O‘zbekiston—Belorus davlatlari oliy ta’lim tizimida yangi davr
So‘ngi yillarda respublikamizda ta’lim sohasida olib boriladigan izchil islohotlarning asosiy maqsadi – malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat. Shu orqali yurtimizdagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilarining xorijiy universitetlar tajribasini o‘rganish, amaliyotga qo‘llash, nufuzli universitetlarda malaka oshirish, magistratura va doktorantura yo‘nalishida sifatli hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga erishish davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari o‘zining xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish va ta’lim sifatini yaxshilashga erishish borasida bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda. Shu ma’noda, kuni kecha respublikamizdagi to‘rtta oliy ta’lim muassasalari vakillari hamkorlik o‘rnatishg maqsadida Belorus Respublikasiga tashrif buyurdilar.
Joriy yilning 2 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent Davlat transport universiteti, O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti delegasiyasi Belorus Milliy texnika universitetiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni Belorus Milliy texnika universiteti rektori Sergey Xaritonchik boshchiligida universitet vakillari kutib oldilar.
Uchrashuv davomida Belorus Milliy texnika universiteti va O‘zbekiston Respublikasi yetakchi oliy ta’lim muassasaalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bir qator shartnomalar imzolandi. Shuningdek, Toshkent Davlat texnika universiteti va Belorus Milliy texnika universitetining qo‘shma ta’lim bo‘yicha dekani Riskulov Alimjon Axmadjanovichga “Belorus Milliy texnika universitetining faxriy professori” unvoni berildi. O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovga Belorus Milliy texnika universiteti ta’lim sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ikki universitet o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga qo‘shagan xizmatlari uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Kelgusida universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli rejalar to‘g‘risida fikr almashildi.
O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova