TALABALARNING TURLI SOHALARDAGI IZLANISH VA G‘OYALARINI BIRLASHTIRGAN ANJUMAN
Joriy yilning 19-may kuni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun yechimlar yaratish“ mavzusida talabalar tadqiqot jamiyati konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda asosiy ma’ruzachi sifatida Avstraliyaning Monash barqaror rivojlanish instituti, Iqlim ishlari markazi va Siyosiy yetakchilik bo‘yicha MakKinnon instituti raisi, professor Jon Tueyts (John Thwaites) so‘zga chiqdi. Ilmiy anjuman davomida Toshkent Xalqaro Vestminster universitetidagi bakalavriat va aspirantura talabalarining yurtimizda biznes, menejment, iqtisodiyot, moliya, sog‘liqni saqlash, xalqaro huquq hamda shu kabi bir qator boshqa tegishli fanlar bo‘yicha olib borayotgan ilmiy ishlari taqdim etildi.
Ilmiy anjuman mazmun jihatidan quyidagi muammolarni o‘z ichiga qamrab oldi:
− Kam ta’minlanganlik darajasini qisqartirish;
− Oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish;
− Sog‘lik va farovonlik;
− Sifatli ta’lim;
− Gender tengligi;
− Toza suv va sanitariya;
− Barqaror va ishonchli energiya ;
− Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish;
− Industrilizatsiya, innovatsiyalar va infratuzilma;
− Tengsizlikni qisqartirish;
− Barqaror shaharlar va aholi punktlari;
− Mas’uliyatli iste’mol qilish va ishlab chiqarish;
− Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish;
− Quruqlikdagi ekotizimlarni asrash;
− Tinchlik, adolat va samarador institutlar;
− Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik.
Asosiy e’tibor esa “Sifatli ta’lim” yo‘nalishiga qaratildi. Quvonarli jihati shundaki, ushbu konferensiya talabalar olib borayotgan tadqiqotlarini boshqa talabalar va bir qator universitetlar katta tadqiqotchilari hamda xususiy va davlat sektoridagi manfaatdor tomonlarga taqdim etish imkoniyatini yaratdi. Bundan tashqari konferensiya davomida saralab olingan bir nechta eng yaxshi deb topilgan ilmiy ishlar Angliyaning Vestminster universiteti tomonidan chop etiladigan “Buyuk Ipak Yo‘li: Yevroosiyo rivojlanish” (Silk Road: A journal of Eurasion Development) jurnalida nashr etiladigan bo‘ldi.
Anjuman ko‘p tomonlama manfaatli, ko‘tarinki ruh va yuqori saviyada tashkil etildi.
Ozoda ABDURAHMONOVA,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti talabasi