MENI DORILFUNUNGA YETAKLAGAN SHAXS
O‘zbekiston Milliy universiteti… Menga bu dargoh go‘yoki yetishib bo‘lmas manzildek ko‘rinar edi. Xuddiki, yerdan ancha yiroq bo‘lgan osmondagi yulduzlardek, qo‘l cho‘zsa yetmaydigan maskan edi.
Yaxshiyamki, orzu orzuligicha qolib ketmadi. Aynan shu yerga hujjat topshirdim va talabalar safiga qo‘shildim. Kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan kezlarim, universitetda o‘qigan va faoliyat yuritgan insonlar haqida o‘qib, faoliyatlariga qiziqib yurardim. Masalan, Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Begali Qosimov, Said Ahmad kabi ko‘plab insonlar hayot yo‘li menda havas uyg‘otardi. Bu shaxslar orasida eng ko‘p e’tiborimni tortib, ham shaxs sifatida, ham olim sifatida hurmatimga sazovor bo‘lgan, qaysidir ma‘noda meni shu universitetga yetaklagan shaxs Ozod Sharafiddinovdir. Ustozning Milliy universitetga ilk bor kirib kelishi ham ajoyib bo‘lgan ekan. U bu haqida Domlalar” nomli kitobida shunday yozadi: “Men O‘zbekiston Milliy universitetiga 1946-yilning sentabrida kelganman. Yonimda yetuklik attestati, cho‘ntagimda oltin medal. Dunyoning hamma ilmini bilib, tadqiq qilib qo‘ygandek, burnim ko‘tarilgan, dimog‘im shishgan, bosar-tusarimni bilmayman. Meni bag‘riga olgan dorilfunun qisqa muddatdayoq ko‘zimni ochdi. Osmondan yerga tushirdi. Ilm dunyosining sarhadsiz bir ummon ekanini, uning musaffo suvlari har qancha shimirgan bilan tagiga yetib bo‘lmasligini ayon qildi”.
Kitobda yozilishicha, Ozod Sharafiddinov 1955-yilning sentabr oyidan O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kiradi. Shu kundan boshlab ustozning universitet bilan bog‘liq hayotining ikkinchi qismi boshlanadi. “Domlalar” kitobining “Dorilfunun mening hayotimda” bobida ilk bor darsga kirganini go‘zal xotiralar bilan eslaydi: “Ilk bor Umarali Normatovning 4-kurs talabalari darsiga kirdim. Auditoriyadagi yigit-qizlar mendan atigi 3-4 yosh kichkina edi. Go‘yo hammalari “Qani, nima karomat ko‘rsatar ekansan” deb ko‘zlarini uzmay tikilib qarab turishar edi. Biroz hayajon bilan darsni boshladim. Lekin topib kelgan ma‘lumotlarim darsning oxirigacha yetmadi. Dars tugashidan 15 daqiqa oldin tamom bo‘ldi. Yaxshiyamki talabalar hadeb savol berishmadi. Chiqib ketay desam, pulini olib, ishini chala qilib ketgan mardikorning ahvoliga tushib qolishdan qo‘rqdim. Shunday qilib birinchi darsim hayajonli o‘tgan. Omadim bor ekan, talabalar ham, domlalar ham yaxshi insonlar ekan. Domlalar mehribonlik bilan muomala qilishar, mubolag‘asiz aytish mumkinki, meni yangi o‘tqazilgan niholdek avaylab, parvarishlab voyaga yetkazishdi”.
Ozod Sharafiddinov XX asrning 60-yillarigacha bo‘lgan o‘zbek adabiy jarayonidagi holatlarni “Talant – xalq mulki”, “Adabiyot – hayot darsligi”, “Go‘zallik izlab”, “Adabiy etyudlar” kabi ko‘plab asarlarida aks ettirgan. U tarjima san’atiga tanqidchilik konsepsiyasini olib kirdi. L.Tolstoyning “Iqrornoma”, P. Koeloning “Kimyogar”, E.Sevelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Milliy universitetning filologiya fakulteti Mumtoz adabiyot kafedrasi ilmiy mudiri Hamidulla Boltaboyev aytganidek, Ozod Sharafiddinov o‘zbek tanqidchiligi tarixida IBRAT fenomeniga aylangan yagona hodisadir. Deni Didroning “Kim o‘qishdan to‘xtasa, u fikrlashdan ham to‘xtaydi” mazmundagi hikmati uning munaqqidlik faoliyatini yoritib turgan.
Zamondoshlarining aytishicha, u kishida ulug‘larga xos bo‘lgan soddalik, kamtarlik bor edi. Aspirant shogirdlariga ham, oddiy dehqonga ham bir xil munosabatda bo‘lgan. Shu bois oddiy odamlar ham, shogirdlar ham bu kishi bilan muomalada o‘zini butunlay erkin tutishgan. Yurakdagi dardlari, hech kimga ochmagan sirlari bilan bemalol o‘rtoqlashishgan.
Agar menda chinakam olimga misol keltirish zarurati tug‘ilsa, birinchi navbatda Ozod Sharafiddinovning nomini tilga olaman. Chunki mamlakatimizning mashhur olimi, ulkan jamiyat va madaniyat arbobi, davlatimizning eng bilimdon kishilaridan biri, xalqning vijdoni darajasiga ko‘tarilgan Ozod Sharafiddinov odamni ruhlantiradigan, nurlantiradigan, butun vujudidan nur, fikr yog‘ilib turadigan olim va insondir. Ana shunday samimiy qalb, ochiqko‘ngil insonning izdoshi bo‘lish, u o‘qigan, ishlagan, yurgan yo‘llarda yurish men uchun faxr. Uning maqolalari, asarlarini o‘qib, xuddi suhbatlashgandek bo‘laman. Bu insonni e’zoz bilan, yuzda tabassum bilan yodga olaman va munosib avlod bo‘lishga harakat qilaman.
Xurshida ABDURAHMATOVA,
O‘zMU talabasi