ULUG‘ O‘NBOSHI
Akbar aka bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yangi ochilgan xalqaro jurnalistika fakultetida tanishganmiz. Ilk gurunglardan ma’lum bo‘ldiki, u Qashqadaryoning Qamashisida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetidan Toshkentdagi O‘zDJTUning xalqaro jurnalistika fakultetiga ishga o‘tgan. Uni bilmagan biz kabi amaliyotchilarda savol paydo bo‘ldi: eplarmikan, tajribasi bormikan? Tarjimayi holidan 1986-yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatganligi, 1986–1988-yillarda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida muxbirlik qilgani uning amaliy tajribasidan, SamDUda jurnalistika bo‘limini boshqarganligi sohaning nazariy jihatlaridan boxabarligini bildirardi. Demak, eplashiga shubha yo‘q! Tez orada bu xulosa tasdig‘ini topdi ham. Talabalar va kafedra a’zolari bilan yaqinlashib ketganidan “yoshlar ham, yoshullilar ham uni qabul qilishdimi, demak u yaxshi psixolog, mahoratli pedagog”, degan xulosaga keldi ko‘pchilik.
Birga ishlaganimiz – qariyb yigirma besh yillik faoliyati davomida o‘qituvchilikdan turli rahbarlik (dotsent, kafedra mudiri, dekan, prorektor) lavozimlarida ishlaganiga guvoh bo‘ldik. Ularning qay birida ishlamasin talabalar bilimini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, yetuk mutaxassis darajasiga yetishlarini o‘zining asosiy vazifasi deb bildi.
Ba’zi paytlarda har doim ham haqiqatni aytish o‘rinli bo‘lavermaydi. Shunday holat yuz bersa u, albatta, ko‘ngli o‘ksigan hamkasbini yoki talabasini topib, iliq so‘zlari bilan, so‘z lozim bo‘lmaganda mehrli nigohlari bilan malham bo‘la oladi. Bu insonning qalbida samimiyat, uning ortida ezgulik tayanch nuqta ekanligini ko‘rsatadi. Shu bois ham Akbar akaning mehrini his qilgan safdoshlari, ayniqsa talabalar uni juda qadrlashadi.
Ayni paytda A.Nurmatov O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani sifatida talabalarga mehr ulashishdan tashqari o‘zbek jurnalistikasi ta’limida zarur hisoblangan qo‘llanmalar yaratishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan OAV faoliyatiga bag‘ishlangan 10 jildlik nazariy-amaliy kitoblar yaratildi.
Uning birinchi jildi “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti” (Toshkent. “O‘zbekiston”, 2019) deb nomlandi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbar Nurmatov guruh rahbari sifatida qisqa fursatda juda katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Unda dunyoda qo‘llanilgan va qo‘llanilayotgan asosiy nazariyalar yoritilgan. Mazkur qo‘llanma ko‘pchilik mutaxassislar ilmiy ishlarining asoslanishiga, talabalarning OAVning nazariy mohiyatini anglashlariga asqatmoqda. Kamina uchun ham bu qo‘llanma professor Xurshid Do‘stmuhammedov rahbarligida amalga oshirilgan ilmiy ishda taklif etilgan “Axboriy jamiyat matbuoti nazariyasi” asosiy tamoyillarining shakllantirilishida muhim manba bo‘ldi.
Shuningdek A.Nurmatov “Sharhlash jurnalistikasi” qo‘llanmasini (2011) yoki “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari. V jild” (2019) kitobidagi sharh janriga oid qismini shogirdi Nargiza To‘xliyeva bilan birga yozib, soha ta’limida yetishmayotgan adabiyotlar qatoridagi kamchiliklarni bartaraf etdi.
Sharh odatda tahliliy janrlar qatorida turadi. Ba’zi mutaxassislar esa sharhni janrlar chorrahasidagi janr deb ataydilar. Mualliflar sharhning boshqa janrlar qiyosida, jumladan, predmeti (yuz bergan voqea-hodisa, mavzu), maqsadi va vazifasi (tushuntirish, izohlash, munosabat bildirish, munosabatni shakllantirish, tezkor yechim taklif etish), metodlari (taqqoslash, talqin etish, ziddiyatli uslubdan foydalanish, voqealar panoramasi, tasavvur parvozi, deduksiya), yoritish prinsiplari (subyektivlik, tezkorlik, fikrning ta’sirchanligi, qarshi fikr, plyuralizm), til xususiyatlari (sifatlashlar, fe’llarning uslubiy bo‘yoqdor shakllari qo‘llanishi, badiiy-tasviriy vositalardan foydalanish) kabi jihatlarini ochib beradi va quyidagicha izohlaydi:
“Obrazli qilib aytganda, sharhni turli janrlar kesishgan chorrahaga o‘xshatish mumkin. Chunki sharhda axborot, tahliliy va badiiy-publitsistik janrlarga xos unsurlar uchraydi”, “sharh — real, ayni paytda sodir bo‘lgan voqea, hodisaga tushuntirish berish, uni izohlash, talqin qilish. Sharhda munosabat bildiriladi va munosabat shakllantiriladi”.
Olim A.Nurmatov va shogirdining fikrlarini inobatga oladigan bo‘lsak jurnalistika ta’limida sharh barcha janrlar ta’limidan keyin, ya’ni yakunida o‘qitilishi, o‘rgatilishi zarur. Bu davrda talabaning ham fikrlash qobiliyati yuksalgan, yozish malakasi ham rivojlangan bo‘ladi. Mualliflarning taklifiga ko‘ra bu tartib O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetida qo‘llab ko‘rildi ham. Shu sohaning vakili sifatida ularning fikriga qo‘shilamiz.
A.Nurmatov jurnalistika ilmi rivojida ham munosib xizmat qilmoqda.
U 1996-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Badiiy asarda polifonizm” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar kotibi hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida kengashda o‘nga yaqin filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), uchta filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya muhokamasi o‘tkazildi.
Olim hamda pedagog AQSHning Nyu-York va Boston, Isroilning Xayfa va Quddus, Yaponiyaning Tokio va Yokaxama, Buyuk Britaniyaning London, Birmengem va Kardiff, Hindistonning Dehli va Agra shaharlarida, Rossiyaning Moskva shahri va Qalmiq respublikasida, Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida bo‘lib, ushbu mamlakatlarning siyosiy tuzumi, oliy ta’limi, jurnalistikasi kabi zarur bilimlarni o‘rgandi, ma’ruzalar qildi, malaka oshirdi va ilmiy tadqiqotlar olib bordi.
Akbar aka bilan yana bir kesishgan manzilimiz – doktorlik dissertatsiyalarimizning ilmiy maslahatchisi filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad maktabidir. A.Nurmatov ayni paytda Ustozning ilmiy maslahatchiligida “O‘zbek sayohatnomalarida xalqaro mavzu tadqiqi va talqini” mavzusida doktorlik (DSs) dissertatsiyasi ustida tadqiqot olib bormoqda.
Akbar aka juda ko‘p vaqtini mutolaaga bag‘ishlaydi. Har qanday asar tahlilida o‘ziga xos qarashlari bor. U eng murakkab badiiy filmlar haqida ham teran fikr bildirishini ko‘pchilik teleefirlarda kuzatgan. Xususan, u “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida olib boriladigan “Birgalikda o‘qiymiz” va “Birgalikda ko‘ramiz” teleloyihalarining asosiy eksperti hisoblanadi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida esa “Rif’at” kitobxonlik to‘garagi va “Kinopublitsistika” to‘garaklariga rahbarlik qilib kelmoqda.
Akbar akaning o‘ziga yarashadigan, yaxshilikka xizmat qiladigan beg‘ubor qitmirligi bor. Shularni yozayotib kaminaning ham qitmir gap topgisi kelib izohli lug‘atdan nimadir qidira boshladim. “Akbar – eng ulug‘, ulkan, katta”, degan ma’nolarni anglatishi yozilibdi izohli lug‘atda. Misol tariqasida “Vaziri akbar, bosh vazir, katta vazir” atamalari keltirilibdi. Bular Akbar akaning fikrlash miqyosi, dunyoqarashining kengligi, qilayotgan ezgu ishlariga mos, ya’ni ismi amaliga xos izohlar.
Lug‘atning “Akbar” so‘zi izohlangan jildida “D” harfi ham bor. Beixtiyor Akbar akaning fakultetga rahbarligi yodga tushib tegishli so‘zni axtardim. Dekan so‘zi lotinchadan olingan bo‘lib o‘nboshi, o‘nta jangchining boshlig‘i ma’nosini berarkan. Faqat lug‘aviy ma’nosi dekanning bugungi darajasini anglatolmas ekan. Negaki, fakultet dekani uch nafar kafedra mudiri, o‘nlab professor-o‘qituvchilar, yuzlab tolibi ilmlarga rahbarlik qiladigan lavozim hisoblanadi. Lekin ikki izohni qo‘shsak ulkan o‘nboshi yoki eng ulug‘ boshliq bo‘lar ekan. Mayli, qitmirlikni eplolmagan bo‘lsak-da, maqolaga qahramonimizga munosib sarlavha paydo bo‘ldi: ULUG‘ O‘NBOSHI!
Akbar aka bugun ulug‘ yoshga ilk qadamini qo‘ymoqda. Hayot mohiyati anglangan, yoshlarga fikrlar qaymog‘ini ulashadigan umr fursati boshlandi. Savobli amallarni ro‘yobga chiqarish uchun esa mehribon akamga bandasi ko‘radigan yuzdan oshiq yosh dovonlarini zabt etish nasib etsin!
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori,
“Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori