TALABALARNI QAYSI NAZARIYA ASOSIDA O‘QITYAPMIZ? O‘ZBEKISTONDA MATBUOT NAZARIYASI BUGUNGI TALABGA JAVOB BERADIMI?
Dunyoda davlatlar ko‘p – siyosiy tutumlari ham turlicha, iqtisodiy asoslarida ham farq katta. XX asrda ularning ikki turi – kapitalistik va sotsialistik tuzum bir-biri bilan raqobatlashdi. Kapitalizm bozor qoidalari bilan faoliyat yuritadigan demokratiyani asos sifatida olgan bo‘lsa, sotsializm ijtimoiy tenglik g‘oyasini amalga oshirish uchun totalitarizm yo‘lini tanladi. Ularning farqiyu o‘ziga xosliklari haqida tom-tom kitoblar bitilgan. Maqolamizga kerakli jihati, bu ikki qutbning matbuoti ham axborot tarqatishda o‘z jamiyati talablaridan kelib chiqqanligidir.
O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlar, bu yo‘ldagi muammolar, xususan, iqtisodiy, huquqiy va xalq xo‘jaligining barcha jabhalariga doir masalalar muhokamalaridan birida turli soha vakillari muammolarni birma-bir izohlab, davlat va jamiyatdagi sust rivojlanishning sababi o‘zaro aloqaning yo‘qligi, axborotsizlik ekanligini ta’kidladilar. Muammolarning yechimi bo‘yicha fikr bildirib, jurnalistlarni tanqid ostiga oldilar. Qalam ahlining ham ularga bildirgan aksar e’tirozlari asosli edi. Bahs-munozara yakunida ishtirokchilar bir to‘xtamga kelib, O‘zbekistonning mavjud iqtisodiy ahvolida bu tabiiy jarayon ekanligini, bir jamiyatdan mutlaqo boshqa tutumdagisiga o‘tish har qanday paytda ham og‘ir kechganligini va shu bois har bir soha vakili o‘z oldidagi to‘siqlarni yengishga harakat qilmog‘i, bunda ommaviy axborot vositalari haqqoniy axborotni muntazam yetkazuvchi vazifasini bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Biroq eski davr – sotsializmning siyosiy-iqtisodiy g‘oyalari asosida tarkib topgan jurnalistika ozod O‘zbekistonda yangi demokratik jarayon, xususan, so‘z erkinligidan foydalana boshladi-yu, iqtisodiy o‘zgarishlarga olib keladigan bilimlarni qo‘llashga ojizlik qildi.
Buning qator sabablari bor edi.
Dastlabki sabab O‘zbekistonda matbuot nazariyasining mukammal emasligidir. Fikrimizni isbotlash maqsadida demokratik qadriyatlarga tayanadigan dunyo mamlakatlari tajribasiga murojaat qilamiz. G‘arbda boshqa nazariyalarning mavjudligini ta’kidlagan holda XX asrda AQSH olimlari dunyo jurnalistikasini to‘rt asosga, ya’ni nazariyaga ajratganlari va uning o‘ziga xosliklarini ko‘rib chiqsak masala oydinlashadi.
Matbuotning to‘rt nazariyasi: o‘ziga xosliklari nimada?
AQSHning ikki katta universiteti olimlaridan iborat Komissiya juda katta mablag‘ evaziga “Ozod va mas’uliyatli matbuot. Ommaviy kommunikatsiya bo‘yicha umumiy ma’ruza: gazetalar, radio, kino, jurnallar va kitoblar” nomli tadqiqot o‘tkazadi va uning natijasi “Matbuotning to‘rt nazariyasi” kitobida mujassam. Mualliflar matbuot nazariyasini avtoritar , libertarian , ijtimoiy mas’uliyat va sovet totalitar ga bo‘ladilar. Ularning har birining maqsad va vazifalari, qoidalari mavjud. Masalan, avtoritar nazariyada mavjud siyosiy mashina va amaldorlarni tanqid qilish taqiqlangan. Libertarian nazariyada axborot berish, ko‘ngil yozish, pul topish, lekin, asosan, haqiqatni topishga va hukumatni nazorat qilishga yordamlashish matbuotning bosh maqsadidir. Ijtimoiy mas’uliyat nazariyasida esa OAV ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak, aks holda, ularni kimdir shunday bo‘lishga majbur etishi lozim. Sovet totalitar nazariyasida esa OAV davlatga qarashli bo‘lib, uning qattiq nazoratida bo‘ladi va uning quroli sifatida boshqa nazariyalardan farqlanadi.
Mazkur tadqiqotda G‘arb olimlari o‘z yurtlari bosib o‘tgan nazariyalarni ketma-ketlikda (“avtoritar-libertarian-ijtimoiy mas’uliyat”) izohlab, “yo‘ldan adashgan” (sovet totalitar) nazariyani alohida ko‘rsatadilar. Ularning fikricha, matbuot avtoritar nazariyasida shakllanib, evolyutsion yo‘l bilan libertarian, undan so‘ng ijtimoiy mas’uliyat nazariyasiga o‘tdi. Bu nazariyalarni uch yuz yil davomida hayotda qo‘llash uchun Yevropa davlatlari va AQSH nafaqat siyosiy, ilmiy, balki muayyan iqtisodiy bosqichlarni bosib o‘tdi. Bu bosqichlar ilmda ma’lum va mashhur bo‘lgani bois qisqacha izohlaymiz.
Har bir nazariyaning iqtisodiy asosi bo‘ladi
Agrar jamiyat (agrar iqtisodiyot) – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichi bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligida ishlab chiqariladigan mahsulotlar yetakchilik qiladi.
Industrial jamiyat – sanoatlashish, ishlab chiqarishning mashinalashishi, ilmiy-texnologik taraqqiyot natijalarining tatbiq etilishi natijasida shakllangan jamiyatdir.
Postindustrial jamiyatda esa yuqori ishlab chiqarish iqtisodiyoti, bilimlar sanoati, yalpi ichki mahsulotning katta ulushi yuqori sifatli va innovatsion xizmatlarga to‘g‘ri keladi, shu bilan birga aholining katta qismi ishlab chiqarishdan ko‘ra xizmatlar doirasida ko‘proq band bo‘ladi. Ensiklopediyadagi izohga ko‘ra, “rivojlangan mamlakatlarda 20-a.ning 2-yarmidan ijtimoiy taraqqiyotda vujudga kela boshlagan yangi bosqich... P.j.da xizmat sohalarining ahamiyati ortadi, fan va ta’lim asosiy o‘rinni egallaydi; ijtimoiy tizimda yetakchilik mavqeyi olimlar va kasb mutaxassislariga o‘tadi; nazariy bilim yangiliklar kiritish va siyosatni shakllantirish manbayi bo‘lib xizmat qiladi; axborot olish, tarqatish va undan foydalanish jamiyat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi” (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 7-jild. Parchin – Soliq. Tahrir hay’ati: A.Abduvohitov, A.Azizxo‘jayev va b. – T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – 158-b.).
Anglashiladiki, XXI asrgacha agrar va industrial jamiyat dovonlarini bosib o‘tgan postindustrial jamiyatdagi ilm-fan, iqtisodning rivojlanishi uning matbuot nazariyasida ham katta o‘zgarishlar yasagan, ommaviy axborot vositalari ilmi doirasida aytganda avtoritar va
libertarian nazariyadan ijtimoiy mas’uliyat nazariyasiga o‘tgan jamiyatdagi axborot olish, tarqatish, foydalanish bilan bog‘liq erkinliklar shu yo‘lni tanlagan davlatlar iqtisodiga, farovonligiga xizmat qilgan.
Turkiston matbuoti tarixi: avtoritar boshlanish
Vaqtli matbuotning ta’sis etilishi XIX asrning ikkinchi yarmi, milliy matbuotning boshlanishi esa XX asrning ilk yillariga, ya’ni agrar jamiyatdan industrial jamiyatga o‘tishga harakat boshlagan chor Rossiyasi Turkistonda mustamlakachilik siyosatini yuritgan davrga to‘g‘ri keladi. U paytda Rossiyada matbuotning avtoritar nazariyasi hukm surardi.
Imperator, xalq tili bilan aytganda, Oqposhsho hukmronligidagi hukumatni qo‘llab-quvvatlash, uning siyosatini targ‘ib-tashviq etish hamda davlatga xizmat qilish mazkur nazariyaning bosh maqsadi hisoblanadi. Fikrimizga dalil sifatida ilk davriy bosma nashr – “Tуркестанские ведомости” gazetasini oladigan bo‘lsak, avvalo, u Turkiston general-gubernatori Kaufmanning 1870-yil 28-apreldagi farmoniga asosan tashkil etilgan va uning Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilab berilgan to‘rt moddadan iborat dasturi avtoritar nazariyaning talablari ijrosi hisoblanadi.
Avtoritar nazariyada “Har bir gazeta va jurnal uchun ruxsatnoma olgan har kim OAVdan foydalanish huquqiga ega”. “Tуркестанскиe ведoмости” va uning o‘zbek tilidagi ilovasi – “Turkiston viloyatining gazeti” hukumatga qarashli edi. Nazariya talabiga ko‘ra nashrning mulk turi xususiy ham bo‘lishi mumkin. Bunga misol tariqasida XX asr boshlarida tashkil etilgan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Samarqand”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Al-Isloh” singari jurnallarni keltirishimiz mumkin. Mazkur nazariyaning yana bir qoidasi shuki, OAV hukumat mulki bo‘lmasa-da, lekin davlat siyosatini yurgizishga xizmat qilishi kerak. Siyosiy mashina va amaldorlarni tanqid qilish taqiqlanadi. Tilga olingan gazetalarning aksari aynan ana shu talabni bajarmagani uchun to‘xtatilgan.
Demak, Turkistonda matbuot 1870- yildan 1917-yilgacha chor Rossiyasining bir qismi sifatida avtoritar nazariya talablari asosida faoliyat ko‘rsatdi.
Turkiston muxtoriyati: libertarian nazariya epkinlari
1917-yil fevralda Rossiya imperatori Nikolay Romanovning taxtdan voz kechishi natijasida ma’lum muddat hokimiyatni Muvaqqat hukumat boshqaradi. Bu davrda ta’sis etilgan matbuot nashrlari, jumladan, “Hurriyat”, “Najot”, “Ulug‘ Turkiston” singari gazetalar chop etgan materiallarda liberal yondashuvni, boshqacha aytganda libertarian nazariya elementlarini ko‘rishimiz mumkin.
Mazkur nazariyaning bosh maqsadi axborot berish, ko‘ngil yozish, pul topish, lekin asosan haqiqatni topishga va hukumatni nazorat qilishga yordamlashishdir. Ammo jamiyatda libertarian nazariyaga xos siyosiy hamda iqtisodiy asosning yo‘qligi uning o‘rnashishiga monelik qildi.
Bolsheviklar olib borgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, G‘arb olimlari aytmoqchi, Sovet kommunistik matbuot nazariyasiga asos soldi. Darhaqiqat, 1917-yil 25-26-oktabr(7-8-noyabr) kunlari bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, Xalq Komissarlari Kengashi Raisi Vladimir Ulyanov-Lenin 27-oktabr (9-noyabr), ya’ni harbiy to‘ntarishdan bir kun o‘tgach “Matbuot haqida”gi dekretni imzolab, muxolifatdagi barcha nashrlarni yopishga buyruq berdi.
“Burjuaziyaning eng qudratli qurollaridan biri burjua matbuoti ekanligini har qanday kishi biladi. Ayniqsa, yangi hokimiyat, ishchi va dehqon hokimiyati endi mustahkamlanayotgan tig‘iz bir daqiqalarda bomba va pulemyotlardan ham xavfli bo‘lgan bu qurolni butunlay dushman qo‘lida qoldirish mumkin emas”, deyiladi Lenin imzo chekkan mazkur hujjatda.
1918-yili Qo‘qonda e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlagan barcha nashrlar, jumladan, “Hurriyat”, “Najot”, “Ulug‘ Turkiston”, “El bayrog‘i” kabi gazetalar, “Al-Izoh”, “Al-Isloh” singari jurnallar Xalq Komissarlari Kengashi tomonidan yopildi.
Totalitar jamiyat matbuoti
Sobiq Sovet Ittifoqi tarkibidagi Turkiston(O‘zbekiston) oz vaqtda matbuotning libertarian nazariyasidan bahramand bo‘lgan esa-da, XX asrning 20-yillaridan sovet kommunistik matbuot nazariyasiga chekindi. Negaki, sovet kommunistik matbuot nazariyasini G‘arb olimlari avtoritar nazariyadan-da mudhishroq bo‘lgan fashist natsistlari nazariyasiga mengzaydilar. Alalxusus, O‘zbekistonda matbuot demokratik davlatlardagi kabi keyingi bosqichga ko‘tarilmadi, balki botqoqqa cho‘kdi.
Matbuotning to‘rt nazariyasi haqidagi tadqiqot mualliflari XX asrning 60-yillarida matbuotning ijtimoiy mas’uliyat nazariyasi va sovet kommunistik matbuot nazariyasini qiyoslar ekan, fikrlarini shunday yakunlaydilar:
“Sovet kuzatuvchilarining fikricha, bizning axborot vositalarimiz mas’uliyatsiz va anarxiyaga asoslangan. Bizga esa sovetlarning ommaviy axborot vositalari “iltifotli o‘ynash hisobiga yashaydigan suyuqoyoq xotin”dek ko‘rinadi. Sovetlar bizdagi yo‘nalishlarning ko‘pxilligi, ochiqlik, chegaralanmagan tanqid va fikrlar kurashini milliy himoyamizdagi ojiz joylar deb biladilar. Bizning nazarimizda esa ular eng kuchli tomonlarimizdir. Kelajakdagi bir necha o‘nyilliklar kimning bahosi to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi”.
Jurnalistlar shuuriga qo‘rquvni joylagan nazariya
Mualliflar aytgan bir necha o‘nyilliklardan so‘ng qaysi nazariya g‘olib kelganligini dunyo ko‘rdi. Biroq sovet kommunistik matbuot nazariyasi yetmish to‘rt yil hukm surdi. Unga asoslangan OAV odamlarning axborot
olish huquqini poymol qildi, mustaqil fikrlashini chegaraladi, har bir fuqaro, jumladan, jurnalistlar shuuriga qo‘rquv hissini joyladi. Rahbarlarni ham shu asosda “tarbiyaladi”. Bu kasallik uch-to‘rt avlodni zaharladi. Uning asoratlari esa tezda yo‘qolmasligini 32 yildan buyon ko‘rib, bilib turibmiz.
Endi masalaning iqtisodiy omillariga e’tibor qaratamiz. G‘arb demokratiyasining ikki yuz yillik tarixi asosida bosqichma-bosqich sanoatlashgan kuchli ishlab chiqarishga ega davlatlarning iqtisodiy salohiyati turibdi. Tahlillarimiz jarayonida ana shu omilni ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmasligi ayonlashdi.
Masalaning o‘zak nuqtasi nimada?
Bugun O‘zbekiston ozod, dunyoda o‘z o‘rniga ega davlatdir. Tenglar ichra teng bo‘lib, jumladan, axborot erkinligi bo‘yicha rivojlangan davlatlardan kam bo‘lmaslikka bel bog‘langan. Shu o‘rinda navbatdagi savollar kelib chiqadi: sovet kommunistik matbuot nazariyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri (ya’ni libertarian nazariyadan sakrab) ijtimoiy mas’uliyat nazariyasiga o‘tish mumkinmi? Boshqacha aytganda, davlat va jamiyatning bugungi holatida, ya’ni qishloq xo‘jaligi (asosan, paxta yetishtirish) ortidan kun ko‘rishga majburlangan, sanoatlashishga endigina harakat boshlagan mustaqil O‘zbekiston postindustrial jamiyatga qachon to‘lasincha o‘tadi? Masalaning o‘zak nuqtasi shu yerda. Aytmoqchimizki, har qanday milliy matbuotdagi yangilanish, taraqqiy etish (buni demokratik yo‘lga chiqish deb ham ta’riflash mumkin) mamlakat iqtisodiy salohiyatiga chambarchas bog‘liq. Afsuski, milliy matbuotimiz maydonidagi depsinishlar ildiz-sabablarini bevosita sohamiz va soha vakillarimiz faoliyatidan izlashdan nari o‘tilmadi. Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik tajribalari, hatto ijtimoiy-siyosiy erkinliklarning o‘zi matbuot sohasini yangi demokratik bosqichlarga olib chiqish uchun kifoya emasligini ko‘rsatdi.
Bevosita mavzuga qaytadigan bo‘lsak, o‘tgan chorak asrlik tarixiy tajriba iqtisodiy asossiz, iqtisodiy yuksalishsiz ijtimoiy mas’uliyat nazariyasiga o‘tish mushkulligini isbotladi. Negaki, OAV o‘z axborotini munosib narxda sota olsagina, ishlab chiqaruvchilar esa mahsulotlari omborxonalarda to‘lib-toshganidan reklama berishga ehtiyoj sezgandagina u demokratiya sari rivojlanishi mumkin. Buning uchun axborot tarqatish erkinligi saqlangan, axborot xarid qiluvchilarning moliyaviy, reklama beruvchilarning iqtisodiy rivojlanish barqarorligi ta’minlangan bo‘lmog‘i kerak. Shundagina OAV birovning yoki hokimiyatning mablag‘iga ko‘z tikmaydi, qaramlik holatiga tushmaydi.
Iqtisodiy asos qachon yaratiladi?
O‘zbekistondagi ushbu muammo bo‘yicha olimlarimiz o‘z tadqiqotlarida o‘rinli xulosalarini berishdi. Xususan, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad quyidagicha izohlaydi: “...davlatimiz rahbari matbuotning iqtisodiy erkinligi muammosini birinchi navbatdagi ahamiyatga molik alohida masala sifatida kun tartibiga qo‘ydi. To‘g‘risi, bu masalaga yondashish biz uchun bir qadar yangilik, zero, “matbuotning iqtisodiy asosi” degan tushuncha hamkasblarimiz tomonidan mua mmo sifatida tilga olinmagan, vaholanki, u aslida hayotda bor edi, illo oshkora tan olinmasdi. Iqtisodiy erkinlik bozor, buyum, mablag‘, xarid va xaridor tushunchalariga borib taqalmay iloji yo‘q. “Axborot” so‘zining ta’rifi ko‘p, lekin uni bozoriy va iqtisodiy nuqtayi nazardan ta’riflash kerak bo‘lsa, axborot avvalo – buyum! Bozorda sotiladigan tovar! Dunyo bozorida hech bir narsa zo‘ravonlik bilan sotilmaydi, balki bozorning chaqqonligini ham, narx-navoni ham bozorning o‘zi belgilaydi”. Olim o‘z tadqiqotida muammoni hal etish uchun 2002-yil avgustida Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasidagi ma’ruzasidan iqtibos keltirib, masalaga e’tiborni qaratadi. “O‘ylaymanki, “Ommaviy axborot vositalari sohasida iqtisodiy munosabatlarning asoslari to‘g‘risida” qonunni ko‘rib chiqish vaqti yetdi” (X.Do‘stmuhammad. Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishning demokratik andozalari. – T.: O‘zbekiston, 2005. – 18–19-b.).
Oradan o‘n sakkiz yil vaqt o‘tdi hamki yuqorida ta’kidlangan qonundan hanuz darak yo‘q. Albatta, buning sabablari ko‘p. Fikrimizcha, ularning barchasiga javob davlatning iqtisodiy rivoji, demokratik prinsiplarning jamiyat hayotiga singishi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Mustaqillik e’lon qilingan bo‘lsa-da, hanuzgacha tanqidga ko‘nikish, yangi fikrni eshitish, agar o‘rinli bo‘lsa, qabul qilish O‘zbekistonda juda mashaqqat bilan kechmoqda. Bu fursatda sirtdan qaraganda bozor iqtisodiga asoslangan rivojlanish yo‘lini tanlagan O‘zbekiston uchun jamiyatdagi holat kabi matbuotda ham axborotni bo‘g‘ish, iqtisodiy depsinishlar mohiyati haqidagi haqiqiy ma’lumotlar berilmasligi korrupsiyaning tomir otishiga, ishlab chiqarishning kamayishiga, alaloqibat, xalqning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi susayishiga sabab bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari qanday nazariya asosida faoliyat ko‘rsatmoqda?
O‘tgan davr ichida mustaqil O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari qanday nazariya asosida faoliyat ko‘rsatdi?
Professor Muxtor Xudoyqulov muallifligidagi “Jurnalistika va publitsistika” o‘quv qo‘llanmasining salmoqli qismi “Ommaviy axborot vositalari nazariyasi” (M.Xudoyqulov. Jurnalistika va publitsistika. – T.: Universitet, 2008. – 5–56-b.b.)ga bag‘ishlangan Muallif unda matbuotning ijtimoiy ong ko‘rinishi sifatidagi jihati, erkinligi va uning mohiyati, asosiy funksiyalari, bosh prinsiplari, matbuot va jamoatchilik fikri, jurnalist mas’uliyati haqida yozar ekan ayni paytda yuqoridagi to‘rt yoki boshqa nazariyaning qaysi biri bizga mos kelishiga e’tibor qaratmaydi.
Jumladan, “Matbuot erkinligi va uning mohiyati” mavzusida matbuot erkinligi so‘z, shaxs, vijdon erkinligi singari siyosiy huquqlardan biri ekanligi, bu masala turli jamiyatda turlicha hal etib kelinayotganligini ta’kidlaydi. Angliyalik jamoat arbobi J.Miltonning, rossiyalik olim Y.Proxorovning fikrlarini keltiradi. “Matbuot erkinligining uch asosi mavjud bo‘lib, bular – uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy asoslaridir”, deya ularning turli tuzum ehtiyojidan kelib chiqib faoliyat ko‘rsatishini aytib o‘tadi. Shuningdek, muammolar haqida ham to‘xtalib, “jamiyatimizning taraqqiy etishi, mustaqilligimizning mustahkamlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyat bilan amalga oshishi jarayonida matbuot erkinligi borasidagi ayrim muammo va nuqsonlar ham o‘z yechimini topib boraveradi”, degan xulosaga keladi.
Olimlar K.Irnazarov, Sh.Irnazarov, Y.Voytiklar esa masalani Markaziy Osiyo mamlakatlari miqyosida tahlil qilib, ularning har biri ommaviy axborot kommunikatsiya bo‘yicha o‘z modelini faol izlayotganini ta’kidlaydilar. “Bu jarayon bir tomondan g‘arb, bir tomondan esa Rossiya siyosatiga yo‘nalgan holda o‘zgaruvchan muvaffaqiyatga erishmoqda. Shu bilan birga, mentalitet va omma an’analari hisobga olingan milliy modelning asosiy xususiyatlari saqlanib qolmoqda”, deya xulosa qiladilar (K.Irnazarov, K.Irnazarov,
Y.Voytik. Формирование современной националь-ной модели журналистики Узбекистана// Elektronniy resurs: https://cyberleninka.ru/article/n/formir vanie-sovremennoy-natsionalnoy-modeli-zhurnalistiki-uzbekistana/viewer.).
Biroq olimlar “biz qaysi nazariyani qo‘llayapmiz-u, uni amalga oshirishda qay jihatlarida kamchiliklarimiz bor?”, degan savolni o‘rtaga tashlamaydilar. Haqiqatan ham, bu savolga javob topish anchayin mushkul vazifa. Shunday bo‘lsa-da, mavjud holatni tahlil etishga harakat qilib ko‘ramiz.
Qaysi nazariya amalda?
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist S.Ostonovning “Ayrim muassislar rahbarlari tahririyat, ya’ni jurnalistlarni o‘ziga qaram hisoblaydi. Jurnalist qaram bo‘lgan joyda so‘z erkinligi o‘ladi, demokratik jarayonlarga putur yetadi, korrupsiya avj oladi. Bundan, avvalo, davlat ziyon ko‘radi”
(S.Ostonov “Gazeta o‘qimay ham yashash mumkin” // “O‘zbekiston ovozi”, 2019-yil 22-yanvar) degan fikri avtoritar nazariyaning bir talabi “yashayotgani”dan darakdir.
Shu bilan birga, libertarian nazariya elementlari ham bugun jamiyat hayotiga kirib kelayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. OAV axborot beryapti, ko‘ngil yozish uchun alohida tele va radio dasturlar mavjud, hatto ko‘plab nashrlar chop etilyapti, haqiqatni topishga, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga harakat qilyapti.
Va nihoyat, ijtimoiy mas’uliyat nazariyasi elementlari hayotimizda uchrayaptimi? Mazkur nazariyaning bosh maqsadi axborot berish, ko‘ngil yozish, pul topish, lekin, asosan, muammoni muhokamaga olib chiqishdan iborat. Demak, demokratik xorij matbuoti jamiyatdagi muammoni o‘quvchi muhokamasiga olib chiqishining asosiy sababi ijtimoiy mas’uliyat nazariyasining talabini bajarishdir. Shu bois auditoriya – oddiy xalqdan tortib to rahbarlargacha bu jarayonga tabiiy qaraydi. O‘zbekistonning ayrim mansabdorlari esa tanqidiy-tahliliy maqolani o‘zlarining g‘arazli dushmanlari uyushtirgan, yozgan deb hisoblaydilar. Aslida jurnalistlar uchala hokimiyatga oyna tutadigan to‘rtinchi hokimiyat hisoblanadi va rahbarlar yangi fikrni eshitishi, tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarishi zarurdir.
Professional jurnalistlar ayni paytda mahorat va imkonlari doirasida ishga kirishdilar. Ommaviy axborot vositalaridagi so‘nggi olti yillik harakatlar, jamiyatda to‘planib qolgan qator muammolarning, jumladan, ishsizlik, tadbirkorlik ishlariga to‘siqlar, qishloq hududlaridagi og‘ir ahvol, qo‘shni davlatlarga o‘tib-qaytishdagi qiyinchiliklar, korrupsiya va poraxo‘rlik, monopoliya masalalarining muhokamaga olib chiqilishi fikrimiz dalilidir. Kamchiliklar ham juda ko‘p – qonunchilikdagi nomukammallik, iqtisodiy chalasavodlik, axloq me’yorlarining shakllanmaganligi... Bu muammolarni bartaraf etish uchun, O‘zbekiston Prezidenti aytmoqchi, jurnalistlardan “shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi”(Sh.Mirziyoyev. Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, do‘stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir // “Xalq so‘zi”, 2018-yil 7-dek.).
Bu fikrdan esa jurnalistlar yangi davr jurnalistikasi lokomotivi bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidlagan holda maqolamizga qisqacha xulosa qilamiz.
“Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi”ni o‘qitish, joriy etish – zarurat!
Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar demokratik prinsiplarga asoslangan yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xalq va hukumat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi zarur. Buning uchun OAV, avvalo, “Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi” asosida faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiq. Unda:
– rivojlangan davlatlarda tatbiq etilayotgan axborot berish, ko‘ngil yozish, pul topish, lekin milliy o‘ziga xos qadriyatlarni (asosan, axloq nazarda tutilmoqda) hisobga olgan holda muammoni muhokamaga olib chiqish uning bosh maqsadi ekanligi; fikri bor har bir kishining OAVdan foydalanish huquqiga ega bo‘lishi; OAV jamoatchilik fikri, kasb axloqi kodekslari yordamida nazorat qilinishi; inson huquqlari, uning ijtimoiy manfaatlariga jiddiy xalaqit berish taqiqlanishi; mulk turi esa agar hukumat jamiyat manfaatlarini ta’minlashni o‘z qo‘liga olishga majbur bo‘lmasa, asosan, xususiy bo‘lishi; OAV ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak, aks holda, ularni kimdir (Oliy Majlis) shunday bo‘lishga majbur etishi kabi talablarni qanchalik murakkab bo‘lmasin qabul qilish;
– jurnalistikaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida “Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi” ta’limini kiritish;
– O‘zbekiston Respublikasi sanoatlashib, postindustrial, va nihoyat, axboriy jamiyatga bosqichma-bosqich o‘tguniga qadar OAV uchun ajratiladigan va Oliy Majlis tomonidan beriladigan beg‘araz iqtisodiy asos yaratilishi, buning uchun yurtimizning zabardast olimlari va demokratik prinsiplar asosida faoliyat yuritayotgan xalqaro ekspertlardan iborat alohida komissiya tuzilib, uning xulosalarini umummilliy muhokamaga olib chiqish, eng sara g‘oyalarni qonunlarga singdirish, amalda qo‘llash;
– jamiyatning har bir qatlamiga ushbu nazariya qoidalarini tushuntirish, jumladan, ta’lim muassasalari fanlari qatoriga yuqori sinflar uchun mediata’limni kiritib, uning tarkibida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z axboroti, fikr-mulohazalari bilan ishtirok etish madaniyati, odobi kabi xislatlarni har bir o‘zbekistonlik ongida shakllantirish bo‘yicha alohida bilimlar majmuasini yaratish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori