QIZLARINGIZNI O‘QITING!
Hamida Mirsultonova, O‘zJOKU 1-bosqich tayanch doktoranti:
QIZLARINGIZNI O‘QITING!
Bozorlik qilib uyga qaytayotgan edim. Yuklarim biroz og‘ir bo‘lgani uchun jamoat transportida emas, taksida qaytish uchun qo‘limni ko‘tardim. Bir necha haydovchi uzoqqa borishim kerakligini eshitdi-yu, “Yo‘lim boshqa tomonga edi” deya burilib ketdi.Va nihoyat, yoshi oltmishdan oshgan bir amaki to‘xtab rozi bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdik.
– Yuklaring ko‘payib ketibdi-ku, qizim.
–Rejadagidan ortiqroq bozorlik qilib yuboribman.
– Ha, ayol kishi bozorlikni yaxshi ko‘radi-da o‘zi. O‘qiysanmi yo u bu joyda ishlayapsanmi?
– Doktoranturada o‘qiyapman.
– O‘qiyapsan? – amaki ko‘z qiri bilan menga ma’noli qarab qo‘ydi. – O‘qib nima qilasan-ey, bo‘ldi-da. Xo‘p, bakalavr o‘qigansan-a?Yana nima edi, haligi magistraturayam o‘qigansan, shekilli? Buyog‘i turmushga chiqishing kerak ekan-ku... Yo...
– Ha, amaki, turmushga chiqqanman. Ikki bolam ham bor.
– Shunaqa demaysanmi... Qiz bola ha deb o‘qiyman deyavermasdan, oilani ham birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak...
Shu payt amaki chorrahadan chapga qayrilmoqchi bo‘ldi, shunga diqqati bo‘linib, gapdan to‘xtadi. Men begona inson bilan nega bu mavzuda gaplashyapman o‘zi, deb biroz xijolat bo‘ldim. Yana yoshining hurmati, mayli, javob bermasam xafa bo‘lmasin, deb o‘yladim.
Amaki bir aksirdi-da, yana gapga tushdi:
– Qizim, xo‘p o‘qibsanam, oilali ham bo‘libsan... Menga qiziqda, shu ishlab buyog‘iga o‘qimasang nima qiladi? Bilsang, ayol kishi uyda bo‘lgani tuzuk. Yo yarim kun boradigan ishga joylash. Borasan, qaytasan... O‘qib... Bilmadim... Mening ham bir nabiram bor. E, maktabda eng a’lochi o‘quvchi edi, kollejda ham ustozlari maqtardi... Yoshiyam chamamda sen bilan tengov..Nechanchi yilsan? Ha, aytdim-ku, tengdosh ekansizlar. Shu qiz kollejni bitirdi, universitetga kiraman dedi, lekin otasi shart qo‘ydi: oilani tanlaysanmi yo o‘qishni, deb. Nabiram oilani tanladi, to‘g‘ri ham qildi. Keyin otasi ishga kiritib qo‘ydi, turmushga chiqdi, hozir yaxshi: bolalari bor. Qisqasi, ishlab pul topaman desa, o‘qishning keragi yo‘q, qizim. U pul topyapti, sen esa haliyam o‘qiyapsan... Bilsang, ayol kishi ko‘p o‘qisa, eriga aql o‘rgatadigan bo‘lib qoladi...
Xijolat bo‘lib derazadan tashqariga qaradim. Amaki esa so‘zida davom etdi:
– Lekin sen ko‘rinishingdan ancha yuvvoshga o‘xshaysan... Qizim, xafa bo‘lmaysan, bu mening hayot haqidagi qarashlarimda endi.
– Hozir nabirangiz qancha oylik oladi? –dedim suhbatga yakun yasagim kelmay.
– Shu, bir millioncha olsa kerak. Tag‘in bilmadim. Menga hisobini berarmidi... Zavodda oylik bir bir-yarim million deb eshitgandimda.
– Amaki, men doktoranturada to‘rt yarim million so‘mga yaqin stipendiya olaman.
– Stipendiyang shunchami? Institutda stipendiya bir millonga ham yetmaydi deb eshitgandim-ku...
– Ha, bakalavr va magistraturaniki kamroq... Doktoranturada ko‘p. Bu yerni bitirsam, universitetda o‘qituvchilik qilaman. Oyligimga yana o‘ttiz foiz qo‘shiladi. Taxminan besh millonga yaqin oylik olamanda keyin.
– Kuyov-chi, kuyovdan ko‘p oylik olsang kerak?..
– Yo‘q, u ham shuncha oylik oladi. Sal oshiqroq ham.
– Hmmm, stipendiyam shuncha degin... Unaqa bo‘lsa, men ham o‘qisam bo‘larkan-a? – deb amaki kulib qo‘ydi. – Buncha pulni hozir kim berayapti?
– To‘g‘ri, amaki, ishtiyoqingiz bo‘lsa, o‘qing. Bu yildan lekin IELTS, ya’ni ingliz tili sertifikati so‘rashadi-da... Nabirangizni ham o‘qiting.
– Ha, yo‘q, hazillashdim.
Endi menga kech.Nabiramni kuyov o‘qitmasa kerak.Endi u ularniki. O‘qitishsa, o‘qitar. Boshqa qiz nabiralarim bor, biroq hammasini o‘qitishga pul qayerda, o‘g‘il nabiralarim esa o‘qishga qiziqmaydi...
– Amaki, hozir yaxshi tayyorgarlik ko‘rilsa, tekinga, ya’ni grantga o‘qishga kirishi yoki stipendiya yutib o‘qish ham mumkin. Bu tayyorgarlikka bog‘liq. Misol uchun, ota-onam o‘n yil oldin opam va mening bir oy repetitorga borishimiz uchun taxminan besh yuz ming so‘mga yaqin pul sarflashgan. Ikkimiz ham grantga kirdik. O‘ylayman-da, agar ikkimizdan birimiz yoki ikkalamiz ham kontraktga kirsak ham, bir amallab o‘qitishar edi. Buni his qilganimiz uchun o‘zimiz ham o‘qishga qiziqqanmiz.
– Gap olayotgan stipendiyangda ham emas, qizim. Ering ko‘p pul topsa, pul topishingga hojat ham qolmaydi, baribir qiz bolaning o‘rni uyda!
Manzilga yetishimizga ikki daqiqacha qolgandi. Bu orada yana bir narsalar deb amakiga qiz bolaning o‘qishi yaxshiligi haqida o‘z qarashlarimni aytishim mumkin edi. Biroq unga aql o‘rgatgan bo‘lmay deb uyog‘iga gaplarini jim eshitib ketaverdim.
Bu voqeani uzoq o‘yladim. Sinfda qirqqa yaqin bola o‘qigan bo‘lsak, shundan olti bola bakalavr diplomini oldi. Shularning uch nafari yaqindagina o‘qishni tamomladi. Qolganlar esa asosan xizmat ko‘rsatish sohasida, aksariyat qizlar uyda. Litseydagi kursdoshlarimning esa deyarli yetmish foizi OTMni tamomladi.Maktabda ota-onamning qistovi, rag‘bati bilan, litseyda esa tengdoshlarimdan orqada qolmaslik, OTMga davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun yaxshi o‘qiganman. Yaqinlarimga moliyaviy tomondan og‘irlik tushmasin deya, yaxshi tayyorlandim, grantda o‘qidim. Ikkinchi kursdan gazetada ishlay boshladim.Moliyaviy tomondan ota-onam ta’minlab tursa ham, o‘z ustimda ishlashimga qarshi chiqishmadi. Gazetada chiqqan maqolalarimni turli tanlovlarga topshirdim, respublika bosqichlarida qatnashib g‘olib bo‘ldim. Diplomlarimning keti uzilmadi. To‘rtinchi kursda esa Prezident stipendiyasi sohibasi bo‘ldim. Shu sabab magistraturada yana davlat grantida o‘qidim. Garchi ikkinchi kursda qo‘limda chaqalog‘im bo‘lsa ham, imtiyozli diplom bilan tamomladim. Bu, albatta, oson bo‘lgani yo‘q... Oila bilan o‘qishni baravariga olib borish yangi kelin uchun juda qiyin. Biroq bunga ichki xohishingiz va yaqinlarinigiz ko‘magi bilan oson erishishingiz mumkin. Ochig‘i, magistarturani tamomlab uch yil uyda bo‘ldim. Amaki aytganidek, oilani birinchi o‘ringa qo‘yib, farzandlarimni parvarishladim.Shu yildan esa doktoranturaga kirdim. Hozir ikki qizim bor. Biroq erim ham, qaynona-qaynotam ham ularning rivojlanishi, aqlli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganicha harakat qiladi. Qaynonamni aytmaysizmi, katta qizim sakkiz oylik bo‘lganida bolalar uchun mo‘ljallangan katta ensiklopediya kitobini ko‘tarib kelgan. Hozir to‘rt yarim yashar qizimning yuzdan oshiq kitobi bor. Ota-onam ham doim ularning tug‘ilgan kunida aqlni rivojlantiruvchi o‘yinchoq yoki kitob ko‘tarib kelishadi.
Bilasizmi, ota-onam meni o‘qitgani uchun ularning oldida qarzdorligimni hozir har qachongidan ham ko‘proq his qilyapman. Sababi, ular mening rivojlanishim uchun namuna bo‘lishdi, ilmga qiziqtirishdi, rag‘batlantirishdi. Esimda, bir tanlovga qatnashayotganimda dadam men uxlaganimda hujjatlarimni to‘g‘irlagan, onam esa ko‘rgazmali qurollarimni katta doska yasatib taxlab chiqqan edi. Yana viloyatga seminarga chaqirishsa ham, ishonib jo‘natgan, kerak bo‘lsa, poyezd vagonigacha o‘tirg‘izib qo‘ygan, kutib olgan ham ular. Bo‘lim boshlig‘imizning “Hamida, tabriklayman.Maqolangizni tepadagilar maqtadi. Bosh muharrirga Prezident apparatidan telefon bo‘libdi” degan gapini dadamga yetkazganimda juda xursand bo‘lgani ham yodimda. Uch yil oldin esa “Huquq bilimdonlari” tanlovi g‘olibi bo‘lib, Malayziyaga ikki kishilik chipta yutib olganimda ham yaqinlarim juda xursand bo‘ldi. Bu chiptani qaynonam va onamga atadim, biroq qaynonam ma’lum sabablarga ko‘ra borolmadi, chiptani esa turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashgan holda ota-onamga berdik. Bu borada turmush o‘rtog‘imni o‘qimishli qilib tarbiyalagani uchun qaynota-qaynonamga, meni ham “Qiz bola-ku, ertaga birovning uyiga ketadi. O‘qitsak, ertaga oyligi qo‘limizga tegarmidi?”, demay o‘qimishli qilgani uchun ota-onamga ikkimiz ham ta’zimdamiz. Gaplarim bilan har bir qiz OTMda o‘qishi shart deb, qat’iy turib olmoqchi emasman. Masalan, pishiriq pishirib mo‘maygina daromad topayotgan tengdoshlarim ko‘p. Lekin soha mutaxassisi bo‘lish uchun, albatta, diplom bo‘lsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu qizning xayoli faqat pul topishda ekan, deyayotgan bo‘lsangiz ham adashasiz. Men erkaklarning pul topish borasidagi ustunligini tan olgan holda ayol kishi ham jamg‘arma yig‘ib, o‘zi xohlaganicha sarflashi va bundan xursand bo‘lishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, hurmat qozonishi tarafdoriman. Uyda o‘tirsa, oilasining ham hurmatini qozonadi-ku, deb savol berishingiz mumkin.Haqsiz.Lekin bu bir tomonlama qarash, xolos. O‘qish, kasb o‘rganish shaxsni rivojlantiradi. Dunyoqarashi kengayadi, bu esa farzandlarining tarbiyasiga, keyingi navbatda millat kelajagiga ham ta’sirini o‘tkazadi. Yana savol tug‘ilishi mumkin: ayol kishi o‘qisa, qo‘liga pul tegsa, o‘zgaradi, aql o‘rgatishni boshlaydi. Balki... Shunday ayollar ham bordir, biroq ma’naviyatli ayol hech qachon bunday qilmaydi, deb o‘ylayman. Bunday “dogmalar” kelajakda ham yuzaga kelmasligi uchun, xoh u o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz, o‘qitish kerak. O‘qitish bu faqat OTMni tugatdi, bo‘ldi emas, yangiliklar bilan tanishtirish, badiiy adabiyotga qiziqtirish, uning ma’naviy rivoji uchun xizmat qiladigan barcha vositalardan cheklamaslik demak.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun davlat va jamoat tashkilotlarida 1 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimida ishlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari, ya’ni 32 foizi xotin-qizlardan iborat. Shuningdek, 3 nafar ayolga akademik unvoni berildi, yana 16 nafar ayol esa Vatanimizning oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi.Yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi. Yana bir yangilik: 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan “Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi” qabul qilindi.
Eh, bularning hammasi qizingiz yo keliningiz, ayolingiz yo singlingizni o‘qitish uchun yaxshi imkoniyat emasmi? Agar ularning tahsil olib, aql o‘rgatishidan qo‘rqayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Negaki, ular ilmli bo‘lsa, bir masala yuzasidan maslahat beroladigan, yoningizda yelkadosh bo‘lib dalda beruvchi bir mehribon ko‘payadi. Eng muhimi esa, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan insonlar soni ortadi.