Talaba nimaga ulgurmaydi?
Mamlakatning taraqqiy topishida ta’lim-tarbiyaga e‘tibor birinchi darajali masaladir. Shu bois bu boradagi mavjud muammolar yuzasidan kerakli tavsiya va fikrlarni o‘rtaga tashlab tizimli hal etish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi. Ayni shunday muammolardan biri – hozirgi vaqtda kasbiy tayyorgarligi mobaynida talaba yoshlarning ayrim psixologik muammolarga duch kelayotganidir.
Kunlik rejalarni bajarishda vaqt tanqisligi. Misol uchun, talaba institutdan keyin qoʻshimcha kurslarga boradi. Institutda darslar ertalabki soat 8:00 dan tushga qadar davom etadi. Mashgʻulot vaqti soat (taхminan) 16:15 (yoki undan oldin)da. Bu vaqt oraligʻida talaba kursdan berilgan topshiriqlarni bajaradi. Mashgʻulotlardan soʻng esa, tabiiyki, institutda berilgan vazifalar bajarilishi shart. Agar kunning oraliqdagi mayda-chuyda(oʻz oʻrnida muhim) yumushlarini e’tiborga olmasak, asosiy vaqt aqliy mehnat qilishga yoʻnaltirilmoqda. Anglashilganidek, yuklamalarning koʻpa-
yib ketishi stressli vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa, albatta, talaba faoliyatida ketmaket salbiy oqibatlarni yuzaga keltira boshlaydi.
Talabaning iqtisodiy tomonlama cheklanganligi, ya’ni moliyaviy qiyinchiliklar. Hech kimga sir emaski, bugun xorijiy tillar yoki kompyuter sohasini bilish zamon talabi. Ayniqsa, chet tilini bilish boʻyicha sertifikatga ega boʻlish uchun harakat qilmayotgan talaba kam topilsa kerak. Bunday yutuqqa erishish uchun chekilajak mashaqqatni shu jarayonning ichida yurgan kishilargina his qila oladi. Ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritish uchun esa har bir kishida vaqt, energiya yetarli darajada boʻlishi lozim. Oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan yoshlar qarshisida yuqorida taʼkidlaganimiz kabi toʻsiqlarning yuzaga kelishi esa oʻz kuchiga ishonchsizlik, ruhiy tushkunlik va umidsizliklarga sabab boʻladi.
Talabani moddiy jihatdan asosan ota-ona ta’minlaydi. Toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan talaba esa, tabiiyki, qoʻshimcha kurs yoki boshqa xarajattalab zaruriyatlar bilan oila a’zolarini yana ham qiynab qoʻyishni istamaydi. “Men oʻzim qiziqqan soham bilan shugʻullanishni xohlayman. Ammo bu narsa qoʻshimcha mablagʻ talab qiladi. Shuning uchun kontraktga oʻqiyotganligim vajidan ota-onamga ogʻirlik tugʻdirishni xohlamayman. Hozir darslardan keyin kunlik ishlarda ishlab oʻzimning moliyaviy ehtiyojlarimni qoplashga harakat qilyapman”, deydi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Shomurod
Norboʻtayev.
Faol turmush tarzining buzilishi. Makro yoki mikromuhitdagi mavjud nomuvofiqliklar. Avvalambor, masala
ning birinchi tomoniga e’tibor qarataylik. Xususan, vaqtida ovqatlanmaslik yoki organizmning kunlik ratsiondagi kerakli vitamin va minerallar bilan ta’minlanmasligi sababli faol turmush tarzi buziladi. Talabalar uchun qulay bo‘lgan yeguliklar asosan fast-food, xamirli, yogʻda pishirilgan nosogʻlom taomlardir. Transyogʻli mahsulotlarni koʻp isteʼmol qilish esa, albatta, kishining kunlik asosiy ish faoliyatiga salbiiy taʼsir etadi. Muvaffaqiyatsiz yakunlangan ish bora-bora stressli ruhiy holatlarni keltirib chiqaradi. Aqliy va jismoniy faoliyatning bir maromda olib borilmasligi, yetarli darajada dam olmaslik bora-bora surunkali charchoq, depressiya, nevroz kabi holatlarning kuzatilishiga sabab boʻladi.
Qolaversa, oliy dargohlarda darsdan keyin tanaffus uchun ajratilgan vaqt atigi 10 daqiqadan iborat. Har bir dars vaqti esa 80 daqiqa. Kamida 2 soat davomida e’tibori faqat ma’ruza yoki seminarga qaratilgan talabaga tanaffus uchun ajratilgan bu vaqt juda “koʻplik” qilmasmikan?! – Kuzatishlarim shuni koʻrsatmoqdaki, 4 soatlik mashgʻulotlardan keyin oraga yana tiqishtirilgan darslar talabaga ham psixologik, ham fiziologik jihatdan ogʻirlik qiladi. Tushdan keyin miyaning ishlash faoliyati susayadi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti psixologiya oʻqituvchisi Dilafroʻz Safarova. – Ammo negadir oliy ta’limda bu koʻp ham hisobga olinmaydi. Tushdan keyin organizm ehtiyojini har jihatdan yetarli toʻldirish uchun talabaga erkinlik kerak. U darslarni tamomlab boʻlgandan soʻng tamaddi qilsin, sayrga chiqsin yoki oʻzi sevgan biron-bir mashgʻulot bilan shugʻullansin. Biroz uxlab olish ham zarar qilmaydi. Darvoqe, tush vaqtidagi qisqa uyqu
inson miya faoliyati uchun juda foydali. U kishini qoq tundagi ikki soatlik uyqudan koʻra bir necha barobar kuch-quvvat bilan taʼminlaydi. Biroq talabalar uchun qoʻyilgan toʻrtinchi para ularning darsdan chiqib na ovqatlanish, na boshqa mashgʻulotini bajarishiga imkon beradi. Auditoriyadan chiqqan juda koʻpchilik talabalar erinchoqlik bilan yemakxonaga oshiqadi. Chunki tushdan keyin salkam ikki soat xuddi miyasi hovuchda siqib turilgan talaba toliqqanidan uyga borib ovqat qilishni ma’qul topmaydi. Organizm uchun qanchalik zararli boʻlmasin fast-food yoki shunga oʻxshash koʻcha ovqatlari bilan kifoyalanib qoʻya qoladi. Universitetdan keyin qoʻshimcha mashgʻuloti boʻlgan talabalar-chi? Hammadan ham koʻra vaqtini tejash uchun bundan ular aziyat chekishadi.
Koʻrinib turganidek, ta’limda darslar uchun ajratilgan vaqt meʼyoridan oshmasligi kerak. Chunki bu bir qator salbiy psixologik omillarni yuzaga keltiradi. Oʻquv jarayonidagi bu kabi muammolarni bartaraf qilishimiz, talabalarning darsdan keyingi tanaffus vaqtini oʻn daqiqadan koʻpaytirish, institut binolarida talabalarga tamaddi qilish uchun yetarli sharoitlarni yaratib berish kerak. Bu talablarning qoʻyilishi va talab qilinishi yoshlarimizning sogʻlom jamiyatda rivojlanishlari uchun nihoyatda oʻrinlidir.
Depressiya odatda kuchli, maqsadga intiluvchan, biroq hissiyotga beriluvchan odamlarda koʻp uchraydi (Zarifboy Ibodullayev, “Asab va ruhiyat”). Qolaversa, psixolog olim Ergash Gʻoziyev “Ontogenez psixologiyasi” asarida “B.Ananev rahbarligida oʻtkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlarida ma’lum boʻlishicha, talabalar kamol topishining jinsiy va neyrodinamik xususiyatlari ularning aqliy imkoniyatlarini toʻla ishga solishga va sermahsul oʻquv faoliyatini tashkil qilish uchun muhim imkoniyat, shart-sharoitlar yaratadi” deydi.
Bugun oliy ta’limda mavjud turli-tuman majburiyatlar talabaga oʻz oʻrnida ayrim cheklovlarni tugʻdirmoqda. Xususan, oʻqituvchi darsida fandagi ma’lumotlarni talabaga koʻr-koʻrona singdirishga urinishi yoki quruqdan quruq nazariy maʼlumotlarni uzundan uzoq yozdirishi zamonaviy ta’limdagi talablarga javob bermaydi. Agar oʻqituvchi standart baza asosidagi eng kerakli va ahamiyatga ega axborotni kerakli qismlarga ajratib taqdimot qilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Bir talabaning aytishicha, falsafa fani oʻqituvchisi unga buddizm taʼlimoti haqida qirq varaqlik referat tayyorlab kelishni topshirgan. Ammo kelgusi darsga qadar u bu topshiriqni bajara olmaydi. Chunki til kurslaridan berilgan uy ishlarini bajarishi, shuningdek, boshqa fanlardan ham dars tayyorlashi kerak. Tabiiyki, berilgan vazifa aytilganidek bajarilmasa, o‘rtada ziddiyat yuzaga kelib chiqadi. Baʼzi oʻqituvchilarning shogirdi agar talabiga javob bermasa, imtihondan yiqitish kabi jazolarni qoʻllash bilan poʻpisa qilishi kabi holatlar ham uchrab turadi. Albatta, ta’limdagi bunday totalitar tizim bugungi kunga mos kelmaydi.
Har bir talabaning oʻziga xos qobiliyati yoki iste’dodi boʻladi. Agar oʻqituvchi ularning bu xususiyatlarini e’tiborga olib darsdagi oʻzlashtirish jarayonini
talabalarning oʻz qiziqishlari bilan bogʻlay olsa, darsda koʻtarinki va ijodiy ruh ta’minlanadi. Bu esa oʻz navbatida jarayondagi qiyinchiliklar oson yengib oʻtilishi, koʻzlangan maqsadga ortiqcha vaqt sarflashlarsiz erishilishiga ta’sir etadi. Natijada talaba kasbiy faoliyatida institut topshiriqlarini oʻz shaxsiy aqliy faoliyati bilan birga bir maromda olib boradi.
Ta’kidlash joizki, vaqt tanqisligi barchaga birdek tanish muammo. Ta’lim jarayonida talabaning imkoniyatlarini oshirish uchun bir nechta foydali usul mavjud. Masalan, “Pomidor usuli” deb nomlangan texnika bu borada bizga juda yaxshi qoʻl keladi. U vaqtdan samarali foydalanish metodi boʻlib, belgilangan vazifaga maksimum diqqat-e’tibor bilan, ortiqcha ruhiy bosimlarsiz erishish uchun ishlab chiqilgan. Jarayon juda sodda boʻlib, belgilangan yumushga qaratilgan vaqtni 20 yoki 25 daqiqalik “davr”larga boʻlib olinadi. Har bir shunday davrdan keyin kichik 5 daqiqalik tanaffus qilinadi. Ya’ni, 25 daqiqalik ish “pomidor” deb ataladi. Har 4 ta “pomidor”dan keyin, kattaroq 15–20 daqiqalik tanaffus qilinadi va ish jarayonidagi kamchilik va yutuqlar yozib chiqiladi.
Agar oʻquv jarayonidagi faoliyatimizga chetdan e’tibor bersak, tegramizni qamragan mayda (yoki ahamiyatsiz boʻlgan) detallar aslida oʻylaganimizdan koʻra koʻproq vaqtimizni olib qoʻyadi. Yuqoridagi texnika orqali biz tashqi chalgʻishlarni ham nazorat qilishimiz mumkin. Taymerni 25 daqiqaga qoʻyib ishga kirishganimizda vaqt bizga tashqi omillarga chalgʻimaslik kerakligini eslatib turadi. Har bir “pomidor”dan keyin qilinadigan 5 daqiqalik tanaffus esa diqqatimizni yana ishga jamlab olish uchun sharoit yaratib beradi. Bu metod vaqtni qadrlashga oʻrgatadi. Bir necha kunlik mashgʻulotlar natijasida ma’lum bir ishni uddalash uchun bizga nechta “pomidor” kerakligini aniq bilib olamiz.
Bu usul 1980-yillarda Franchesko Chirillo tomonidan yaratilgan. “Pomodoro Technique” vaqtni toʻgʻri taqsimlashning eng samarali metodlaridan biri hisoblanadi. Uning bunday nomlanishiga sabab olim tadqiqotini oshxonalardan birida pomidor shaklidagi soat ustida kashf qilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, oʻqituvchi shamshir boʻlsa, talaba uning misli himoya qobigʻi hisoblanadi. Yoshlar bugungi shiddatli zamonda muallimidan olgan ilm-u hikmatlari bilan goʻyo ularni himoya qiladi. Sayqallab boyitadi. Zero, talaba oʻqituvchining misli oynasi. Shunday ekan, oynamizni hamisha sof saqlaylik va ehtiyot qilaylik.
Dilshodbek RAHMATULLAYEV,
Navoiy davlat pedagogika instituti
1-kurs talabasi