VA'DALAR AMALDA BAJARILMAS EDI
Tahminan ikki oy avval jamiyatimizga Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri kelishini, ushbu tizimda bizga bog'liq qanday muammolar borligi, takliflar berishimiz kerakligi, menga borishimni iltimos qilib so'rashgandi. Bunga o'xshash tadbirlarga borganman, har borganimda aynan vazir emas, uning o'rinbosari yoki yordamchilari borishardi. Har doim o'sha vazirlik, hokimiyat yoki tashkilot vakillari kelib, muammolarni o'rganib, hal qilamiz, deb katta va'dalar berishardi. Lekin bu va'dalar faqat orada qolib, amalda bajarilmas edi.
O'sha kuni borishni istamagandim, chunki ko'pincha rahbarlar ochko yig'ish uchun borishardi. Bir gap bo'lar, deb borishga qaror qildim. Borganimda shaxsan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim aka Abdurahmonov kelib, jamiyatimiz vakillari bilan dildan suhbatlashdi. Ushbu tizimda bizni qiynayotgan masalalar, muammolar, bunga qanday yechim borligini aynan o'zimizdan eshitishini, bizning taklifimiz va tavsiyamiz bilan hal qilinishi kerakligini bildirdi. Kimda qanday taklif bo'lsa, bemalol qo'rqmay gapirishini aytdi.
O'zim ta'lim sohasi ichida yurganim, ushbu tizimda ko'plab to'siqlar bo'lgani uchun birinchi bo'lib qo'l ko'tardim va muammolarni gapirib berdim. Mendan keyin navbat bilan boshqalar ham o'z takliflarini berishdi.
Ibrohim aka diqqat bilan har birimizni tingladi, takliflarni bloknotiga yozib, yordamchilariga topshiriq berdi. Muloqotdan keyin, albatta yana kelishini, boshlangan ishni davom ettirishni, bunday muloqot muhim ahamiyat kasb etishini aytib, biz bilan xayrlashdi.
Men bergan takliflardan biri - yil nomiga mos, ya'ni jamiyatimiz a’zolariga e'tibor va ularning ta'lim sifatini oshirish bo'yicha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida ona tili savodxonligi kurslarini ochish edi. Ibrohim aka yaxshi taklif ekanini, albatta bog'lanishini aytgandi. Mana endi dushanbadan eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida ona tili savodxonligidan rasman kurslar tashkil qilinadigan bo'ldi. Universitet rahbariyati biz uchun barcha qulayliklarga ega alohida xona ajratdi. Bundan tashqari oylik ham oladigan bo'ldim.
Kecha vazirlikda jamiyatimiz faollari taklif etilib, oliy ta'limdagi masalalarni muhokama qildik, undagi to'siqlar va uning yechimlari bo'yicha takliflar berildi.
Ibrohim Yo'lchiyevich boshqalar qatori va'da beradigan emas, balki amalda bajaradigan, boshqalar o'rnak oladigan zamonaviy rahbar ekanini ko'rsatdi. Tizimda bunday rahbarlar qancha ko'p bo'lsa, rivojlanish ham tez bo'ladi.
Ma'mur Ahlidinov