NAVOIY TAVALLUDINING 582 YILLIGI KENG NISHONLANDI
Buyuk shoir, g'azal mulkining sultoni hazrat mir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi munosabati bilan viloyatimizda turli kechalar, tadbirlar, navoiyxonliklar o'tkazib kelinmoqda.
Xususan, kuni kecha SamDU Kattaqoʼrgʼon filialida tashkil qilingan buyuk bobokalonimiz Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan "Navoiy ma'naviyatini anglash" mavzusidagi adabiy-badiiy tadbirda Kattaqo'rg'on shahar hokimi Gavhar Аlimova, SamDU Mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti Sobirjon Tohirov, shoir va yozuvchilar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʼz olgan shahar hokimi Gavhar Аlimova oʼzbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulugʼ siymo, buyuk davlat arbobi Аlisher Navoiy hayoti va ijodiga toʼxtaldi.
Alisher Navoiyning bebaho merosi nafaqat turkiy xalqlar, balki butun bashariyat uchun bamisoli obihayot manbai, barhayot ma'naviy sarchashmalardan biri ekanligi, olti asrga yaqin muddatda turkiy tafakkur karvoniga sarbonlik qilib kelayotgan ushbu mutafakkir shoir va benazir shaxsning hayot maslagi, tengsiz tafakkur dahosi va har bir satri oltinga teng bo'lgan asarlari odamiylikning oliy sabog'I ekanligini a’lohida ta’kidlab o’tdi.
Shuningdek, Alisher Navoiy shaxsiyatini buyuk mutasavvuf olim,shoir, davlat arbobi, bir so`z bilan aytganda, komil inson sifatida ulug`lab, yig'ilish ishtirokchilariga ko`plab qo`shimcha ma`lumotlar berib o`tdi.
Samarqand davlat universitetidan tashrif buyurgan Sobirjon Tohirov ushbu qutlug‘ sana bilan tadbir ishtirokchilarini, mehmonlarni, ustoz-murabbiylar va talabalarni chin ko‘ngildan samimiy muborakbod etib, Navoiy bobomizning insoniyat ma’naviyati, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilayotgan ilmiy-ma’naviy meroslarini chuqur o‘rganishda sobidqadam bo‘lish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, Hazrat Alisher Navoiy ijodiy merosi xususida ma'lumotlar berib o'tdi.
Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligiga bag‘ishlangan tadbirning badiiy qismi oldidan Kattaqo'rg'on shahar hokimi o'rinbosari J.Nosiriv, Xalqaro Turon yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira F.Abdullayevalarga so‘z berildi.
Tadbir chin ma’noda she’riyat kechasiga aylandi. Iqtidorli talabalar tomonidan shoir qalamiga mansub g‘azallar, ruboiylar yod aytildi, musiqiy chiqishlari bilan davom etdi.
Koʻtarinki ruhda tashkillashtirilgan ushbu tadbirda Samarqand davlat universiteti ”Maqomchilar ansambli” badiiy jamoasi tomonidan Navoiy gʻazallari asosidagi mumtoz qoʻshiqlari ijro etildi.
SamDU Kattaqo'rg'on filiali axborot xizmati