Ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy hamkorlik
Joriy yil 3 fevral kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Akademik liseyda Respublika ta’lim inspeksiyasi hamkorligida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi maktab direktorlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni o‘tkazilgan maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi ijrosi yuzasidan amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda akademik liseyning tajribali o‘qituvchilari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash metodikasi xususida slaydalar namoyish qilindi.
Shu bilan birga, to‘plangan boy tajribalar asosida maktablarda qanday qilib bitiruvchilarni OTMlarga kirish ko‘rsatkichini yanada ko‘tarish, ta’lim sifatini oshirish borasida fikr-mulohazalar yuritildi.
Amaliy seminarda maktab direktorlari liseyda oltin medal olgan olimpidachilar va talabalar uchun yaratilgan tajriba laboratoriyasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Lisey direktori professor Ortiqboy Ishanqulov seminarda “ilm yo‘lida igna bilan quduq qazigan ustoz-shogirdlar mehnati va orzusi samarasi o‘laroq, olimpiadalar borasida qilingan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak akademik liseyimiz o‘tgan 2008-2021 yillarda, jami 83 oltin, kumush va bronza medallar sohibi bo‘lgan. Shundan, 13 ta oltin, 24 ta kumush, 46 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, jahon ilm maydonida 83 marta O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishga muyassar bo‘lib kelmoqda”, dedi.
Mazkur seminarda qatnashgan Toshkent pediateriya instituti professori Shavkat Axmedov o‘zining ko‘p yillik ta’lim tajribalari haqida gapirdi va joriy yil Prezidentimiz tomonidan maktab ta’limini rivojlantirishning ustuvor vazifari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektordagi maktablarda tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan tashabbus guruhlari faoliyatiga to‘xtalib, mazkur seminar ilk bor o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Haqiqatan ham eng murakkab kimyo, biologiya fanlaridan dunyoning yigirmadan ortiq, xususan, AQSH, Yaponiya, Rossiya kabi davlatlarning nomzodlari bilan bellashib, Toshkent davlat pediateriya akademik liseyi talabalari oltin medallarni egallashi, nafaqat fidoyi va ilmli o‘qituvchilar mehnati, balki davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ta’lim islohotlarining mevasidir desak xato bo‘lmaydi.
Sherzod Qurbonov