Oliy taʼlimni raqamlashtirish bugungi kunning talabiga aylanmoqda
Oliy taʼlimni raqamlashtirish bugungi kunning talabiga aylanmoqda
Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining madaniyat saroyida “Oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlari uchun taʼlimni kredit-modul tizimi asosida rivojlantirish muammolari” mavzusida amaliy seminar-trening boʻlib oʻtdi.
Seminar-treningda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi vakillari, respublikadagi oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Dastavval seminar-trening Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltabayevning kirish soʻzi bilan boshlandi.
Soʻngra tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakillaridan Alijon Xoʻjayev, Alisher Abdullayev hamda Sportni rivojlantirish vazirligi Sport-taʼlim va ilmiy muassasalar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Muqum Arziqulovlar oliy taʼlim mussasalarini raqamlashtirishda HEMIS axborot tizimining imkoniyatlari, mavjud mummolar va sport sohasi taʼlim yoʻnalishlarida kredit-modul tizimi asosida oʻquv jarayonini rejalashtirsh, uning meʼyoriy-uslubiy taʼminoti, pedogoglar faoliyati, talabalar oʻzlashtirishini baholash kabi mavzularda taqdimotlar qildi.
Qilingan taqdimotlar yakunida seminar-treningga tashrif buyurgan ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berildi. Ularning fikr-mulohazalari va takliflari asosida endilikda sohada taʼlim-tarbiya sifatini oshirish uchun zarur boʻlgan metodik faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida oʻquv-uslubiy metodik kengash tashkil etilishi belgilandi.
Seminar-trening ikkinchi qismida oliy taʼlimning jismoniy tarbiya va sport taʼlimi tizimida HEMIS dasturini boshqarish va kredit-modul tizimi asosida rivojlantirish muammolariga bagʻishlangan muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining boʻlim, fakultet, kafedralari faoliyati bilan tanishdi va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.
OʻzDJTSU axborot xizmati