TA’LIMGA E’TIBOR − KELAJAKKA POYDEVOR
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘z erkinligiga hamda barcha davlat tashkilotlarining ochiq siyosat olib borishlariga katta e’tibor qaratildi. Buning natijasida aholi o‘zi uchun kerakli deb bilgan barcha ma’lumotlardan xabardor bo‘lib kelmoqda. Bu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2022-yil 20-dekabrda joriy yil yakunlari va kelasi 2023-yil uchun ustuvor vazifalarni belgilab berishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi” bo‘lib o‘tdi. Murojaatnoma mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan jamiyatimizning har bir a’zosi tomonidan iliq kutib olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomani O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga o‘tayotganligi, mamlakatimiz aholisi 36 million kishidan va joriy yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot xajmi 80 milliard dollardan oshganiga e’tibor qaratish bilan boshlagani ham bejizga emas. So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholi sonining jadallik bilan ortib borayotganligi, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘lamini ham oshirish zaruratini keltirib chiqardi. Ichki va tashqi bozorlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlar raqobatbardoshligini ta’minlash uchun, albatta, kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lishi zarur.
Aholi tomonidan bo‘lgan so‘nggi murojaatlar asosan maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish masalalari bo‘yicha bo‘lganligini ta’kidlagan Prezident kelayotgan 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif etdi. Bu albatta, uzoqni o‘ylab yuqoridagi murojaatlarning yechimiga qaratilgan taklif ekanligi bilan ahamiyatga molikdir. Ta’lim jamiyatga bilim berishga xizmat qilibgina qolmasdan, millatning madaniy merosini jamlaydi, alohida shaxsning salohiyatini oshirishga hamda uning kasbiy qiziqishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’limning darajasi inson hayotining turli jabhalariga, sog‘lom turmush tarziga rioya etishiga, madaniyat va san’atni idrok etish darajasiga, siyosiy jarayonlarga to‘g‘ri munosabat bildirishida ham sezilarli darajada ta’sir etadi. Bejizga “Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi”da ta’lim olish huquqi insonning asosiy huquqlaridan biri sifatida belgilab o‘tilmagan. Jahon bankining “Malakatlar farovonligi darajasi” hisobotida yoritib berilganidek, mamlakatlar boyligi aynan inson kapitali, aholining bilim darajasi va ko‘nikmalari bilan belgilanadi.
Darhaqiqat, ta’limga e’tiborni oshirishimiz, yosh avlodni sifatli ta’lim bilan ta’minlay olishimiz buyuk tarix va dunyo tan olgan olimlarga ega bo‘lgan yurtimizdan yana Beruniylar, Ibn Sinolar, Alisher Navoiylar, Ulug‘beklar yetishib chiqishiga tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev – Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir, deb ta’kidlar ekan shu yerda Yusuf Xos Hojib bobomizdan iqtibos keltirib o‘tdi “Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi, bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”. Agar biz buyuk kelajak yaratmoqchi bo‘layotgan bo‘lsak, talimga e’tiborni kuchaytirmasdan, sifatli ta’limni yuzaga chiqarmasdan qo‘yilgan maqsadlarimizga erisha olmasligimizga yaqqol bir misol bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qullangan “A-level” ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini berayotganligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Albatta, bu maktablarni tamomlagan yosh o‘g‘il-qizlar o‘z bilimlari, fikrlash doirasi hamda innovatsion qarashlarga ega ekanligi bilan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ham “shoshirib” qo‘yishlari mumkin. Shunday ekan hozirdanoq professor-o‘qituvchilarning bilim darajalarini yanada oshirishga, ularning sohadagi ko‘nikmalarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan tizimni yo‘lga qo‘yib olishimiz zarur.
Shuningdek, ilm olishga istagi va salohiyati yetarli bo‘lgan, ammo moliyaviy imkoniyatlari biroz cheklangan oliygoh talabalari uchun kelasi yilda imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m hamda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilishi talabalar va yosh olimlar uchun quvonarli yangilik bo‘ldi. Bu mablag‘lar kelajakda, albatta, o‘z samarasini berishiga, ya’ni o‘z sohasining yetuk olimlari yetishib chiqishiga, oliy ta’limni tamomlagan kadrlar sifatining ortishiga xizmat qiladi. Oliy ta’limning sifati albatta, iqtisodiy samaradorlikni belgilaydi. Iqtisodiy o‘sish sur’ati oshgani sayin yangi uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj ortib boradi, bu o‘z navbatida ta’limni rivojlantirishga ijobiy ta’sir etadi. Yuqori malakali mutaxassislar yetkazib beruvchi ta’lim tizimining, iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat qiladi. Shuning barobarida ta’lim va iqtisodiyot bir-birini rivojlanishga undovchi kuch bo‘lib xizmat qiladi.
Ziyodullo RAHMATOV,
Toshkent davlat transport universiteti “Korporativ boshqaruv”
kafedrasi mudiri