ОLIMA AYOLNING O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTI YO‘LIDAGI IZLANISHLARI
Dunyoda kasblar juda ko‘p, har birining hayotda o‘z o‘rni va ahamiyati bor. Lekin ular orasida bir ulug‘ kasb borki, boshqa barcha kasblar uning negizida shakllanadi, taraqqiy etadi. Bu o‘qituvchilik kasbidir. Inson tarbiyasida, kamolotida ustozlarning xizmatlari ulug‘. Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda o‘qituvchilarning beqiyos hissasi borligini doimo his etamiz.
Mamlakatimiz rahbari “Ustozni otaday ulug‘ deb bilgan, doimo ardoqlagan ma’rifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham o‘qituvchi, muallim deganda o‘zim uchun eng aziz va hurmatli bo‘lgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham muallim saboq va ta’lim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan,” – deb ta’riflaydi. Bugun xotin-qizlarimiz nafaqat farzand tarbiyasi, balki jamiyatning turli jabhalarida fidoyilik ko‘rsatishmoqda. Ayollarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va mavqeyi bugungi kunda o‘zgacha mohiyat kasb etgani sir emas. Chunki uning siymosida ona va murabbiya degan timsol yashaydi. Zero, so‘nggi yillarda yurtimiz xotin-qizlarining bilim olishi uchun ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida alohida davlat kvotalari ajratilishi, xotin-qizlarimizning ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun sharoitlar yaratilganligi so‘zimizga dalildir. Mamlakatimizda davlat siyosatining diqqat-e’tibori xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, jamiyat va davlat boshqaruvida ularning o‘rnini yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishga qaratilgan. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yosh, iqtidorli, izlanuvchan pedagog sifatida o‘z bilimi, mahorati, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarni mohirona qo‘llashi bilan jamiyatda pedagoglar e’tirofiga sazovor bo‘lib, bilimi bilan jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shayotgan xotin-qizlar safida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Sarimova Dildora Soataliyevnaning alohida e’tirof etishni joiz deb topdik.
D.Sarimova 1988-yil 22-iyulda Namangan viloyati Chust tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Kimyo va ekologiya mutaxassisligini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009-yil Toshkent shahri Shayxontohur tumani 82-umumta’lim maktabida kimyo fani o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. Jo‘shqin ijodini boshlagan Dildora Sarimova 2009-yilda “Yosh pedagog” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida birinchi o‘rinni egallaganligi uning tanlagan kasbiga yanada mehr uyg‘otdi. 2010-yil ushbu universitetni imtiyozli diplom bilan tamomladi. 2012-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining magistratura yo‘nalishini tamomladi. 2013-yildan hozirga qadar Toshkent viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish Milliy markazida turli lavozimlarda ishlab kelmoqda. Umrini ilmga baxshida etgan olima pedagogik mahorati va tajribasini oshirish maqsadida tinmay o‘z ustida ishlab kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasida “Innovatsion texnologiyalar” yo‘nalishida, 2014-yilda A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy institutida 144 soatlik malaka oshirish kursida, 2014-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Axborot texnologiyalari” kursini tamomladi. 2016-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi “Qayta tayyorlash va malaka oshirish tarmoq markazi”ning 288 soatlik kursini muvaffaqqiyatli tamomladi. Mehnat faoliyati davomida tinglovchilarga puxta bilim berish, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida ko‘rgazmali va texnika vositalaridan foydalangan holda, kompyuter dasturlaridan kimyo fanida MyTestX, Camtasio studio, Ispring, Hot Potatoes, Flash kabi qator amaliy dasturlardan samarali foydalanib bilim berib kelmoqda.
Pedagogik faoliyati davomida xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan konferensiyalarda o‘z ilmiy maqola va tezislari bilan muntazam qatnashishi natijasida butunjahon tajribasini o‘rganish, malaka oshirish tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shishni maqsad qildi. 2016-yilda “Tabiiy va aniq fanlar ta’limi” yo‘nalishida o‘tkazilgan Respublika forumida o‘z tajribalarini Respublikadagi kimyo fani o‘qituvchilariga moderator vazifasini bajarish orqali y е tkazar ekan, shijoatli, o‘z kasbining mohir pedagogi sifatida respublikamizning ilg‘or pedagoglarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. 2016-yil Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda 8-sinflar uchun “Oltingugurt va uning birikmalari” mavzusida videodars yaratdi va foydalanuvchilar uchun eduportal.uz, multimedia.uz kabi ta’lim saytlariga joylashtirish va 2017-yil avgust oyida o‘tkazilgan 10-sinf darsligini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv seminarida trener vazifasini bajarib, XTVning 34 sonli “Umumta’lim maktablari kimyo fani o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosi bo‘yicha Respublika ta’lim markazida o‘tkazilgan videoseminarlarda o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etdi va o‘z ish tajribasini Respublika miqyosida ommalashtirdi va mazkur markazning faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. 2018-yil O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh olimlar” tanlovida faol ishtirok etib, III darajali diplomi bilan taqdirlandi. Shu yilning o‘zida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 13.00.02 Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (kimyo)” ixtisosligi “Malaka oshirish tizimida kimyo o‘qituvchilarining axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kompetensiyalarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi uchun mustaqil tadqiqotchi sifatida doktoranturaga qabul qilindi.
Ilmiy izlanishlari davomida 50 dan ortiq maqola va tezislari ilmiy jurnallar, respublika, xalqaro va chet el konferensiyalari hamda jurnallarida yoritilgan: “Kimyo fanini o‘qitishda axborot texnologiyalardan foydalanish”, “Kimyo fanidan sinfdan tashqari mashg‘ulotlar” nomli o‘quv-uslubiy va metodik qo‘llanmalari chop etilgan. Bundan tashqari, Respublika Multimedia Markazi bilan hamkorlikda ishlangan “Oltingugurt va uning birikmalari” mavzusida videodars, Kimyo o‘qituvchilarini ijodkorligini oshirishda FLASH MX dasturidan foydalanish nomli elektron metodik qo‘llanma yaratgan va unga №DGU №000763 raqamli guvohnoma, “Laboratoriya sharoitida kerakli moddalarni hosil qilish va ajratib olish. Kimyoviy eksperimentni tashkil etish” nomli elektron metodik qo‘llanma yaratgan va IP CONSULTING CENTER №003259 guvohnomasini olgan. Taraqqiyotning qiymati yangilanish va takomillashuvda degan fikrga muvofiq Dildora Sarimova o‘z malakasini soha yo‘nalishlari borasida tobora oshirib bormoqda. Ulardan faoliyati jarayonida Xalq ta’limi vazirligining 13-avgustdagi 02-02/4-406-son ma’lumotnomasiga ko‘ra “Kimyo fanini o‘qitishda axborot texnologiyalaridan foydalanish metodikasi” nomli metodik qo‘llanmasi, “Kimyo fani o‘qituvchilarining ijodkorligini oshirishda Flash MX dasturidan foydalanish”, “Laboratoriya sharoitida kerakli moddalarni hosil qilish va ajratib olish”, “Kimyoviy eksperimentni tashkil etish” elektron ta’lim resursi amaliyotga tatbiq etilgan. Ushbu elektron metodik qo‘llanmalar orqali malaka oshirish jarayonida ta’lim texnologiyalari va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga qo‘yilgan (zamonaviylik, axborotlilik, kompetensiyaviy) talablar asosida pedagoglarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kompetentligini rivojlantirishning pedagogik-psixologik jihatlari xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlarida o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan. Malaka oshirish jarayonida pedagoglar axborot kommunikativ kompetentligini shakllantirish modeli o‘qituvchilarning faoliyatli munosabatini (subyektda faollik, motivatsiya, o‘zaro hamkorlik, o‘z-o‘zini rivojlantirish) yaratish hamda ta’limiy komponentlarni optimallashtirish asosida maxsus (kasbga yo‘naltirilgan bilimlar va ko‘nikmalar obyektiv va predmetli yo‘nalishini aks ettirish) kompetensiyalari ishlab chiqilgan hamda amaliyotga joriy etilgan. Natijada, kimyo o‘qituvchilari kasbiy kompetentligining oshishiga erishilgan, malaka oshirish kurslarida ta’lim samaradorligini oshirish imkonidan o‘quv-tarbiya jarayonida foydalanib kelmoqda.
Dildora Sarimova nafaqat ta’limda, boshqa jamoat ishlaridagi, pedagogik faoliyati, jamoatdagi mehnatlari uchun bir necha bor viloyat, shahar, tuman hokimiyati, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan faxriy yorliqlar sovrindori bo‘lganligi, shuningdek o‘zining bilimdonligi, faolligi, tashkilotchiligi, o‘z kasbiga fidoiyligini e’tirof etgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2019-yil “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2021-yili D.Sarimova pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish bo‘yicha 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (kimyo) ixtisosligi “Malaka oshirish tizimida kimyo o‘qituvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kompetensiyalarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishini O‘simlik moddalari kimyosi instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc. 02/30.01.2020. K/T. 104.01 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan Bir martalik Ilmiy Kengashda muvaffaqiyatli himoya qildi.
Hozirgi kunda Dildora Sarimova Toshkent viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish Milliy markazida “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Rahbarlik va pedagogik faoliyati davrlarida nafaqat Milliy markaz, shu bilan bir qatorda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini rivojlantirish, o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, o‘qituvchilarning dars sifati samaradorligini oshirish, o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik ta’minotlarni boyitishda o‘z maslahatlari bilan katta hissa qo‘shib kelmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Angliya va boshqa xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlaydi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan faol ishtirok etadi.
2021-yildan buyon For Joining Editorial Board of Eurasian Journal Of Humanities and Social Sciences ISSN Belgium jurnalida tahrir hay’ati a’zosi. Viloyatda kimyo fani o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Viloyatda, hududiy markazda o‘tkazilayotgan intizomli, atrofdagilar bilan samarali muloqot o‘rnata olganligi sababli markazda turli bayram hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda va boshqa jamoat ishlarida muntazam faol ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va uning amaliy samaralarini targ‘ib qiladi.
Pedagogik faoliyati jarayonida o‘zining tirishqoqligi, topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashishi, izlanuvchanligi, kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi tinimsiz mehnati bilan markaz jamoasi o‘rtasida o‘z o‘rni va mavqeiga ega.
Yuqori malakali pedagog, fidoyi va jonkuyar inson sifatida hamkasblari va tinglovchilar o‘rtasida hurmat qozongan. Ular jamiyatda pedagog, rahbar bo‘lishi bilan birga oilada ona, suyukli yor hamdir. Ikki qiz va ikki o‘g‘ilning mehribon onasidir. D.Sarimova ham oilada, ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega va bugungi kundagi yoshlarga o‘rnak bo‘luvchi, umrining har lahzasidan mazmunli foydalana oladigan irodali ayoldir Biz ustozni, olima va muallima ayolni ishlariga rivoj tilab, sihat-salomatlik, oilasi, kasbdoshlari va shogirdlari baxtiga doimo omon bo‘lishlarini tilab qolamiz.
Bonu SARIMOVA,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universitetining 1 – bosqich talabasi