SAMOLYOTLAR PARVOZINI TO‘XTATUVCHI IMTIHON
Koreyada 6 yil davomida 6 marotaba guvohi bo‘lgan bir ajoyib voqea haqida yozmoqchiman.
Har yili noyabr oyida Janubiy Koreyada talabalar hayotidagi eng muhim imtihon kuni bo‘lib o‘tadi. Imtihon oldidan talabalar diqqatini jamlashiga yordam berish uchun mamlakat bo‘ylab hamma sukut saqlaydi. Bu kun Suning ( 수능 ) deb ataladi.
Imtihon mahalliy vaqt bilan soat 08:40 da boshlanadi va 8 soat davom etadi. Har 80 daqiqada 20 daqiqalik tanaffus beriladi.
Test quyidagi fanlardan olinadi:
1. Koreys tili (ona tili) – 80 daqiqa, 45 ta savol.
Tanaffus (20 daqiqa).
2. Matematika (100 daqiqa) – 30 ta savol.
Tushlik (50 daqiqa).
3. Ingliz tili (70 daqiqa) – 45 ta savol (birinchi 17 tasi eshitish ko‘nikmasi bilan bog‘liq savollar).
Tanaffus (20 daqiqa).
4. Koreya tarixi, Ijtimoiy fanlar, Tabiiy fanlar, Kasbga tayyorgarlik (102 daqiqa) – 20 ta savol.
Tanaffus (18 daqiqa).
5. Ikkinchi til (nemis, fransuz, ispan, xitoy, yapon, rus va arab tillari)/Xitoy tili belgilari (40 daqiqa) – 30 ta savol. Ushbu qism tanlov turiga kiradi va agar bola kirmoqchi bo‘lgan OTM talab etmasa majburiy hisoblanmasligi mumkin.
Test savollarini tuzishga mamlakatdagi eng zo‘r 500 ta maktab va OTM professor-o‘qituvchilari jalb etiladi. Ular o‘ta maxfiylikka rioya etgan holda tanlab olinib, sentabrdan boshlab to‘liq bir oyga maxsus joyga olib ketiladi. Bir oy davomida hech qanday mobil va internet aloqalarisiz test tuzish bilan ovora bo‘lishadi. Ular bilan davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq test savollari tuzib bo‘lingandan so‘ng ham uni boshqalar bilan muhokama qilish taqiqlanadi.
Testda har yili o‘rtacha 500 000 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Test topshiruvchilarning 20 foizini oldingi yili imtihondan past ball to‘plagan o‘quvchilar tashkil etadi.
Koreyalik yoshlar ushbu imtihonga bir kunda o‘rtacha 12–16 soat tayyorgarlik ko‘rishadi.
Test boshlanadigan kuni barcha turdagi o‘qishlar to‘xtaydi, barcha xizmat turlari soat 10:00 gacha to‘xtatiladi, harbiy mashg‘ulotlar ham to‘xtaydi. Eshitish ko‘nikmasi bilan bog‘liq test payti hatto samolyotlar uchishi to‘xtatiladi. Testga kech qolayotganlar bo‘lsa YPX yordamida imtihon joyiga yetkaziladi. Bularning hammasi abituriyentlar uchun eng qulay sharoitni yaratishga qaratilgan.
Mamlakat bo‘ylab 3000 nafar ichki ishlar xodimlari va 200 ta o‘t o‘chiruvchi mashinalar shay holatga
keltiriladi.
Imtihon olinadigan joy tashqarisida koreys xalqi (begonalar ham) bolalarga kuch bag‘ishlovchi turli xil plakatlar ko‘tarib ularni qo‘llab-quvvatlashadi. Mana shunday insonlardan har safar nega bunday qilishini so‘raganimda, ularga javoban, bular bizning kelajagimiz va biz ulardan umidvormiz, deya g‘urur bilan gapirishardi.
Nega bu imtihon shunchalik muhim deysizmi? Aynan mana shu test natijasi bolaning kelajagi qanday bo‘lishini belgilab beradi.
Ayubxon RAJIYEV,
A.Avloniy nomidagi
milliy-tadqiqot instituti rektori