OLIY TA’LIMDAGI KAMCHILIKLAR QACHON TUGAYDI?
O‘zbekistonda ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz ham o‘z chiqishlarida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, ta’lim sohasida hamon tizimli muammolar borligi, o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi zamon talablariga javob bermasligini tanqid qilmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish uchun soha mutaxassislari, boshqaruv organlari va jamoatchilik faoli bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Bizningcha, bugungi kunda ta’limga oid asosiy masala uning turli bosqichlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarini tugatib, o‘quv va tarbiya samaradorligini oshirishga oid tadbirlarni zudlik bilan tatbiq qilishdir. Bu boradagi holatni aniqroq tasavvur qilish uchun quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning qayd qilishicha, respublikamizning bironta oliy o‘quv yurti reyting bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi mingta o‘quv yurtlari orasiga kirolmagan. Oliy ta’limning barcha bosqichlarida korrupsiya mavjud. Eng nufuzli QS World University Rankings reytingida postsovet hududida ushbu guruhga faqat ikkita – M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti kiradi.
Sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston aholi jon boshiga oliy ma’lumotlilar soni bo‘yicha yuqori o‘rinlardan birini egallagan edi. Shu bilan birga OTMlarda ilmiy darajaga ega bo‘lgan pedagoglarning soni ham ko‘p bo‘lgan. Kafedra mudirligi fan doktorlari, professorlarga topshirilgan. Bugungi kunda mamlakatimiz ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha hatto Markaziy Osiyodagi qo‘shnilaridan ham orqada qolmoqda. Aytib o‘tish joizki, ba’zi kafedralarni ilmiy darajaga ega bo‘lmagan
xodimlar tomonidan boshqarish holatlari ham kuzatilmoqda. O‘qish-o‘rgatish sifatining pasayishiga professor-o‘qituvchilar sonini qisqartirish natijasida shtat birliklari kamayganligi, ayrim kafedralarning yopilishi, xodimlarning mutaxassisligiga mos kelmaydigan kafedralarga o‘tkazilishi kabilar ham sabab bo‘ldi. Universitet, institut kafedra va laboratoriyalarida ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan tashkil qilingan ilmiy maktablar deyarli tarqab ketdi, o‘rniga yangilarining paydo bo‘lishi esa juda sustkashlik bilan kechmoqda. OTMlarda o‘quv va tadqiqot jihozlarining yetishmasligi yoki yo‘qligi, dolzarb masalalar bilan shug‘ullanmaslik talabalarda zamonaviy amaliy, politexnik uquvlarning shakllanishiga, yoshlarning ilmiy darajalar olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
OTMlar keyingi yillarda turg‘unlik davrini o‘taganlari uchun o‘quv va tadqiqot ishlarida qo‘llaniladigan usullar, asbob-uskunalar, jihozlar eskirdi, ishdan chiqdi. Boshqacha qilib aytganda, aksariyat ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga kelib qolgan. Hozirgi vaqtda ta’lim muassasalarida talab darajasida dars beradigan professor-o‘qituvchilarning yetishmasligi va shuning bilan birga pedagogik jamoa kadrlarining keksayishi kuzatilmoqda. Bunday holatni ishlab chiqarish, boshqaruv sohalarida ham kuzatish mumkin. Bizningcha, bunga mutaxassislarni tayyorlash sifatining pastligi, keksa avlod mutaxassislari bilan raqobat qila oladigan kadrlarning yetishmayotganligi ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Natijada pedagoglarning ayrimlari eski bilimlariga tayangan holda faoliyat olib bormoqda. Agar professor-o‘qituvchilar ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmasa, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bilan doimiy aloqada bo‘lmasa, eskirgan xulosalar asosida mashg‘ulotlar olib boradi yoki o‘zlari yaqindan tanish bo‘lmagan soha bo‘yicha adabiyotlardan o‘rganib (retranslyator sifatida) dars beradilar. O‘quv yurtlarimiz professional pedagogik kadrlar hamda uni olg‘a boshlovchi, jonkuyar, o‘quv-tarbiyaviy, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish va boshqarishda tashabbuskor bo‘lgan rahbarlar bilan ham yetarlicha ta’minlanmagan.
Keyingi yillarda yuqori malakaga ega bo‘lgan professional mutaxassislarni tayyorlashga bo‘lgan e’tibor pasaygan ko‘rinadi. Bilim bilan malaka o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lishi muhim. Agar o‘quvchi yetarlicha bilimga ega bo‘lsa-yu, ammo uni qo‘llashni o‘rganmagan bo‘lsa, bilimning foydasi kam ekanligi ma’lum. Bunday holat vujudga kelishiga nazariy va amaliy ta’limning o‘zaro nomutanosibligi, aktual bo‘lmagan, eskirgan o‘quv materiallarining qo‘llanilishi, amaliyot ko‘lamining, moddiy-texnik bazaning yetarli emasligi kabi muammolar sabab bo‘lyapti. Bozor iqtisodiga o‘tish, tadbirkorlik, xususiy mulkchilikning rivojlanishi tobora ish beruvchilar tomonidan bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalariga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda, ammo bugungi kunda bu sifat ularni qanoatlantirmayapti. Hatto, turli kompaniya, firma rahbarlaridan “Sizdagi asosiy muammo nima?” deb so‘rasangiz “Professional kadrlarning yetishmasligi” degan javobni ko‘p eshitasiz. Vaholanki, har yili OTMlarimizni yuz minglab talabalar bitirmoqda. Bundan tashqari, qanchadan-qancha diplomga ega shaxslar ishsiz yoki o‘z sohasi bo‘yicha ishlamaydilar. Bunday bo‘lishiga OTMlarning tayyorlagan kadrlari sifatiga javobgarligi yo‘qligi, ular faoliyatining bu belgiga deyarli bog‘liq emasligi kabi omillar sababdir. E’tibor bering, agar ishlab chiqaruvchi sifatsiz mahsulot ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib berolmasa bankrot bo‘ladi-ku.
OTMda o‘qish tekin emas. Bizningcha, hozirgi paytda ta’lim sifati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar talab darajasidan oshmagan, yaxshilanmagan bo‘lsa-da, to‘lov miqdori oshib bormoqda. Ta’limga kiritilgan sarmoya o‘zini oqlashi kerak. Bunday masalalarni hal etishda talabalarning diplom olishga emas, professional kasb egasi bo‘lishga intilishlarini kuchaytirish lozim. Mentalitetimizda o‘ziga xos ba’zi salbiy qarashlar mavjud. Shulardan biri nima bo‘lmasin diplomga ega bo‘lib olish. Shu sababli, olingan diplomlarning talaygina qismi “bo‘sh” bo‘lib chiqadi va bitiruvchilarning aksariyati o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamaydi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bitiruvchilarning ishga joylashishida tanish-bilishlik, mahalliychilik, yuqoridan bosim o‘tkazish, poraxo‘rlikka chek qo‘yish, shaffof raqobatga erishish eng muhim masaladir. Qayd etilgan muammolarni hal etishda Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar reformator rolini o‘ynashi talab etiladi.
Oliy ta’lim tomonidan tayyorlanadigan mutaxassislarning sifati, uning o‘rta ta’limni qay darajada olganligiga bog‘liq. Bu boradagi holat qanday, degan savolga beriladigan javob aniq. Bugungi kunda umumta’lim muassasalari o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani yetarli darajada bajarolmayapti. Bunday deyishga quyidagi ma’lumotlar imkon beradi: 2021-yili DTM qabul imtihonlarida qatnashgan abituriyentlarning 90 foizi 80 (umumiy 189) baldan past baho olgan edi. 2022-yilgi natijalar esa bundan-da past bo‘lib chiqdi. Tanlovdan o‘tib talabalikka qabul qilingan abituriyentlarning aksariyatini maktabdan tashqarida qo‘shimcha tahsil olganlar tashkil etmoqda. O‘zMU talabalari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 2021-2022-o‘quv yilida test sinovlaridan o‘tib talaba bo‘lganlarning 92 foizi o‘quv kurslariga, repetitorlarga qatnaganliklarini bildirishgan. Demak, bir necha yuz ming o‘quvchilarimiz maktabda olayotgan bilimlaridan qanoatlanmayotgani uchun vaqt va mablag‘ sarflab, o‘quv markazlariga, repetitorlarga qatnamoqda. Ammo, bizningcha, bu bilan o‘quvchilarning akademik bilimlari juda yuqorilab ketayotgani yo‘q. Bunday muassasa va shaxslar ishtirokida qo‘shimcha o‘qish, asosan, OTMga kirishga oid test sinovlari bilan bog‘liq “to‘siq”dan o‘tishga qaratilmoqda. Bunday kamchiliklarni bartaraf etishga oid fikr-mulohaza va takliflarimiz matbuotda e’lon qilingan. Ulardan eng asosiysini keltirib o‘tamiz.
Maktablarimizda barcha o‘quvchilarning, barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha OTMlarga kirishiga imkon beradigan, yuqori saviyada o‘qitishga mo‘ljallangan dasturlar va bunga moslab yozilgan darsliklar asosida bir xil “qolipda” o‘qitish belgilab qo‘yilgan. Qayd etilgan masalalarga oydinlik kiritish uchun quyidagi o‘xshatishni bayon qilishni lozim deb topdik. Usta yog‘ochdan yasaydigan musiqa asbobi yoki san’at durdonasining sifati, avvalo, buning uchun tanlab olgan xomashyosi bo‘lmish yog‘ochning sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Bizningcha, mustaqillik berilayotgan nufuzli o‘quv yurtlariga talabalikka qabul qilish imtihonlarini amalga oshirishda, tajriba-sinov asosida erkinlik berish lozim. Chunki o‘quvchilarni oliy ta’limga qabul qilishda bilimini DTMning sinovga oid test savollariga bergan javoblariga qarab baholash bir tomonlama, ya’ni asosan o‘quvchining nazariy bilimini aniqlashga qaratilgan. Ularning o‘quv mahorati, ijodiy fikrlash qobiliyatlarini baholashga juda kam e’tibor qaratiladi. Bu esa, o‘z navbatida, maktablarda tajribalarni ko‘rsatish, laboratoriya, ijodiy ishlarni bajarish, test sinovlari o‘tkazilmaydigan fanlarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibor, o‘quvchilarning politexnik ta’limi, amaliy uquvining pasayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada OTMlarda ham uquv va malakasi past bo‘lgan kadrlarni tayyorlash davom etmoqda. Yuqorida qayd etilgan vazifalar bajarilganidan so‘ng qabulga oid imtihonlarning bosqichma-bosqich OTMlarga topshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu o‘z navbatida ularning nufuzini ko‘tarib, test tizimiga sarflanadigan milliard-milliard xarajatlarni o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga qaratish imkonini beradi. Bunda g‘arb mamlakatlaridagi oliygohlarda o‘qishga kirish emas, balki uni bitirib chiqish qiyinligidan o‘rnak olganimiz ma’qul.
Kuzatishlarning ko‘rsatishicha, 80 minut davomida o‘zi nima uchun kerakligini tushunib yetmagan talabaga, faqat bo‘r va doskadan foydalanib, tajribalarni ko‘rsatmasdan, bahs-munozara uyushtirmasdan, muammoli vaziyatlarni vujudga keltirmasdan, interaktiv usullarni qo‘llamasdan o‘qiladigan ma’ruzalar zerikarli bo‘lmoqda. Axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi kunda darslik va adabiyotlar bilan bog‘liq muammo deyarli yo‘q. Lekin bunga qaramay ma’ruzalarini diktovka qilib, konspekt yozdiradigan o‘qituvchilar qancha. Savol tug‘iladi: bunday kamchiliklarni qanday tugatish mumkin? Ushbu muammolarni hal qilish uchun zamonaviy o‘qituvchi ta’lim berayotgan sohasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis bo‘lishi va ilmiy tadqiqot ishlarida qatnashishi, o‘qitishning an’anaviy va yangi interaktiv usullarini bilishi kerak. U materialni taqdim etish usullarini doimiy ravishda takomillashtirishi va yangi o‘qitish texnologiyalarini o‘zlashtirishi lozim. Xulosa qilib aytsak, OTMlarda ta’lim beruvchilar uchun uzluksiz o‘z ustida ishlash, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, axborot texnologiyalarini qo‘llash, samarali o‘qitish usullarini bilish, chet tillarda dars berish, fan va texnikaning turli tarmoqlari bo‘yicha uquv va malakalarga ega bo‘lish kabi talablar qo‘yilmoqda. Tabiiyki, qayd etilgan muammolarni hal etish uchun OTM birinchi navbatda bunday bilim va malakalarga ega bo‘lgan pedagog kadrlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Bu esa o‘z navbatida ulardagi (moliyaviy, moddiy-texnikaviy, maishiy, istiqbol kabi) sharoitlarga bog‘liq. Bunday vazifalarni bajarishda to‘siq bo‘layotgan omillardan biri yangi texnologiyalar, yo‘nalishlarni egallagan yosh mutaxassislarning universitetlarda ishlashga intilmayotganligi hamdir. Bularning sabablarini aniqlab, bartaraf qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim. Pedagoglarning maoshi asosan ularning ilmiy darajalariga bog‘lab qo‘yilgan. Hozirgi, yuqori salohiyatli kadrlar yetishmayotgan, ilmiy daraja olishga sharoitlar yetarlicha bo‘lmagan paytda bu ham iqtidorli, shijoatli yoshlarni bunday lavozimlarga jalb qilishda birmuncha to‘siq bo‘lib turibdi.
Qobiliyatli yosh mutaxassisga ilmiy daraja olish (mos ravishda maosh stavkalari ko‘tarilishi) uchun, avvalo, vaqt va sharoit bo‘lishi zarur. Bunday masalalarni yechishda avvalgi tajribalarni ham qo‘llagan ma’qul. Sobiq ittifoqda ma’naviy va g‘oyaviy tomonlarini hisobga olmasa, maorif, ya’ni o‘rta va oliy ta’lim yomon emas, tekin, sifati ham qoniqarli edi. Chunki davlatning bu soha bo‘yicha nazorati kuchli bo‘lgan. Agar nazorat halol va kuchli bo‘lmasa bu inqirozga olib kelishi mumkin. XIX asrning 60–70-yillarida mamlakatimiz OTMlarida mahalliy millatga mansub dars beruvchi pedagoglar va ilmiy xodimlar nihoyatda kam bo‘lgan. Lavozimlarga asosan markazdan mutaxassislar taklif qilingan. Bu masalada uzoqni ko‘zlab o‘sha davrdagi respublika va turli tashkilotlarning rahbariyati, yetakchi olimlarimiz yuqori malakali, raqobatbardosh milliy kadrlarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratishgan, bor imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga alohida e’tibor berishgan. Bunday ishlarni amalga oshirishdagi asosiy yo‘nalishlardan biri iqtidorli yoshlarni aniqlash, sharoit yaratib, aspirant, doktorant kabilarni sobiq ittifoqning yetakchi ilm dargohlariga o‘qishga, malaka oshirishga yuborish bo‘lgan. Qayd etilgan yillari Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirskdagi aspirantlarning, ilmiy darajalarga da’vogarlarning aksariyati O‘zbekistondan bo‘lgan. Natijada 80-yillarga kelib OTMlarni yuqori malakali milliy kadrlar bilan ta’minlash masalasi o‘z yechimini topgan edi. Masalan, O‘zMUning 70-80 foiz professor-o‘qituvchilari ilmiy darajaga ega bo‘lgan. Fakultet va kafedralarni yetarlicha ilmiy salohiyatga ega, ya’ni fan doktorlari boshqargan. Universitetning yetakchi mutaxassislar bilan ta’minlanishi uning nufuzini ko‘tarishi bilan bir qatorda, ilmiy-tatqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, moliyaviy tushumlar, pedagog va talabalarni moddiy rag‘batlantirish, moddiy-texnik bazani kuchaytirish imkonini bergan. Masalan, O‘zMUning fizika, geologiya, biologiya, amaliy matematika fakultetlari yiliga bir necha yuz ming rubldan (bir rublning qiymati bir dollardan ortiq bo‘lgan) ko‘p miqdorda xo‘jalik shartnomalarini bajargan. Hozirgi kadrlar taqchilligi kuzatilayotgan davrda vujudga kelgan muammolarni hal etishda bunday tajribadan foydalanish, zarur mutaxassislarni chet ellardagi hamkorlar bilan birgalikda tayyorlashga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Respublikamizda Buyuk Britaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya va shu kabi boshqa davlatlarning oliygohlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va ular orqali qayd etilgan davlatlardagi universitet, institutlarda malaka oshirish, birgalikda tadqiqot ishlarini olib borish, yetakchi pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning professor-o‘qituvchilarini, olimlarini jalb qilishga jiddiy e’tibor berish lozim. Bunday masalalarni yechishda mamlakatimiz Prezidenti amalga oshirayotgan sa’y-harakatlardan unumli foydalanish zarur. Masalan, 2022-yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifida Qirol Abdulaziz nomli universitet bilan hamkorlik qilish haqida kelishib olindi. Saudiya Arabistonida bu eng yirik universitet. U mamlakat reytingida 2- va jahon OTMlari orasida 222-o‘rinda turadi. Ish beruvchilar muassasa bitiruvchilariga katta qiziqish bildirib kelmoqdalar. Universitetning har beshinchi talabasi ajnabiydir. Universitetda 4 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi va ularning ko‘p qismi xorijiy mutaxassislardir. Bu universitet bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi yoshlarimiz va universitetlarimiz uchun katta imkoniyat yaratadi. Bu borada yana quyidagilarni ta’kidlab o‘tishni lozim deb topdik. Mamlakatimizda qator davlatlarning oliy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda: Xalqaro Vestminster universiteti, Turin politexnika universiteti, INHA universiteti va h.k. Bu universitetlar mamlakatimizning yuqori texnologiya talab qiladigan ishlab chiqarish sohalariga malakali mutaxassislar tayyorlashni amalga oshira boshladilar. Bunday tajriba davom etmoqda. “2022-yil 8-sentabrda Finlandiyaning ta’lim sohasidagi yutuqlarini e’tiborga olgan holda Toshkentda xalqaro Nordik universiteti ochildi. Shuning bilan birga yaqin kelajakda respublikamizning bir nechta shahrida turli davlatlar OO‘Ylarining filiallari o‘z ishini boshlaydi. Bizningcha, bu oliygohlar oliy ta’limni rivojlantirishda lokomotiv bo‘lishlari kerak. Tahlil qilinayotgan masalaga doir quyidagi ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. O‘z fuqarolarini chet ellarga o‘qishga yuboradigan mamlakatlar ichida Xitoy birinchi o‘rinda turadi. Ularning AQSHdagi soni 200 ming, Yaponiyada 100 ming, Avstraliyada 87 mingni tashkil etadi. Chet ellarda o‘qib Xitoyga qaytgan talabalarning soni 818 ming 400 kishi ekan. Bu o‘z samarasini berayotganligi ma’lum. Ma’lumotlarga ko‘ra, qozog‘istonlik (bizga nisbatan aholisi taxminan 1,8 marta kam) 89 ming talaba boshqa, jumladan, rivojlangan mamlakatlarda o‘qimoqda. Chimkent intellektual maktabining 85 nafar bitiruvchisidan 35 nafari SAT imtihonlaridan yuqori ball to‘plab, chet ellardagi universitetlarga o‘qishga taklif qilingan. Aytib o‘tish joizki, qozoq birodarlarimizning ta’lim sifatiga bergan e’tibori o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Qozog‘iston iqtisodi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
O‘zbekistonlik 808 ming talaba oliy o‘quv yurtlarida, shulardan, taxminan 53 ming nafari chet ellarda o‘qiydi. Ularning aksariyati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belarus va Ukraina OTMlarining talabalaridir. AQSH va Buyuk Britaniya universitetlarida o‘qish va hayot kechirish qimmat. Grant asosida bepul o‘qish uchun esa yuqori akademik bilim va ingliz tilini yaxshi
bilish talab qilinadi. Bizning maktablarimiz bu ikkala shartni ham bajara olmayotgani ma’lum. Bugungi kunda mamlakatda 5 million 800 ming nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 10 130 ta umumta’lim maktabining 95 foizida ingliz tili fani o‘qitiladi. 2012-yilgi qarordan keyin xorijiy tillar maktablarda 1-sinfdan 11 yil davomida 984 soat hajmda o‘qitila boshlandi. Ammo bizningcha bu kutilgan natijani berayotgani yo‘q. “Education First” tashkilotining dunyoning turli davlatlarida ingliz tilini bilish darajasini baholash hisoboti bo‘yicha 2018-yilda 88 mamlakat orasida O‘zbekiston 86-o‘rinni egallagan. Mamlakatda rus tilidagi davlat maktablari mavjud, ammo ingliz tilida o‘qitiladigan davlat maktablari yo‘q. Turli mamlakatlarning universitetlarida to‘lovsiz ta’lim olish imkoniyati mavjud. Bunday mamlakatlar qatoriga Olmoniya, Avstriya, Fransiya, Norvegiya, Chexiya, Slovakiya hamda Italiya va Gretsiya kiradi. Bu mamlakatlarning aksariyatida pul to‘lamasdan o‘qishning asosiy sharti ushbu davlatning tilida ta’lim olishdir. Xulosa shuki, xorijiy mamlakatlarda tahsil olish uchun, avvalo, chet tilini mukammal bilish va yuqori bilimga ega bo‘lish kerak. Bu borada ham qozoq yoshlari bizga o‘rnak bo‘lishi mumkin. Matbuotdagi ma’lumotlarga ko‘ra qardoshlarimiz farzandlarini o‘z hisoblaridan pul to‘lab til o‘rganish uchun yuqorida qayd etilgan mamlakatlarga yubormoqdalar. Yetarlicha akademik bilimga ega bo‘lgan bu yoshlar, qo‘shimcha xorijiy tilni o‘zlashtirishlari bilan bir qatorda, ushbu davlat oliygohlarida bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday universitetlarda tahsil olib, Yevropa standartlari bo‘yicha mutaxassislikni egallagan kadrlar kelgusida vataniga qaytganida o‘qishni amalga oshirgan mamlakatlar bilan turli aloqalarni o‘rnatishda ham muhim o‘rin tutishlari mumkin. Bu masala o‘ta jiddiy ekanligini hisobga olib, agar universitet talabasi 2-kursni bitirganidan so‘ng ham egallayotgan sohasi bo‘yicha qisqa ma’lumotni chet tilida (13 yil davomida darslarda o‘rganayotgan, internet tizimida qanchadan-qancha chet tillarni mustaqil o‘rganishga oid saytlar mavjud bo‘lsada) bayon qila olmasa, 3-kursga o‘tishini bekor qilish kerak.
Tajribaga murojaat qilsak, avvallari O‘zMUning fizika fakultetida fizika-texnika, elektronika, astronomiya, yadro fizikasi institutlarining direktorlari, akademiklar, “Foton” ishlab chiqarish birlashmasining injenerlari dars bergan, mashg‘ulotlar olib borishgan. Xuddi shunday holat boshqa fakultetlarda ham kuzatilgan. Yuqorida qayd etilgan tashkilotlarda talabalar bir-ikki semestr davomida kurs, diplom oldi va diplom ishlarini bajargan, ularning diplom himoyalarida nomlari qayd etilgan yetakchi mutaxassislar qatnashgan. Bular bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, zamonaviy asbob-uskunalarni qo‘llash, ulardan unumli foydalanish va ishlab chiqarishni takomillashtirish uquvlari shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Bunday bog‘lanish, o‘z navbatida, tadqiqot institutlari va shu kabi tashkilotlar uchun qobiliyatli yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va tanlash imkoniyatini yaratgan. Aytib o‘tish joizki, ustozlarimiz yuqori saviyada saboq berish bilan birga talabaga nisbatan qattiqqo‘l va talabchan bo‘lishgan, zaruratga qarab ularga moddiy yordam (qo‘shimcha ishlarga qabul qilish kabi) ham ko‘rsatishgan. Keyingi yillarda bunday aloqalarni o‘rnatishga e’tibor kamayganligi kuzatilmoqda. Buning sabablarini aniqlab, to‘siqlarni bartaraf qilib, o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, qo‘yilgan talablarni bajarishda muhim o‘rin egallaydi.
Sobiq ittifoqning aksariyat universitetlari kafedralari Fanlar akademiyasining institutlari qoshida bo‘lgan. Masalan, Novosibirsk davlat universitetining yarimo‘tkazgichlar fizikasi kafedrasi ushbu nomli tadqiqot
instituti binosida joylashgan. Bu o‘z navbatida talabalarga o‘qitilayotgan soha bo‘yicha bevosita ilmiy izlanish bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar dars berishi, ikkinchi tomondan esa zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan laboratoriyalarda amaliyot o‘tkazish, maosh olib ishlash imkoniyatini yaratgan. Bizda talabalar shaharchasidagi oliygohlar va akademshahardagi tadqiqot institutlari shaharning qarama-qarshi tomonida joylashgan. Bugungi kunda logistikaga oid vujudga kelayotgan birgina muammoning o‘zi ular orasida o‘zaro bog‘lanishni amalga oshirishda qiyinchilikni vujudga keltirmoqda.
Hozir respublikamizda bunyodkorlik, fan, texnika, energetika, qurilish va shu kabi sohalarda jadal ishlar olib borilayotgan davrda xalq xo‘jaligi tarmoqlarini yetakchi professional mutaxassislar bilan ta’minlash asosiy masalalardan biridir. Bunday vazifalarni bajarish uchun OTMlarning moddiy-texnik bazasi kuchli bo‘lishi talab etiladi. Masalan, respublikamizda atom, qayta tiklanuvchi manbalar elektrostansiyalarini, gaz, neftni qayta ishlash korxonalarini qurish va ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni yechish uchun minglab kadrlarni tayyorlash zarur. Bizningcha, bu masalani hal etishda mavjud kafedralarning ilmiy salohiyati, moddiy-texnik bazasi yetarli emas, shuning uchun ba’zi kafedralarni FA institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari qoshida tashkil qilish o‘z samarasini beradi.
O‘qish sifati pasayishining sabablaridan yana biri talabaning mustaqil loyiha, diplom ishlari kabilarga qo‘yiladigan talablarning pasayganligidir. Bunday ishlarning mavzusi aktualligi, natijalarni qo‘llashga qaratilganligi, plagiatorlikning yo‘qligiga e’tiborni kuchaytirish lozim. Qayd etilgan ishlarni o‘qimasdan dekoratsiyasiga, necha betdan iboratligiga, adabiyotlar ro‘yxatiga qarab baholash holatlari ham uchrab turadi. Diplom ishlariga rahbarlik qilishga, berilgan mavzu bo‘yicha ilmiy izlanishlar, ratsionalizatorlik bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarni jalb qilmoq maqsadga muvofiq. Ularga taqriz, baho berishni ham anonim ravishda shunday mutaxassislar tomonidan amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish kerak. Bunday ishlarni bajargan jismoniy va yuridik shaxslarga kelishilgan holda haq to‘lashni unutmaslik lozim.
Ta’lim sifatining pasayishiga qisman oliy o‘quv yurtlari ham sababchidir. E’tibor bering. Talab tobora ortib borayotganligi sabab, shaharning har bir hududida kommersiya asosida faoliyat ko‘rsatuvchi qator-qator o‘quv markazlari bunyod etilmoqda. Vaholanki, maktablar yetishmayotganligi uchun sinflardagi o‘quvchilarning soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bundan tashqari, o‘z kasbining yetakchi mutaxassisi bo‘lgan qanchadan-qancha malakali o‘qituvchilar maktabni tashlab repetitorlik qilishga o‘tib ketmoqda. Savol tug‘iladi, nega bunday tayyorlov kurslari oliy o‘quv yurtlari qoshida deyarli yo‘q? Axir qator universitetlar, pedagogika institutlari umumta’lim fanlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydi-ku. Ularda moddiy-texnik baza bor. Jumladan, o‘qitishni ingliz tilida olib bora oladigan pedagoglar talaygina. Agar OTMlarda bunday kurslar tashkil qilinsa, binolar, kommunal xizmatlarga ketadigan sarf-xarajatlar kamayishi hisobiga abituriyentlar uchun o‘qish arzonlashadi. Bundan tashqari OTM budjeti, professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbayi hamda o‘z o‘quv yurtlarini reklama qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuning bilan raqobat vujudga kelib, o‘qish sifati oshishiga ham sabab bo‘ladi. Bu borada avvallari respublika televideniyesi orqali tabiiy, aniq va gumanitar fanlar bo‘yicha namunali darslar, yetakchi universitetlar professor-o‘qituvchilari tomonidan yakshanba kunlari maktab o‘quvchilari uchun mashg‘ulotlar olib borilganligini eslash joiz.
Yana bir masalaga e’tiborni qaratamiz. Bizningcha, keyingi paytlarda o‘quvchilar, talabalarning jurnallardagi, attestat, sinov daftarlari, diplom ilovalaridagi baholar ularning bilim va mahoratlarining ko‘rsatkichi bo‘lmay qoldi va natijada mehnat bozorida deyarli hisobga olinmayapti. Afsuski, o‘quvchilarining o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarni, o‘quv yurtlarini rag‘batlantirish teskari natija berayotgani, ba’zilar tomonidan baholarning sun’iy oshirilishiga ham olib kelishi sodir bo‘lmoqda. Bundan xulosa qilib aytsak, avvalo, o‘quvchi, talabaning o‘zlashtirishi o‘zi kimga va nimaga kerakligini aniqlab olishimiz zarur. Maktablarda “2” bahoga o‘qiyotgan o‘quvchilarga oid qo‘llaniladigan chora-tadbir yo‘q. Bunday o‘quvchilar sinfdan sinfga o‘taveradi, maktabni ham bitiradi, attestatlariga esa sun’iy ravishda yuqori baho qo‘yiladi. Buni o‘quvchilar avvaldan biladilar. Odatda, turli baholarga o‘qigan bitiruvchilarga diplom beriladi. Bu borada biz “Davlat o‘zi imzolagan diplom uchun javobgar! Davlat ikkichilarga diplom bermasligi kerak” degan fikrlarga qo‘shilamiz. Diplomdagi baholar mehnat lavozimlariga joylashishda e’tiborga olinsa, foydali bo‘ladi. Masalan, bir korxonada OO‘Yning ikki bitiruvchisi muhandis lavozimiga ishga qabul qilinsa, imtiyozli diplomga ega bo‘lganining maoshi birmuncha yuqori bo‘lishi kerak. Buning uchun bitiruvchilarning bilim va uquvlari attestat, diplomdagi baholarga munosib bo‘lishi muhim. Agar shunday emasligi aniqlansa (test sinovlarida past natija ko‘rsatilsa, ish beruvchilar tomonidan salbiy baholansa), buning uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning javobgarligini oshirish, fan o‘qituvchilari, rahbariyatning maoshiga ta’sir ko‘rsatish, tashkiliy masalagacha ko‘rib chiqish, litsenziyadan mahrum qilish kabi chora-tadbirlarni qo‘llashni kuchaytirish lozim. Bunday holatga erishish uchun, avvalo, abituriyentlar va ularning ota-onalari oliygohga qabul qilindi degani, bu uni bitiradi degani emasligini ham bilishlari kerak. Talabalarning turli oraliq, yakuniy nazoratlarda, imtihonlarda, mustaqil bajargan ishlariga oid olgan baholari o‘ziga xos “filtr” rolini bajarishi zarur. Qo‘shimcha berilgan imkoniyatlarga qaramay, o‘zlashtirishi o‘ta past, ta’lim standartlariga javob bera olmaydigan talabalarni safdan chiqarish, kursda qoldirish choralarini ham qat’iy qo‘llash lozim. Ammo o‘qish sifatini oshirishga imkon beruvchi bunday chorani qo‘llashga oid to‘siq mavjud. OTMlarda shtat birliklari, ajratiladigan mablag‘ miqdorining talabalarning soniga bog‘lab qo‘yilishi, bilimi past bo‘lib, fanlarni o‘zlashtirmayotgan talabalarni safdan chiqarish amaliyotini qo‘llashni chegaralab qo‘ymoqda. Biror soha mutaxassislariga talab kamayib ketgan bo‘lsa, bu yo‘nalishdagi OO‘Yga qabulni kamaytirish lozim. Ammo bunday bo‘lishi qiyin, chunki kontrakt to‘lovi asosida o‘qiydigan talaba qancha ko‘p bo‘lsa, moliyaviy tushum ham shuncha ko‘p bo‘lmoqda. To‘g‘ri, OO‘Yning moliyaviy ta’minoti talabalarning kontrakt to‘loviga bog‘liq. Biroq bu asosiy mezon bo‘lmasligi kerak. Dunyodagi nufuzli universitetlarning budjetlari asosan ular olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining muvaffaqiyati va ishlab chiqarishga tatbiq qilinishiga bog‘liq. Bizda ham bu tajribani qo‘llash lozim. O‘qitish bilan birga bunday ishlarni amalga oshirish moliyaviy jihatdan foyda beribgina qolmay, balki zamonaviy qimmatbaho asbob-uskunalarni sotib olish, tadqiqot ishlari, ishlab chiqarishga o‘qituvchi va talabalarni jalb qilish, moddiy rag‘batlantirish, muhimi o‘qish sifatini oshirishga olib keladi. Aytib o‘tish joizki, aslida OTMlarda qo‘shimcha mablag‘ topish uchun sharoitlar yaratilgan. Har bir o‘quv yurtida ko‘pgina muammolarni hal eta oladigan iste’dodli professor-o‘qituvchilar, talabalar mavjud. Ularda yuridik shaxslar faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish mumkin.
OTMlarga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlov – bu jarayonni boshlashdan oldin belgilangan qoidalarga muvofiq g‘alaba uchun eng yaxshi da’vogarlarni aniqlash jarayoni deganidir. Kvota bo‘yicha qabul qilinadigan talabalar ularning sinovda to‘plagan ballariga qarab belgilanishi zarur. Bu borada DTMning sinov o‘tkazish tartibini ham takomillashtirish lozim. Sinovlarni bir-ikki kunda o‘tkazish shart emas. Uni bir necha kunda faqat kompyuterdan foydalanib o‘tkazsa bo‘ladi, degan taklifga to‘la qo‘shilamiz. Har bir abituriyent sinovdan o‘tishi bilan savollarning nechtasiga to‘g‘ri va noto‘g‘ri javob berganligi va to‘plagan balini bilishi kerak. DTM natijalariga ko‘ra abituriyentlar orasida tanlov o‘tkaziladi va uning natijasida talabalikka qabul qilinadi. Bu borada quyidagiga e’tiborni qaratamiz. Ma’lum shartlarga to‘g‘ri keluvchi abituriyentlarga OTMga kirish uchun imtiyozlar berilgan. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan yoshlarga imtiyozlar, moddiy yordam berib saxovat ko‘rsatish sharafli ish. Biroq bu tanlov tartibini buzmasligi kerak. Yana bir masala, o‘qish boshlanganidan bir necha oydan so‘ng, test nazorati bo‘yicha to‘plagan ballari past bo‘lgan, superkontrakt orqali katta mablag‘ to‘lab qabul qilingan abituriyentlar talabalarga qo‘shilib o‘qimoqda. Ular to‘lovining individual o‘qitishga, o‘quv laboratoriyalaridagi jihozlar yangilanishiga, ko‘payishiga ta’siri deyarli sezilmayapti. Bizningcha, tanlov asosida o‘tgan talabalar safiga turli imtiyozlilarni, superkontrakt to‘lovlarini e’tiborga olib, abituriyentlarni qo‘shib o‘qitish raqobatni buzadi, o‘qish samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning yechimi qayd etilgan guruhga mansub abituriyentlarni ayrim kursda o‘qitish, bunda ularning moliyaviy ta’minoti uchun superkontrakt to‘lovlaridan, homiylar, davlat subsidiyalari kabilardan foydalanilgani ma’qul.
OO‘Ylar reytingini belgilashda, reklama qilishda ixtiro va patentlar, laureatlar soni, grantlar, dunyodagi nufuzli ilmiy jurnallardagi maqolalar soni, xalqaro ilmiy konferensiyalardagi ishtiroklar, yaratilgan AT dasturlari va shu kabilarni ichki va tashqi bozorga sotish, bitiruvchilarning lavozimlari asosiy ko‘rsatkich bo‘lishi kerak.
Avvallari o‘z jamoasini yaxshi bilgan rektor va bir yoki ikki prorektor, fakultetni esa dekan va uning o‘rinbosari boshqarar edi. Hozirgi paytda rektor yordamchisi, prorektor va dekan o‘rinbosarlarining soni bir nechta. Ularning har biriga xona va kotibalar ajratilgan. Shuning bilan birga o‘quv ishini tashkil qilish, boshqarish, uslubiy ko‘rsatmalarni yaratish, moliyaviy-hisoblash ishlari bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab xizmatchilar mavjud. Bulardan tashqari, OTMni boshqarish va nazorat qilish bilan bog‘liq qanchadan-qancha lavozimlar bor. Tan olish kerakki, boshqaruv apparatining kengayib ketishi byurokratiyaning rivojlanishiga, turli-tuman statistik ma’lumotlarni to‘plash, kafedra mudirlari, dekanlar va rektorlar mustaqilligining pasayishiga olib keladi. Bugungi kunda raqamli texnikani turli tarmoqlarga joriy qilish va bu borada ularning mas’uliyati nihoyatda katta ekanligini hisobga olish zarur. Byurokratiyani kamaytirib, quyi bosqichdagi rahbarlarning javobgarligi va mustaqilligi oshirilsa, raqamli texnologiya o‘quv va boshqaruv tizimiga kengroq joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Universitetlar fundamental akademik bilim berish dargohidir. Shuning uchun ularga qo‘yiladigan talablar kuchli. Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, hozircha bizning universitetlar jahon universitetlari orasida past pog‘onalarni egallab turibdi. Buni hisobga olgan holda, avvalo, nufuzli universitetlarimizning ilg‘orlar qatoriga qo‘shilishiga oid ishlarni amalga oshirish zarur. Shundan so‘ng, ilmiy salohiyati, moddiy-texnik bazasi talablarga javob beradigan holatga erishgan oliy o‘quv yurtlariga universitet maqomini berish amaliyoti qo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Jahon tajribasining ko‘rsatishicha, g‘arbda universitetlarning soni ko‘p emas, talabaga, ya’ni uning mutaxassis bo‘lishiga qo‘yilgan talab esa juda qattiq.
Biz tez o‘zgaruvchan dunyoda yashayapmiz. Texnologiyalar jadal rivojlanmoqda va mehnat bozori talablari ham keskin o‘zgarmoqda. Demak, mutaxassislarni nafaqat bugungi kunga, balki kelajakka moslab tayyorlashimiz kerak. Texnologiyalarning rivojlanishi bilan ba’zi kasblar eskiradi yoki umuman yo‘q bo‘lib ketadi hamda ularning o‘rnini dolzarb kasblar egallaydi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, o‘nlab sohalarni to‘liq robotlashtirish yaqin 15 yil ichida amalga oshiriladi. Hech shubha yo‘qki, bu bizning hayot sifatimizni sezilarli darajada yaxshilaydi. Shu sababli OTMlar talabalarni zamon talabiga mos ravishda o‘qitishlari kerak. Bu esa, avvalo, o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish, ta’limga yangiliklar kiritishni talab qiladi. Ta’limdagi yangiliklar deganda o‘qitishning pedagogik texnologiyalari, metodlari va vositalarini takomillashtirish jarayoni tushuniladi. Texnologiyalar o‘zgarmasdan turmaydi. Masalan, yaqinda yangi deb hisoblangan elektron ta’lim resurslari ham tobora yangilanib, takomillashib bormoqda. Bunday masalalarni hal etishda OO‘Ylarning moliyaviy ta’minoti, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlarni tanlashdagi mustaqilligi katta o‘rin egallashini yana bir bor ta’kidlaymiz.
Keyingi paytlarda mashg‘ulotlar onlayn ko‘rinishida ham o‘tkazilmoqda. Aslida o‘qitishning bu usuli yangilik emas, uni yanada takomillashtirish zarur. Masofadan turib o‘qitish amalga oshirilayotganida namoyish tajribalarini, mavzuga oid eksperimentlarni o‘tkazish, tez va sekin o‘tadigan, ko‘zga ko‘rinmas jarayonlarni, model tasavvurlarni ko‘rsatish kabilarni qo‘llash imkoniyatidan to‘liq foydalanish kerak. O‘quv laboratoriyalari, ilmiy markazlar, klinikalar, ishlab chiqarish korxonalari, qurilishda qo‘llanilayotgan asbob-uskunalar, texnikalar bilan tanishtirishga, yetakchi mutaxassislarning master-klass chiqishlarini amalga oshirishga e’tiborni kuchaytirish zarur. Bunda tinglovchilarning bilimi nazorat qilinishi muhimligini ham eslatib o‘tamiz. Kelgusida talabalarning auditoriyadagi darslarini asosan amaliyotni bajarishga qaratish maqsadga muvofiq. Onayn usuli nafaqat o‘quv, balki ishlash tizimida ham keng qo‘llanib borilmoqda. Bugungi axborot texnologiyalari keng rivojlangan, globallashuv tizimi ortib borayotgan davrda ishxonalarga yoki bo‘lmasa ishlash uchun qaysi bir davlatlarga borishning ham keragi bo‘lmay qolyapti. Misol uchun, bir necha minglab hindistonliklar AQSH, Buyuk Britaniyadagi kompaniyalarda dispetcherlik, auditlik qilib ro‘zg‘or tebratayotganliklari, Hindiston, Shimoliy Irlandiya, Belarus kabi davlatlarning AT texnologiya mutaxassislari chet ellarga dasturlar yaratib milliardlab daromad keltirayotganlari ma’lum. Bizda ham bunday natijalarga erishish uchun ta’lim sohasiga oid islohotlarni tezkorlik bilan amalga oshirish, million dasturchilarni, xorijiy tillarni mukammal egallagan yoshlarni jadal tayyorlashimiz zarur. Bundan asosiy maqsad fundamental tayyorgarlik va kuchli dizayn tajribasiga ega bo‘lgan dasturiy ta’minot muhandisini tayyorlashdan iboratdir.
Buning uchun ularni tayyorlashda nazariyotchilar emas, balki haqiqiy loyihalarni amalga oshirishda tajriba orttirgan amaliyotchilar yetakchi o‘rinni egallashlari kerak.
Talabalik oltin davrim deb ataladigan ibora mavjud. Yangi O‘zbekistonning OO‘Ylariga infrastukturasi rivojlangan, qulayliklari keng bo‘lgan yotoqxonalar, madaniyat saroylari, sport komplekslari, oshxonalar, hordiq chiqarish maskanlari bo‘lishi yarashadi. Ammo bu masalalarni yechish ham biroz kech qolmoqda. OTMlarning bundan 50–60 yil avval qurilgan inshootlarida tub o‘zgarishlar kuzatilmayapti, yotoqxonalar yetishmayapti. Ravshanki, vatanimizning ilg‘or mamlakatlar orasidan o‘rin olishi, xalqimiz farovonligini ta’minlash, yoshlarimizning ma’rifatli bo‘lishi kabilar ko‘p jihatdan ta’lim tizimining shaffof, ravon, sifatli ekanligiga bog‘liq. Bu borada mutaxassislar, jamoatchilik tomonidan ta’limni rivojlantirishga oid berilayotgan takliflar, muhokama qilinmay, e’tiborsiz qolmasligi lozim. Bunday vazifalarni bajarishda ta’lim tizimini boshqarish ishlari bilan shug‘ullanuvchi vazirliklar, tashkilotlar qoshidagi mutaxassislar ayniqsa faollik ko‘rsatishlari talab qilinadi.
Bahodir YO‘LDOSHEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi