Universitetlar: pandemiya va kelajak
Pandemiya boshlanishi bilan dunyodagi ta’lim tizimi qator qiyinchiliklarga duch keldi. Bir necha hafta ichida sayyoramiz bo‘ylab talabalarning 90 foizi masofaviy yoki aralash ta’limga o‘tishga majbur bo‘ldi.
Universitetlarimiz dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi singari, o‘z ishlarini hech bo‘lmaganda cheklangan miqyosda davom ettirishga qaror qildi. Ushbu holat oliy ta’lim tizimi uchun haqiqiy stressga aylandi.
Pandemiya oldidan universitetlarga tanish bo‘lgan barcha jarayonlar unchalik samarali ishlamagan bo‘lsa ham tizim umuman olganda barqaror edi. Darslarning ko‘p qismi o‘z vaqtida o‘tkazildi va boshqa semestrlarga qoldirilmadi. Millionlab talabalar va o‘n minglab xodimlarning masofaviy ish formatiga o‘tishi koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi choralar samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Talabalar o‘qituvchilar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishdi. O‘quv vazifalari va loyihalarini bajarishdi. Deyarli barcha universitetlarning safarbar bo‘lish va yangi rejimda ishlashga tayyorligi talabalar va o‘qituvchilar uchun barqarorlik hissini saqlashga imkon berdi.
Pandemiya sharoitida universitetlar faoliyatini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, masofadan turib ishlash davrida o‘quv faoliyatini tashkil etishning bir necha usullari ishlab chiqildi:
sirtqi (talabalar materialni o‘qituvchi tomonidan belgilangan muddatlarga muvofiq, qulay vaqtda o‘rganishadi);
sinxron (bir vaqtning o‘zida darsda qatnashish, masalan, vebinar formatida);
aralash (pedagogik vazifalarga qarab sinxron va asinxron o‘zaro ta’sirning kombinatsiyasi).
Ushbu rejimlar pandemiya sharoitida o‘zini namoyon qilgan oliy ta’lim tizimining kuchli ichki farqlanishini aks ettirdi. Qator universitetlarda infratuzilma va raqamli texnologiyalar bilan ishlash tajribasi yetarli emasligi ko‘zga tashlandi. Masofaviy ish formatiga samarali o‘tish va ta’lim kombinatsiyalarini zudlik bilan o‘zgartirish jarayonlarida oqsash sezildi. Bu ba’zi universitetlarning o‘quv jarayonini boshqarish va tashkil etish sohasidagi qoloqligidan dalolat berdi.
Shunday qilib, 2020-yil tajribasi universitetlarning nafaqat an’anaviy, balki yangi vazifalarni hal qilish uchun masofadan turib ishlash formatlari va texnologiyalaridan foydalanishning keng imkoniyatlarini ko‘rsatdi. Masofaviy ta’limga o‘tgan universitetlarning tajribasi raqamli texnologiyaning imkoniyatlarini namoyish etdi.
Ushbu texnologiyalardan samarali foydalanish o‘qituvchilar, menejerlar, talabalarning maxsus kompetensiyalari hamda samarali va qulay texnologik yechimlarni, o‘quv jarayonini maxsus tashkil etishni talab qilishi aniq bo‘ldi. Bu holda masofaviy formatda to‘laqonli ta’lim to‘g‘risida gapirish mumkin emas. Vaziyat universitet hayotining bir qator eng muhim jarayonlarini raqamlashtirish va virtual rejimga o‘tkazish qiyinligini tasdiqladi. Amaliyotda masofaviy formatda oliy ta’lim dasturlarini to‘liq amalga oshirish mumkin emasligini ko‘rsatdi.
Olingan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘qituvchilar, umuman olganda, yangi sharoitlarda ishlay oladi, ammo muammo ish jadvali va mavjud resurslardan xabardor emasligida. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning katta qismi uy sharoitida ishlashda ijtimoiy va psixologik qiyinchiliklarga duch kelishdi.
Sinxron rejimda ishlagan o‘qituvchilar o‘ziga xos uslubiy qiyinchiliklar qatorida e’tiborni saqlash va o‘quvchilarni jalb qilishda qiynaladi. Ma’ruzalarning masofaviy formatda o‘tishi talabalarning o‘quv jarayoniga jalb etilishini nazorat qilishga imkon bermadi.
Ko‘pgina tanish formatlarning oflaynga qaraganda kam samaradorligi isbotlangan. Masalan, imtihon payti talabalar orasida vijdonsiz xatti-harakatlar amaliyotining ko‘payishidan qo‘rqishadi, ularni masofadan boshqarish qiyinroq. Laboratoriya yoki maxsus jihozlarni talab qiladigan fanlarni o‘qitadigan o‘qituvchilar qiyin ahvolga tushib qolishdi. Aksariyat hollarda ular uslubiy va texnologik yordam olmadilar.
Ta’lim jarayonining yangi modelini ishlab chiqish va amalga oshirish zarurati ayon bo‘ldi. Bunday modelda talabalar va o‘qituvchilarning an’anaviy to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zaro munosabatlari, odatdagi shakllardagi amaliy, ilmiy va ijtimoiy faoliyatlari masofaviy formatda sinxron o‘qitish, onlayn kurslar va simulyatorlardan foydalanish bilan birlashtirilib, raqamli didaktika bilan ta’minlanadi.
Pandemiya o‘quv jarayonini individualizatsiya qilish va optimallashtirish, yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish uchun raqamli texnologiyalarning imkoniyatlarini ham ko‘rsatdi.
Raqamli texnologiyalar va masofaviy ta’limni talabalar va o‘qituvchilar uchun samarali va qulay qilish uchun mavjud infratuzilma imkoniyatlari, raqamli manbalar va vositalar, uslubiy yechimlar yetarli emas. Yangi texnologiyalar bilan raqamli manbalarni va o‘quv jarayonining tegishli amaliyotini rivojlantirishni jadallashtirish, o‘qituvchilarning uslubiy malakasini oshirishni rag‘batlantirish, samaradorlikni daliliy tadqiq qilish zarur.
Yangi vaziyat oliy ta’limni boshqarish tizimini tubdan o‘zgartirishga, shu jumladan, kuzatuv kengashlari vakolatlarini kengaytirish, nazorat faoliyatini modernizatsiya qilishga ehtiyoj tug‘diradi.
Ziyoda MUHAMMEDOVA,
Toshkent davlat transport universiteti dotsenti