Talaba o‘qishini qanday davom ettiradi
Qanday hollarda akademik ta’til olgan talaba o‘qishini navbatdagi kursdan davom ettirishi mumkin?
So‘ngi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqdaki, talabalar barcha yangiliklardan ham xabardor bo‘lishga ulgurmay qolishmoqda. Bu orada kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeli ta’lim tizimimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Islohotlar davomida talabalarga akademik ta’til berishning yangicha tartibi ham ishlab chiqildi.
Dastlab akademik ta’til qanday hollarda berilishiga to‘xtalsak. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:
· harbiy xizmatni o‘tash uchun;
· salomatligini tiklash uchun;
· homiladorlik va tug‘ish uchun;
· bolalarni parvarish qilish uchun;
· oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.
E’tiborga molik tarafi avvallari talabaga oilasining betob a’zosini parvarishlash uchun akademik ta’til berilmas edi. Ammo bu yangi tartibning eng ata imkoniyatlaridan biri emas.
Akademik ta’til olgan talaba o‘qishini keying yilning o‘zlashtirilmagan semestridan boshlaydi. Aynan mazkur holat orqali talaba ma’lum darajada vaqtdan yutqazadi. Lekin yangi tartib bo‘yicha mazkur muammoning muqobil bir yechimi ham ketirib o‘tilgan desak adashmagan bo‘lamiz. Yuqorida keltirib o‘tilgan Nizomning 11-bandiga muvofiq akademik ta’til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘iga muvofiq, uning o‘qishi akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta’lim shakliga o‘tkazilishi mumkin.
Bunda oliy ta’lim muassasasida muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha sirtqi yoki masofaviy ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda talabaning o‘qishi arizasiga ko‘ra belgilangan muddatga ushbu ta’lim shakliga o‘tkaziladi. Shuningdek, Nizomda t alabaning o‘qishini akademik ta’til muddatiga ta’limning eksternat ta’lim shakliga o‘tkazish tartibi ham keltirib o‘tilgan.
Lekin mazkur tartib harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta’til berish holatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bu tartib talabaga nima beradi?
Birinchidan, akademik ta’til olishga majbur bo‘lgan talaba vaqtdan yutkazmaydi. Akademik ta’tildan qaytgandan so‘ng o‘qishini bemalol navbatdagi semestrdan davom ettirishi mumkin. Ikkinchidan, akademik ta’tilda bo‘lgan talabaning bo‘sh vaqtini ta’lim bilan o‘tkazish imkoniyati vujudga keladi.
Xulosa qilib aytaganda, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan har bir islohotlar tabalarning ta’lim olish jarayonidagi imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Yuqorida aytib o‘tilgan yangi tartib ham mavjud eng actual muammolardan biriga yechim beradi desak adashmagan bo‘lamiz.
Boburjon MAMADALIYEV
TDYU, Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tyutori