoq kerak?
— Tarixdan yaxshi bilasiz, 1945-yilda yaponlarning boshiga shunday bir balo tashlandiki, bashariyat Odam Ato zamonidan beri bunday fojiani ko‘rmagan edi. Bir paytning o‘zida 200 mingdan ortiq odam o‘ldi, millat va mamlakat hayotida bitmas-tuganmas asorati qoldi. Lekin yapon millati shu bilan yo‘qolib ketmadi. Yaponlar inson irodasi har qanday atom bombasidan kuchli ekanligini ko‘rsatdi. Bor-yo‘g‘i 30 yilning nari-berisida “yapon moʻjizasi” degan atama paydo bo‘ldi. “Yapon moʻjizasi”ning mohiyati nimada edi? Yaponiya va yapon xalqi ko‘rsatgan moʻjiza — mamlakatda ta’lim tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Davlat budjetining asosiy qismi ta’lim tizimiga yo‘naltirildi. Bir so‘z bilan aytganda, yapon xalqi ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash orqali kelajakka sarmoya tikdi. Kelajak bilan tuzilgan bu bitim ko‘p o‘tmay o‘z natijasini bera boshladi. Yaponiyada o‘z ilm-u zakosi bilan millat va davlat sharafini himoya qila oladigan avlod paydo bo‘ldi.
Mana, tayyor “retsept”. Uzoqqa borishning yoki qanaqadir modellarni qidirib yurishning hech keragi yo‘q. Ta’lim tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, shuning o‘zi yetarli.
To‘g‘ri, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham ta’lim tizimiga juda katta mablag‘ yo‘naltirildi. Maktablarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanayotgani ham bor gap. Ammo bu degani, tizim muammolardan xoli bo‘ldi, degani emas. Birinchidan, ta’lim tizimi hamon korrupsiya botqog‘idan chiqib ketolgani yo‘q. Xalq ta’limi vazirligi tekshiruviga ko‘ra, o‘tgan yili birgina Chiroqchi tumani xalq ta’limi bo‘limida 4,2 milliard so‘m o‘zlashtirib yuborilgan. Tag‘in pandemiya sharoitida! Hammayoq muzlatib qo‘yilgan bir paytda! Imi-jimida 4,2 milliard so‘m o‘zlashtirilsa-ya! Andijon shahrining o‘zida 20,4 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan. Demak, jamiyatimizning ko‘plab sohalari singari ta’lim tizimining ravnaqi ham bir masalaga — korrupsiyani yo‘qotish masalasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Hukumat o‘qituvchilarning oyligini 1000 dollarga chiqarishga va’da berdi. Lekin bugungi vaziyatda bu tadbir o‘zini oqlamaydi, deb o‘ylayman. Chunki korrupsiyalashgan tizimda tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik battar avj olishi mumkin.
— Ta’lim xususida gap ketsa, avval o‘qituvchilar, nari borsa, tizimdagi kamchiliklar haqida so‘z yuritamiz. Go‘yo ta’lim jarayonining ikkinchi subyekti — o‘quvchilar haqida hech gapimiz yo‘q. Hozir “ta’limni demokratlashtirish” shiori urf bo‘ldi. “Bola huquqi” deymiz, “har bir o‘quvchida shaxsni ko‘rish kerak” deymiz... Ustozini bir pulga olmayotgan, qirq besh daqiqa davomida qiladigan ishi ustozning qaqshagan asablarini egovlash bo‘lgan erkatoyga chora ko‘rilishi kerak deyilsa, “bola ko‘ngliga yo‘l topish kerak” qabilidagi balandparvoz gapdan nariga o‘tmaymiz...
— Har qanday jamiyatning kelajagini barbod qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan biri o‘sha jamiyatda o‘qituvchi mavqeyining yo‘q qilinishidir. So‘nggi yillarda jamiyatimizda o‘qituvchilik mavqeyi, maqomi deyarli yo‘qolib qoldi. Ko‘cha tozalash, g‘o‘za chopish, paxta terish singari og‘ir ishlarga hech ikkilanmay o‘qituvchilar jalb qilinadigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchi jamiyatdagi eng arzon ishchi kuchiga aylandi. Bu hol ta’lim-tarbiyaning susayib, o‘qituvchilarning obro‘si tushib ketishiga olib keldi.
Aksariyat maktablarda darslar nomigagina o‘tiladigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, o‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatga darz ketdi. Hatto maktablarda o‘qituvchilarga qo‘l ko‘tarish holatlari yuz bera boshladi. Bunday illatlar hamon uchrab turibdi. Taassufki, ana shunday muhitda kamida ikki avlod yetishib ulgurdi.
Yaqinda bir telekanal ayrim yurtdoshlarimizdan bir savolga javob so‘rabdi: “Ikkinchi jahon urushi qachon bo‘lgan?” Javoblarni bir eshitib ko‘rsangiz, kap-katta yigitlar Ikkinchi jahon urushi qachon bo‘lganini bilmaydi. “Gitler kim bo‘lgan?” deb so‘rasa, “O‘rislarning kattasi” deydi. To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas. Bilimdon, katta marralarni ko‘zlagan yoshlarimiz ham talaygina. Lekin umumiy ahvolimiz juda chatoq! Agar mamlakat miqyosida 30 yoshgacha bo‘lgan avlodning qo‘liga qog‘oz-qalam berib, “Tarjimayi hol”ini yozdirsangiz, 60 foizi yozib berolmaydi. Ayniqsa, so‘nggi ikki avlodning savodxonligi achinarli darajada.
— Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar chala, sa’y-harakatlarimizda qat’iyat yo‘q; uzoq yillar davomida ongimizga singib ketgan boqimandalik kayfiyati hamon kuchli. Yo‘qsa, hatto aksar mol-dunyosi oshib-toshgan mamlakatlarda ham bizdagidek bepul 11 yillik majburiy ta’lim yo‘qligi, ta’limga bizdagi kabi topganining katta ulushini sarflayotgan davlatlar kamligini bila turib ham “Vazifasi bo‘lgandan keyin qiladi-da!” qabilida munosabatda bo‘larmidik? Axir bilim olishga qunt qilmayotgan yoki darslarga qatnamayotgan o‘quvchi mohiyatan davlatning pulini shamolga sovurmayaptimi?
— Yoshlarning chalasavod bo‘lib qolganida faqat ta’limni aybdor qilish ham adolatdan emas. Bu holga ota-onalar ham birday javobgardir. Telekanallardan birida sirk tomoshasini berishdi. Bir it shunaqa o‘yinlar ko‘rsatdiki, itligiga ishonging kelmaydi. Kimdir itni tarbiyalab, sal qolsa odamga aylantirib yuboryapti. Kimdir shunday bola tarbiyalayaptiki, odamligiga ishonish qiyin. Pokiza tiynatda, musulmon fitratda tug‘ilgan bola tushuniksiz bir “jonivor”ga aylanib qolgan. Xo‘sh, bunga kim aybdor?
Kezi kelganda aytish zarurki, yoshlarda ta’limga nisbatan qiziqish va rag‘batning susayishida jamiyatdagi ba’zi adolatsiz mezonlarning ham hissasi bor. Bir misol keltiray. Tanishimning o‘g‘li 3 yil repetitorga qatnab, IELTSdan 6.5 ball oldi. Matematika fanidan o‘zi repetitorlik qiladigan darajaga yetdi. O‘tgan yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga hujjat topshirib, 179 ball yig‘di. Lekin bolapaqir kontraktga ham ilinmadi. Ammo yonidagi o‘rtog‘i 141 ball bilan budjetga qabul qilindi. Sababi, otasi harbiy ekan. Menimcha, yosh avlodga nisbatan adolatsizlikning oliy namunasi shu bo‘lsa kerak! Harbiy xizmatchi oddiy ishchidan 10 barobar ko‘p maosh oladi, ham farzandi imtiyoz bilan o‘qishga kiradi. “Vatan himoyachilari” degan sharafli nom egalariga e’tiroz bildirolmaymiz, albatta. Biroq vatanning ilmga orzumand farzandlari imtiyoz masalasida teng bo‘lishlari kerak emasmi?
— O‘rganishlar natijasida shunga amin bo‘ldimki, Germaniyada o‘qituvchilik asosan erkaklarning kasbi. Chunki o‘qituvchining oladigan maoshi boshqa davlat xizmatchilarinikidan kam emas. U erkak kishining yashashi, orzu-havasiga yetadi. Shu bois ham olmon diyorida ta’lim tizimining umumiy darajasi dunyodagi yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan. Ilk maktabga chiqqan kezlarimizda aksariyat fanlardan erkak o‘qituvchilar ta’lim berar edi. Bugun esa ba’zi maktablarda deyarli hamma fandan muallimalar saboq beryapti. Ta’limning tamoman ayollarning qo‘liga o‘tib ketishi jamiyatimiz uchun ijobiy holatmi?
— Kadrlar masalasi, bu — jiddiy muammo. Birinchidan, maktablarda malakali pedagog kadrlar yetishmayapti. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda 3 mingdan ortiq pedagog kadrlarga ehtiyoj bor. Minglab o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar dars berib o‘tiribdi. Bu o‘qituvchilarning bilimi va malakasi talab darajasida emas. Aksariyat maktablardagi chet tili o‘qitish sifati mutlaqo talabga javob bermaydi. Yaqinda ta’lim tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugungi kunda ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchisi lavozimi vakant bo‘lib turibdi. Yurtimiz maktablaridagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega. Demak, bu jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala.
Yana bir masala bor. Ikki yildan beri Oliy ta’lim “hududi”da bir “bozor” ochilgan. O‘qishdan “yiqilgan”, omadsiz, bekorchi kimsa borki, qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston institutlariga pul to‘lab, imtihonsiz qabul qilinyapti. Gap shundaki, talabaning hujjati qo‘shni mamlakatda 1 yil “o‘qiydi”. Keyingi yil yana biroz xarajat bilan mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlaridan biriga “perevod” qilinadi. Bu normal holatga aylanib qoldi. Bu ishdan faqatgina qo‘shnilarning institutlari yutyapti, xolos! Kontrakt uchun ketayotgan valyuta ham, savodsiz talaba ham, xavotirli kelajak ham bizniki... Oliy ta’lim rahbariyati bu masalaga jiddiyroq e’tibor qaratsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.
Ta’lim tizimida asosan xotin-qizlar faoliyat olib borayotganiga kelsak, bu holat yana iqtisodiyotga borib taqaladi. Bugun dunyoning eng rivojlangan davlatlari ta’lim tizimiga qarang. AQSHda eng katta maosh o‘qituvchilarga to‘lanadi. Kaliforniya shtatidagi maktab o‘qituvchilarining oylik maoshi 6.5 ming dollar, Germaniyada 5 ming dollar, Fransiyada 2.5 ming dollarni tashkil qiladi. Chunki millat kelajagiga daxldor ishlarning qiymati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda o‘qituvchilarga to‘lanadigan maosh esa, oilaning to‘liq ta’minotiga yetmaydi. Shu jihatdan maktabda dars beradigan erkak oladigan maoshi bilan bir amallab ro‘zg‘or tebratishi mumkin, xolos. Shuning uchun ham malakali pedagog kadrlar, ta’lim sifatini yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi mutaxassislar yo boshqa sohalarda ishlab yuribdi, yo minglab o‘zbek erkaklari singari xorijda mehnat qilayotir. Aminmanki, bu fidoyi kasb vakillariga yaxshi maosh to‘lansa, bajonidil o‘z o‘rinlariga qaytishadi.
Murodjon RAHMATOV
suhbatlashdi.