REKTOR KUBOGI UCHUN INTELLEKTUAL "KURASH"
Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida butun respublikamiz hududlaridan kelgan "Zakovat" intellektual klubining 60 dan ziyod eng sara kuchli jamolari o‘rtasida TXVU Rektori kubogi uchun qizg‘in bellashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘yin uch bosqichdan iborat bo‘lib, har bir tur uchun 12 ta savol ajratilgan. Jamoa a'zolari bir-birlarini qo‘llab, ikki soat davom etgan o‘yinni yuqori kayfiyat bilan qarshi oldilar.
– Bugun universitetimizda quvonchli kun! Sababi, yangi avlod bilimdonlari jam bo‘ldi. Kimdir g‘oliblik uchun kurashish maqsadida tashrif buyurgan bo‘lsa, yana kimdir, o‘z bilimi va iste'dodini sinab ko‘rib, munosib raqiblar bilan bellashib, zavq olgani kelgan. Men mamnuniyat bilan baralla aytamanki, yurtimizda bunday ilimli yoshlarning safi ortayotgani quvonarlidir, – deydi TXVU rektori Bahrom Mirqosimov.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, TXVU Rektor kubogi uchun jamoalararo bellashuvda ilk bor poytaxtimizdagi o‘ndan ortiq universitetlarning nomdor jamoalari ham qatnashdilar va "Zakovat" intellektual o‘yinining so‘ngida g‘oliblar aniqlanib, estalik uchun qimmatbaho sovg‘alar va eng asosiy sovrin TXVU Rektor kubogi munosib jamoaga tortiq qilindi.
Bu kabi o‘yinlarning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish va aholining intellektual salohiyatini yuksaltirishdan iborat.
Hasanboy HAKIMOV