O‘quv dargohlarimizni bosqichma-bosqich oyoqqa qo‘yishimiz zarur!
O‘quv dargohlarimizni bosqichma-bosqich oyoqqa qo‘yishimiz zarur!
Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda test sinovining joriy etilishi inqilobiy hodisa bo‘ldi. Yashirib nima qilamiz, undan oldin qo‘lingizda mo‘maygina pulingiz bo‘lmasa, oliy ta’lim olish haqida orzu ham qilolmasdingiz. Chunki o‘sha yillari oliy ta’lim muassasalari qulog‘igacha korrupsiya botqog‘iga botgandi. Garchand, keyinchalik ham bu illatdan tamomila qutula olmagan bo‘lsak-da, hech bo‘lmasa, qabul jarayonida nisbatan adolat qaror topdi.
OTMlarga oddiy kasb egalarining farzandlari ham qabul qilina boshladi. Biroq ushbu yutuqni oliy maktablardagi qamrov darajasining pasayib ketishi yo‘qqa chiqardi. Aytaylik, o‘tgan asrning 90-yillar boshida O‘zbekiston oliy ta’lim qamrovi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yuqori darajada bo‘lsa, 2016 yilga kelib eng oxirgi o‘ringa tushib, ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 9 foizni tashkil etdi. Mamlakatimizdagi birorta oliy ta’lim dargohi xalqaro reytinglarga kirmadi. Mana, nihoyat 2021-yilga kelib, 29 foiz maktab bitiruvchilarimiz OTMlarga qabul qilinadigan bo‘ldi. Ma’lumot uchun shuni keltirish mumkinki, yon qo‘shnimiz Qozog‘iston Respublikasida oliy ta’lim qamrovi ko‘rsatkichi 40 foizdan ziyod bo‘lib, sakkizta oliy ta’lim muassasasi dunyodagi OTMlarning mingtalik reytingiga kiritildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu ko‘rsatkichni bizda ham 2030-yilgacha 50 foizga yetkazib, mingtalik ro‘yxatga kirish vazifasini qo‘ydi.
Mamlakatimiz ta’lim sohasidagi oqsoqlik tizimli bo‘lib, shu davr ichida umumiy o‘rta ta’lim berishda ham aytarli jiddiy islohotlar bo‘lmadi. Albatta, xalq ta’limida o‘zgarishlar umuman bo‘lmadi desak, adolatdan bo‘lmaydi. Lekin maktablarimizdagi islohotlar ko‘p hollarda xo‘jamko‘rsin qabilida yuzaki amalga oshirildi. Natijada ayrim dekorativ o‘zgarishlarni hisobga olmaganda, xalq ta’limida chuqur sifat o‘zgarishlari ro‘y bermadi. Xom o‘ylangan rejalar asosida amalga oshirilgan ishlar samarasiz ketib, umumiy o‘rta ta’lim sohasida davomiy depsinish holati yuzaga keldi. Bitiruvchilarni o‘rta maxsus ta’limga ommaviy jalb qilish tadbirlari barbod bo‘lib, o‘rtada juda katta mablag‘lar o‘rinsiz sarf qilib yuborildi.
Bu borada mamlakatimizda keyingi besh yilda amalga oshirilayotgan ishlar kishida katta umid uyg‘otadi. Masalan, viloyat markazlarida ijod maktablari, prezident maktablari, fanlarni chuqur o‘rgatuvchi ixtisoslashgan umumta’lim maktablarining tashkil etilayotgani albatta yaxshi. Ammo faqat markazlar haqida qayg‘urib, chekka hududlarni nazardan qochirish ham durust emas. Chunki chekka-chekka qishloqlarda ham iqtidorli-iste’dodli o‘quvchi yoshlarimiz ko‘p. Ularga ham zamonaviy sifatli bilim
berishimiz zarur. Bunga erishish uchun hamma ta’lim muassasalarini birdek oyoqqa turg‘izib, sifat o‘zgarishlari qilish vazifasi garchand, bir qarashda, juda jozibali ko‘rinsa-da, uni amalga oshirish nihoyatda og‘ir, balki umuman bajarib bo‘lmaydigan ishdir. Nega desangiz, ta’lim sifatini keskin ko‘tarish uchun ko‘plab malakali kadrlar talab qilinadi. Afsuski, hozirgi holatda muallim ustozlarimizning ko‘pchiligi davr talablariga javob bera olmaydigan o‘qituvchilardan iborat. Buni quyidagi raqamlardan ham bilib olish mumkin. Respublikamiz maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarning bor-yo‘g‘i 3,5 foizi oliy toifali pedagoglar bo‘lib, ular ham turli maktablar o‘rtasida sochilib ketgan. Ustozlarning qolgan katta qismini quyi toifadagi o‘qituvchilar tashkil etadi. Shu bois maktablarimizdagi ta’lim sifatini davr talabi darajasida deb bo‘lmaydi. Oliy ta’lim muassasalariga qabulda test sinovlari joriy etilishi maktablarimiz oldiga yildan yilga tobora katta vazifalarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Hozir bu bo‘shliqni qaysidir ma’noda repetitorlar to‘lg‘azib turibdi. Ammo bu yangi-yangi kutilmagan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Maktablardagi o‘quvchilar davomati muammosi va har xil boshqa turdagi suiiste’molchiliklar shular jumlasidandir.
Shu sababli ham, yuqorida aytganimizdek, barcha maktablarni birdan yaxshilashdek bajarish murakkab bo‘lgan ishga qo‘l urmasdan, o‘quv dargohlarimizni bosqichma-bosqich, bitta-bittalab oyoqqa qo‘yishimiz zarur. Albatta, bu ko‘p vaqtni talab qiladi, ammo biz uchun bundan o‘zga oqilona yo‘l yo‘q.
Aytaylik, bitta qishloqda, bitta mahallada yoki bir nechta qishloq orasida bir necha maktab bo‘lishi mumkin. Shularning orasidan kadrlar salohiyati nisbatan yuqori bo‘lgan bittasini tanlab olish lozim. Ma’lum shart-sharoitlar yaratilgach, atrofdagi barcha maktablardagi oliy toifali pedagoglar va a’lochi o‘quvchilar shu maktablarga jalb etiladi. Shu yo‘sinda hozirning o‘zidayoq o‘qituvchilari nuqul oliy toifali pedagoglardan iborat uch yuzdan ziyod namunali maktab tashkil etish mumkin. Qolgan maktablardagi moddiy va ma’naviy vositalar, direktor jamg‘armasidagi mablag‘lar ham ana shu xildagi ta’lim muassasalariga yo‘naltirilsa, davlat tomonidan qo‘shimcha bir so‘m sarflanmasdan bu boradagi moliyaviy muammolar ham o‘z yechimini topadi. Buning natijasida ushbu maktablarda ishlovchi pedagog-xodimlarning ish haqi sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Agar o‘quvchilarning maktabga qatnashlari uchun yo‘l uzoq bo‘lsa, maktab ixtiyoriga avtobus ajratiladi. Shu taxlit respublikamizda minglab mazmun jihatidan yangi mumtoz maktablar tashkil etiladi. Ana shu xildagi maktablar kelajakda barcha sohalarni olg‘a siljituvchi lokomotiv vazifasini bajarib, qolgan oddiy maktablarni ham ortidan ergashtirishi shubhasiz. Ushbu islohotlar natijasida keyinchalik repetitorlarga ham hojat qolmaydi va ota-onalarga ortiqcha xarajat yuki tushmaydi.
Pirovardida mamlakatimiz xalq ta’limi tizimida chinakam raqobat muhiti vujudga kelib, O‘zbekistonimizda prezidentimiz orzu qilgan minglab yangi “Qorako‘l maktablari” paydo bo‘ladi va fuqarolarning konstitutsiyamizda aks etgan bepul sifatli ta’lim olish huquqlari bekam-u ko‘st ta’minlanadi.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy pedagog