TDYUda akademik shoir ijodini o‘rganish va o‘rgatish jarayonlari
O‘zbek xalqining yetuk vakili, akademik, shoir, yozuvchi sifatida tanilgan G‘afur G‘ulom butun umri davomida ko‘pdan-ko‘p she’rlar, dostonlar yozgan bo‘lib, ularda o‘tgan asrning ijtimoiy hayoti, insonlarning yashash muhiti mohirlik bilan yoritib berilgan. Shuningdek, o‘z hikoyalarida insoniylik, soddalik, samimiylik kabi sof tuyg‘ularni ham ulug‘laydi. Shoirning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan xissasi hamda mehnatlari tufayli hukumatimiz tomonidan adibning hayoti va ijodini yoshlar o‘rtasida yanada kengroq targ‘ib qilishga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, 2000-yilda Vatan oldidagi unutilmas xizmatlari uchun Gʻafur Gʻulomga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berildi. Adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bir jildlik “Tanlangan asarlar”i (2003) nashr etildi. Bularning barchasi akdemik shoirning xalqimiz oldida qilgan ulkan xizmatlari uchundir.
Yuqorida keltirilib o‘tilganlardan tashqari Toshkent davlat yuridik universitetida ham G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini o‘rganish, ularni talaba yoshlar o‘rtasida yoritishga doir samarali ishlar tashkil etilmoqda. Chunonchi, birgina 2022-yil davomida Adiblar xiyobonida G‘afur G‘ulom haykali poyida 10 dan ortiq tanlovlar, kichik teatr shaklida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Universitetda tahsil oluvchi talabalar tomonidan adib faoliyatiga oid 30 dan ortiq milliy gazeta hamda xalqaro jurnallarda ilmiy-ommabop maqolalar chop etildi. Maqolalar hamda ilmiy ishlar to‘plam holatiga keltirildi. Shuningdek, akademik yozuvchining hikoya va qissalarini huquqiy jihatdan tahlil qilish, ulardagi ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga subyektiv hamda obyektiv jihatdan baho berish kabi faol harakatlar amalga oshirilmoqda. G‘afur G‘ulom hayoti va faoliyatini yoritishda o‘z tashabbuslarini ko‘rsatgan talabalarni munosib rag‘batlantirish maqsadida maxsus “G‘afur G‘ulom stipendiyasi” hamda “G‘afur G‘ulom ko‘krak nishoni” joriy etilgan bo‘lib, joriy yilga qadar 20 dan ziyod talabalar mazkur mukofotlarni qo‘lga kiritishgan. Bularning barchasi adib ijodi va faoliyatiga nisbatan yoshlarning qiziqishlari, e’tibori ortayotganligidan dalolatdir.
Ayniqsa joriy yilda adib tavalludining 120 yilligi munosabati bilan nafaqat respublika miqiyosida balki, Toshkent davlat yuridik universitetida ham o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarning ko‘lami ortib bormoqda. Xususan talabalar o‘rtasida test-viktorinalari, maqola tanlovlari va yana bir qancha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda G‘afur G‘ulom ijodi yoshlar o‘rtasida keng yoyilmoqda, adibning asarlariga qiziquvchilar soni oshmoqda.
Mavjuda OSTANABOYEVA