Ta’lim krediti izidan…
Ta’lim krediti izidan…
Qishloq qiziman. Men uchun poytaxtda o‘qish bir vaqtlar katta orzu edi. Bugun talabaman. Katta shaharda o‘qish osonmasligini tushunyapman. Kvartira muammosi haqida so‘z ochsam, suhbatim tonggacha ham tugamaydi. Ammo aytmoqchi bo‘lganim bu emas, o‘qishim uchun olmoqchi bo‘lgan kredit mojarosi.
2020-yili oilaviy sharoitdan kelib chiqib, kontraktimni kredit olib to‘lamoqchi bo‘ldim va mahallamizdagi Agrobankka murojaat qildim. Boshliq o‘rinbosari 14 foizdan kredit berolmasligini har xil bahonalar bilan tushuntirishga urindi. Men bankning turli nayranglarini hali boshidan o‘tkazmagan sodda qizchamasmi, gaplariga chippa-chin ishondim. Shunda ham ortga qaytishni istamas, nima qilib bo‘lsa-da kredit olishni o‘ylab turganimda ko‘zimga hech ham eshigidan hatlab o‘tmagan “Xalq qabulxonasi” binosi ko‘rindi. Xalq qabulxonasida o‘tirgan amaki yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, kredit olish mumkinligini tushuntirdi. Xursand bo‘lib kafil qidira boshladim. Hech bir inson kafil bo‘lishga ko‘nmadi. Ba’zilarning nomlarida krediti bo‘lsa, ba’zilarining “olijanob” erlari ruxsat bermasmush. Hash-pash deguncha, ta’lim kreditini berish muhlati tugadi. Men hanuz kafil topolmadim. Kontraktimni esa uydagilar qiynalib to‘lashiga ko‘nishga majbur bo‘ldim.
2021-yili yana kontrakt to‘lash haqida bosh qotirdim. Bu safar aniq kredit olaman, deb kafilni ertaroq qidira boshladim. Duolarim ijobat bo‘libmi, Prezidentimizning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga doir qarori qabul qilindi. Buni ko‘rib shirinlik olgan go‘dakdek sevindim. Yana quvonarlisi, kafil atalmish farishtam topildi. U hattoki, men o‘qishda bo‘lganim uchun o‘rnimga bankka borib kerakli hujjatlarni ham surishtirdi. Hammasi endi hal bo‘ladi, deb o‘ylaganimda, “ota-onasi yoki vasiyga olgan shaxs davlat idoralarida ishlashi yoki talaba “temir daftar”da turishi kerak”, degan gap chiqdi. Oddiy xalqning bolasi kredit olish tugul, bu masalada bankning ostonasiga murojaat qilishni xayoliga ham keltirmasmish. Vaholanki, qarorda bunday joyi yo‘q.
“Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbayiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi” deyilgan. “Shart” deb yozilganda boshqa gap edi. Lekin men saxovatli insonimni davlat ishida ishlaydi, men to‘lolmasam deb ko‘rga hassaday qilib qo‘yganman-ku. Bechora kafilim vasiylikka olish o‘yida notariusga borgan, ular “biz o‘zimizcha berolmaymiz”, deya tuman xalq ta’limi bo‘limiga borishini aytgan. Bo‘limdagilar mening yoshim 18 dan o‘tib ketgani, shuning uchun bu masalada yordam berolmasligini tushuntirib hokimiyatga yuborgan. Hokimiyatda ishlaydiganlarning javobini eshitib, kula-kula aqldan ozay dedim. Nimamush, vasiylikka olishi uchun mening aqlim sal kaltaroq bo‘lishi kerak ekan. Aqlim zaif bo‘lsa, oliy o‘quv yurtida o‘qirmidim!?.
Bu bitta men bilgan bo‘lgan hayotiy voqea. Davlat idoralarida o‘tirganlar qachongacha oddiy, sodda xalqni yugurtiradi? Quyi lavozim egalari davlat tashkilotlari xalq uchun ishlaydi, degan davlat rahbarining so‘zlarini qachongacha, qachongacha teskarisini bajarisharkan?!
Yulduz O‘ROLOVA,
O‘zJOKU talabasi