Ta’limda innovatsion rivojlantirishga erishish muhim
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Ta’lim sifatini oshirish — yetuk mutaxassislar tayyorlash demakdir” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Unda qator oliy o‘quv yurti mutaxassislari, akademiyaning professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad — yoshlarga sifatli ta’lim berish va ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish, mavjud muammolar va ularning zamonaviy yechimlarini muhokama qilish, OTMlarda o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi, uning ijobiy natijalari hamda hamkorlikdagi istiqbolli rejalar va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Anjumanni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Furqat Nazarov ochib, Yangi O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning yechimlari, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Uchinchi Renessansni yaratish, bu jarayonda sohani tubdan isloh qilish bo‘yicha yangi tizim shakllangani, ta’lim sohasida jahon ta’lim standartlariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifatini oshirish va innovatsion rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar yurtimizda ta’lim jarayonini sifat jihatdan mukammallashtirish ishlari tizimli amalga oshirilayotgani, o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazilgani, OTM larning asosiy faoliyatlarini avtomatlashtirish hisobiga ma’muriy xodimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarga elektron ta’lim xizmatlarini taqdim etish maqsadida “Hemis” axborot tizimi joriy etilganini aytib o‘tishdi.
Shu bilan birga mazkur axborot tizimi oliy ta’lim muassasalari bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida axborot ko‘prigi vazifasini o‘tab, boshqaruv tizimini raqamlashtirishga xizmat qilayotgani hamda oliy ta’lim muassasalarining shaffoflik indekslari shakllantirilayotgani xususida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida ma’ruzachilar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.
Farhodjon XO ‘ JAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi katta o‘qituvchisi, mayor