Uch so‘m uchun kelajakka xiyonat
Abituriyentlar uchun bundan 10 yil oldingi muhitni yodga oladigan bo‘lsam, ular asosan o‘zlari o‘qiyotgan maktab yoki boshqa maktab o‘qituvchilaridan darsdan tashqari vaqtda qo‘shimcha ta’lim olishardi. Yoki OTMlarda dars beradigan ustozlar darsdan keyin abituriyentlarga o‘z uylarida dars o‘tishardi. U vaqtda o‘quv markazlari hozirgidan ancha kam, talabalik ko‘pchilik uchun muqaddas orzu edi. Hozirgidek cho‘ntak ko‘tarsa, past ball to‘plagan bo‘lsangiz ham OTMlar eshigini “tepib kirish”ning iloji bo‘lmagan.
Hozir nima ko‘p, o‘quv markazi ko‘p. Ayrimlari eng yaxshi o‘quvchilariga smartfon, avtomobil, hatto ikki xonali kvartira va’da qilish darajasida kuchayib ketdi. Ular bugun abituriyentlarni OTMlarga tayyorlash bilan cheklanmay, o‘zlari ayrim soha va yo‘nalishlarda o‘qitib, kasbga tayyorlab, rangli printerda chiqarilgan, direktorning imzosi va bir yilga bormay xiralashib, o‘chib ketadigan muhri bosilgan sertifikatni berish darajasiga yetib kelishdi.
Qonimni qaynatayotgani ta’lim biznesga aylanib ketganligi emas, balki ana shu o‘quv markazlari direktorlari chiqib olib:
— Oliy ta’lim bir tiyinga qimmat, bilim bo‘lsa, diplomning keragi yo‘q. OTMda to‘rt yilda o‘rgatadigan narsangizni biz sizga olti oyda o‘rgatamiz. Ana, Bill Geyts ham universitetni tamomlamagan. To‘rt yil umringizni havoga sovurmang, qabilidagi gaplarni ijtimoiy tarmoqlarda va video portallarda vaysayotgani bo‘lyapti.
O‘zi tagini surishtirsangiz ana shu o‘quv markazlarini moliyalashtirayotganlar bozorda biror narsani 1 so‘mga olib 2 so‘mga sotib, topgan daromadini yanada ko‘paytirish uchun o‘quv markaziga urgan, oliy ma’lumotsiz, Bill Geyts, Stiv Jobs va Mark Sukerberklarning gaplarini to‘tiqushdek qaytaradigan ish yurituvchi menejerlar. Dars beradigan nomi qo‘shtirnoq ichidagi “ustoz”lar ham maktabimda u edi, maktabimda bu edi, fan olimpiadasiga direktorimning o‘g‘li ketib, men qolib ketganman, ta’limda korrupsiya, deb ikki-uch urinishda ham talaba bo‘la olmay shu o‘quv markazi sertifikatchasini olgan, kompyuterni internet-kafeda “conter strike” o‘ynab o‘rganganlar bo‘lishadi. Ularning maqsadi ko‘proq yoshlarni o‘quv markaziga jalb etish. U yerga 3 oylik kursga kelganlarning miyasiga oliy ma’lumot kerak emas degan tushunchani uqtirib, 3 emas 6 oy davomida, 6 oy emas bir yil davomida ana shu o‘quv markazida o‘qishini reja qilishgan xolos. O‘quv markazlaridagi birinchi, bepul ochiq darslarga borsangiz faqat ana shu sohada ta’lim beradigan OTM haqidagi g‘iybatlarni eshitib qaytasiz.
Masalan, ingliz tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazidagi birinchi bepul ochiq darsga borib qaytgan yoshdan nimalar deyishdi, deb so‘rasangiz: “Eee “Jahon tillari”da unday ekan, “Sharqshunoslik”da bunday ekan. U yerda kerak emas narsalarni o‘rgatishar ekan, grammatika yo‘q. Bu yerda tezlashtirilgan ta’lim ekan, faqat kerakli bilim berilar ekan, IELTSga tayyorlashar ekan”, degan gaplarni ko‘tarib keladi.
O‘quv markazlari hozir shunday yo‘lga o‘tib olishdiki, endi ular globusdan topish qiyin bo‘lgan davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari reklamasini boshlab yuborishdi. Bizda IELTSga tayyorlaning va falon million so‘m to‘lab, imtihonsiz falon davlatdagi universitet talabasiga aylaning.
O‘quv markazlaridagi vallomatlarning fikricha, oliy ta’lim eskilik sarqiti emish. Bir tasavvur qiling. Tankni Mudofaa vazirligi akademiyasida o‘qigan harbiylar emas o‘quv markazi sertifikatini olganlar boshqarsa. Tez tibbiy yordamda yetti yil tibbiyot oliygohida o‘qiganlar emas, olti oylik med kurslarda o‘qiganlar faoliyat yuritsa, samolyot uchuvchilari esa haydovchilar malakasini oshirish kursini tamomlagan “B” kategoriya shofyorlari bo‘lishsa-ya?
Hozir “Birnarsa education” bilan “Nimadir School” ochib olganlar o‘quv markazlarini qanday qilib falon so‘m to‘lab o‘qiydigan o‘quvchilar bilan to‘ldirsak ekan, deb uch so‘m pul uchun oliy ta’limga balchiq chaplamoqda. Ular bu bilan xalqimizga, millatimiz kelajagiga xiyonat qilmoqda.
Yoshlarning kelajagi — oliy ta’lim. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. O‘quv markazlaridagilarning ko‘pchiligi esa ilm kishilari emas, shunchaki chala tadbirkorlar.
Ulug‘bek XUDOYBERGANOV,
O‘zJOKU 3-kurs talabasi