PEDAGOGIK INNOVATSION TA’LIM KLASTERI
Ma’lumki, keyingi yillarda globallashuv sharoitida yuz berayotgan tub o‘zgarishlar jamiyat hayotining barcha sohalariga yangicha innovatsion yondashuvlar, mavjud qarashlar, tushunchalar va munosabatlarni qayta ko‘zdan kechirishni taqozo etmoqda. Mustaqillik yillarida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilganini ta’kidlagan holda, aytishimiz joizki, maqsadlar va ularga erishish usul va vositalarini aniq belgilay olmaslik, mehnat bozori talablarini chuqur o‘rganmaslik, undagi talab va taklifning nomuvofiqligi, odamlarning ijtimoiy ahvoli va xohish-istaklarini inobatga olmaslik oqibatida anchagina jiddiy xato va kamchiliklar ham kuzatilmoqda.
Salbiy oqibatlar natijasini 1997-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida nazarda tutilgan vazifa va talablar to‘liq ijrosini topmaganligida ham ko‘rish mumkin. Bunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik ta’minlanmadi. Har qaysi uzluksiz ta’lim muassasalari o‘z holicha faoliyat olib bordi. Natijada mustaqillik yillarida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlarda rejalashtirilgan bir qator vazifalar u yoki bu sabablar bilan o‘z yechimini topmadi. E’tirof etish kerakki, to hozirga qadar ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning ijobiy natijalari ko‘zga tashlanmadi. Albatta, urinishlar, gap-so‘zlar, va’dalar, maslahat va nasihatlar juda ko‘p bo‘ldi, ammo natija ommani qoniqtiradigan darajada bo‘lmadi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev keyingi yillarda ta’lim sohasini isloh qilish, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirish, xususan, tizimga rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etishga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Bu boradagi islohotlar 2017-yil 14-martdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2017-yil 22-maydagi “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017-yil 8-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”, 2017-yil 30-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarorlarida o‘tgan yillarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish mas’uliyati o‘z aksini topdi. Mazkur qarorlar ta’lim islohotlarini jadallashtirish, o‘qituvchilar nufuzini oshirish, ijtimoiy himoyalash borasidagi amaliy ishlarda ma’lum ma’noda jonlanishni vujudga keltirdi. Ta’lim va tarbiya ishiga nisbatan ilmiy-metodik yondashuv, ijodiy izlanuvchanlik, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish va amaliyotda qo‘llash o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini bera boshladi.
Jumladan, pedagogik ta’limning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va ta’lim bo‘g‘inlari o‘rtasidagi aloqadorlikni ta’minlash uzluksiz pedagogik ta’limning innovatsion klaster rivojlanish tizimini joriy etish zaruratini taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi qarori bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil qilingan edi. Qaror bilan institutga Toshkent viloyatidagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining tarbiyachilar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, ayniqsa, aniq fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgandi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda Chirchiq davlat pedagogika universiteti pedagog mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘zining asosiy strategik yo‘nalishlari va rivojlanish konsepsiyasiga ega. Universitet maxsus ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida pedagogik ta’limning innovatsion klasteri yo‘nalishida pedagogika sohasi bo‘yicha falsafa doktori, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilinmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilari Toshkent viloyati umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan ishchan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari tajriba-sinovlarini o‘tkazish maqsadida Chirchiq shahrida tashkil etilgan “Maktab laboratoriya”lari, tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan izchil hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Pedagogika fakultetining barcha kafedralari professor-o‘qituvchilari maktablarga borib ochiq namunaviy dars o‘tib, maktab o‘qituvchilariga amaliy va metodik yordam bermoqda, turli mavzularda seminar-treninglar, konferensiyalar, davra suhbatlari uyushtirib kelmoqda. “Maktab menejmenti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Bo‘stonliq tumanidagi ko‘p tarmoqli texnikumda har oyda bir marta bo‘lib (kafedra ish rejasiga muvofiq) texnikum o‘qituvchilariga har tomonlama amaliy va metodik yordam berish, ularni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ilmiy maqolalar tayyorlash, pedagogika fanining zamonaviy yangiliklari bilan tanishtirish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.
Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha ta’lim turlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari, amaliyot bazalari, ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalarning bir butunligi bo‘lib, ularning birgalikdagi vazifalar taqsimlangan faoliyati pedagogik ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Binobarin, klasterning asosiy maqsadi o‘z tarkibiga kiruvchi ta’limiy-ilmiy-innovatsion salohiyatni nafaqat yuqori fuqarolik va kasbiy layoqatlilik darajasi bilan, balki raqobatbardoshligi, yangiliklarni qabul qila olish qobiliyati, yangi ta’lim dastur va texnologiyalarini hamda amalga oshira olish qobiliyatiga ega zamonaviy ta’lim mutaxassislarini tayyorlash uchun birlashtirishdan iboratdir.
Pedagogik ta’lim rivojlanishining klaster tizimi ta’lim berish, o‘quv adabiyotlarini yaratish, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim va tarbiya uzviyligi bilan bog‘liq umumiy yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Ayni paytda bu umumiy yo‘nalishlar ta’limni boshqarish va tashkillashtirish, ta’lim turlari va yo‘nalishlari o‘rtasida uzviylik va integratsiyani ta’minlash, o‘qitish metodlari va vositalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarda birlashadi.
Innovatsion pedagogik ta’lim klaster tizimining subyektlari sifatida:
– talabalar, magistrantlar va doktorantlar pedagogik amaliyot o‘taydigan, ta’limiy, ilmiy-tadqiqotchilik, innovatsion va loyihalashtirish faoliyatini olib boradigan o‘quv va tajriba eksperimental baza vazifasini o‘taydigan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va qo‘shimcha ta’lim muassasalari;
– ta’limning turli darajalaridagi yangilanishlarga muvofiq ravishda kattalarning qo‘shimcha ta’limi tizimi muassasalari, bolalar va o‘smirlarning maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari;
– hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va uni belgilaydigan ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar, markazlar, ilmiy-tadqiqot institutlari;
– pedagogik hamjamiyatlar, tashabbuskor jamoalar, jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlari;
– xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar.
Klaster tizimi har biri alohida faoliyat olib boradigan subyektlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradi va ayni paytda har bir subyekt umumiy maqsaddan kelib chiqqan holda xususiy manfaatdorlik asosida ish yuritadi. Klaster tizimi subyektlari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, har biri alohida klasterning ma’naviy va intellektual maydonini yaratadi, ijtimoiy ta’siri hamda ahamiyatini kengaytiradi.
Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri aloqadorlik, uzviylik, izchillik, vorisiylik, zamonaviylik, yo‘naltirilganlik, manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi.
Pedagogik ta’lim klasteri faoliyatining asosiy maqsadi:
– pedagogika sohasida samarali vorisiylikni ta’minlash va eng bilimli o‘quvchilarga pedagoglik kasbini targ‘ib qilish;
– pedagoglarning kasbiy tayyorgarligini amaliyotga tayangan holda va manfaatdor subyektlar bilan samarali aloqasini intensiv ta’minlagan holda olib borish;
– bo‘lajak ta’lim mutaxassislarini innovatsion tajribaga ega bo‘lgan amaliyotlar bazasida tayyorlash muhitini yaratish;
– yosh mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarni egallash davrini qisqartirish;
– talabalarning bugungi jadal rivojlanish jarayonlarida bevosita ishtirok etishini ta’minlash;
– pedagogik ta’limda yangi avlod o‘quv, o‘quv-metodik, ilmiy adabiyotlar, vositalar va didaktik materiallar majmuasini yaratish;
– pedagogik ta’lim ilmiy, ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;
– pedagogik ta’limni rivojlantirishning dolzarb masalalari atrofida intellektual resurslarni integratsiyalash;
– ta’lim, fan va pedagogik amaliyotning turli shakl va turlarini izlab topish va ta’limga tatbiq etish;
– ta’lim va tarbiya uzviyligini ta’minlovchi mexanizmlarni takomillashtirish;
– pedagog kadrlarni tayyorlashda maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’lim muassasalari hamda boshqa talabgorlar bilan o‘zaro tezkor qayta bog‘lanish imkoniyatini yaratish;
– pedagogik ta’lim bo‘g‘inlari o‘rtasidagi aloqadorlik, bog‘liqlik va hamkorlik zaruriyatini ilmiy asoslash.
Ayni paytda, pedagogik ta’lim innovatsion klasteri institutning asosiy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilangan bo‘lib, hozir o‘ttizdan ortiq professor-o‘qituvchilar mazkur yo‘nalishda izlanishlar olib bormoqda.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, jamiyatimizning bugungi rivojlanish bosqichida pedagogik ta’lim innovatsion klasteri ta’limda ichki va tarmoqlararo aloqadorlikni ta’minlaydigan, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-metodik muassasalarda to‘plangan tajriba va erishilgan ilmiy yutuqlarning ta’lim hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalariga yetib borishini samarali amalga oshiradigan yaqin kelajakdagi eng muhim tizim sifatida taqdim etilmoqda. Bunda ta’lim muassasalari va jamiyat boshqa manfaatdor tomonlarining o‘zaro uzviy va uzluksiz aloqasini ta’minlash, ta’lim jarayonining pirovard mahsuli – har tomonlama yetuk pedagog kadrlarni yetishtirish va jamiyatga naf keltirishi uchun ilmiy, ijodiy, ma’naviy, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish maqsadga muvofiqdir. Chunki kadrlar bilim saviyasi va raqobatbardoshligi iqtisodiy ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xo‘jaligi va jamiyatning boshqa sohalari taraqqiyoti va raqobatbardoshligining asosidir. Boshlagan har bir ishimizdagi sifat va samara aynan shu masala bilan chambarchas bog‘liqligini rivojlangan mamlakatlar tajribasi va qolaversa hayotning o‘zi yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Akbar RASULOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Maktab menejmenti” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Rahmatulla MUSURMONOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Maktab menejmenti” kafedrasi dotsenti, p.f.n.