VAZIR TOSHQULOVNING HAYOTIY HAQIQATLARI...
“Bir sinfdoshim bo‘lardi. Tan olishim kerak, ko‘pgina fanlar bo‘yicha bilimi mendan yaxshiroq edi. Masalan, o‘zim matematikadan besh daqiqada biror masalani ishlasam, u uch daqiqa ichida boshqa yo‘l bilan yechib ulgurardi. O‘sha davrlarda nuqul Toshkentga hujjat topshirdi. Iqtisodiy yo‘nalishlarning o‘tish ballari ikki yuzdan past bo‘lmagan. Keladi, 189 ball oladi, qaytadi. Keladi, 192 ball oladi, qaytadi. Men 177 ball bilan o‘z viloyatimda o‘qib, mana xalq va Prezident ishonchi bilan bugun sizga hisobot beradigan darajagacha yetib keldim. Sinfdoshimda 5 yil shunday holat takrorlanavergach, oxiri o‘qimadi. Yaqinda borib kasbini so‘rasam, maktabda qorovullik qilayotganini aytdi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. O‘sha davrdagi ta’lim siyosati shunday yetuk iqtidorni boy berib qo‘ydi. “Hozir ham o‘qisam bo‘ladimi?!” deb so‘raydi. Hamon olovi o‘chmagan!”
“Uylar kengaydi shaharda. Ammo insonlarning bag‘ri toraydi. Avvallari, har bir xonadonda, mahallalarda 2–3 nafar talaba bo‘lardi. Hozir juda shaharlashib ketdik. Qanchadan qancha davlat, jamoat arboblari bilan suhbatlashsak, Toshkentda ijarada turganini aytishadi. Shu ijarada turgan xonadonining tarbiyasi asosiy sababchi bo‘lganini keltiradi shunday olim bo‘lganiga, shunday arbob bo‘lganiga. Lekin ming afsus, bugun, yigirma xonali uy bo‘lishi mumkin, huvillab ham yotar, ammo to‘rtta talabani joylashtirishni o‘ylab ham ko‘rmaydi odamlar...”.
“O‘zimning kotibim ham talaba. Vazirning nafas olishini, ishlashini ko‘rsin, kelajakda yetuk bir inson bo‘lsin deyman. Bilasizmi, to‘liq stavkada ishlaydigan xodimdan ko‘ra, uning shijoati boshqacha. U ko‘proq ishlaydi, ko‘proq yangilikni xohlaydi. Shuning uchun ham har bir tashkilot talabani bag‘riga olsa, yutsa – yutadiki, yutqazmaydi!”
Iqtibos qilib keltirishga arziydigan yuqoridagi so‘zlarni 2021-yil 14-yanvardagi 6141-sonli Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tayinlangan, “Do‘stlik” ordeni sohibi Abduqodir Toshqulov aytgan. Insoniylik fazilatlari sabab ham namuna bo‘la oladigan vazir bilan ko‘p marotaba uchrashib, fikrlarini olish nasib qilgan. Og‘riqli masalalarda savollar yo‘llagan paytlarim bo‘lgan. Albatta, Abduqodir aka sal sayozroq so‘roqlarga ham har doim to‘ldirib, mukammal tarzda javob bergan. Bugun, “Ma’rifat”da shunday unutilmas suhbatlarimdan birini ilk marotaba e’lon qilishni lozim topdim. Zero, ushbu tizimda hali yechilishi kerak bo‘lgan muammomlar yetarlicha...
— Abduqodir aka, bilamiz yildan-yilga yangi yo‘nalishlar ochilib, kvotalar soni oshirilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, yo‘nalishlarni umumlashtirish, sifatni birinchi o‘ringa qo‘yish vaqti kelmadimi?
— Fikringiz to‘g‘ri. Yo‘nalishlarga kelsak, biz yana qo‘shimcha topshiriq oldik. Bu o‘quv yilidan yo‘nalishlar umumlashtiriladi. Aniqroq qilib aytganda, kamaytiriladi. Ikkinchidan, 60 ta ta’lim yo‘nalishini professional ta’lim muassasalariga tushirdik. Masalan, “kutubxona ishi” degan ta’lim yo‘nalishi bor universitetlarda. Bu yo‘nalishdagi ta’limni texnikumlarda bersak ham bo‘ladi. Texnikum ham mutaxassis chiqara oladi bu borada. Yuqoridagi bakalavriatdagi ikki mingdan ortiq ta’lim yo‘nalishlarini bu o‘quv yilidan yana qisqartiramiz.
— O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida 4 yil davomida o‘tiladigan fanlar soni juda ko‘pdek tuyuladi menga. Bu borada siz qanday fikrdasiz?
— Savol juda o‘rinli. Yaqinda internetda rosa muhokama bo‘ldi. Eski ma’lumotlarni yig‘ib: “Hozir O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida butun to‘rt yil mobaynida 56 ta fan o‘tiladi” deb jar solindi. Men bunga ishonmasdan, asosini tekshirib ko‘rishga qaror qildim. Natija: 24 tadan 32 tagacha fan. Ya’ni, Internetda aytilayotgan ma’lumotlardagidan deyarli ikki barobar kam. Yana aytaman. Ijtimoiy tarmoq yaxshi. Biz uchun oyna. O‘zimizni rostlab olyapmiz. Lekin, avval statistikani olib, ommaga nimadir chiqarishdan oldin, biron-bir OTMga borib, o‘quv rejasiga qarab: “Mana, o‘quv reja, bugun oldim bu o‘quv rejani. Mana shuncha fan” deyilishi kerak-da...
Uch yil oldingi bakalavr diplomining ilovasini olib “O‘zbekistonda 56 ta fan o‘tiladi” deyish qanchalik to‘g‘ri?! Men boshqa yo‘nalishlarni aytmoqchi emasman.
— O‘zingiz ham sezayotgan bo‘lsangiz kerak. So‘nggi yillarda odamlar orasida “oliy ma’lumotli ishsizlar” iborasi tez-tez quloqqa chalinmoqda. Yuqorida aytganimizdek, yangi yo‘nalishlar ochilishi, kvotalarning oshirilishi juda yaxshi. Lekin bu ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan O‘zbekistonda, xalqona til bilan aytganda, “oliy ma’lumotli ishsizlar” ko‘payishiga sabab bo‘lmaydimi? Mamlakatda yetarlicha ish o‘rinlari yaratilmay turib, yo‘nalishlarni ochib tashlayverish qanchalik to‘g‘ri? Vazir sifatida biron-bir yechim taklif qila olasizmi?
— Og‘riqli masalani ko‘tardingiz. Hozir Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan bu bo‘yicha muntazam ishlayapmiz. O‘ylaymanki, sekinlik bilan bo‘lsa-da, malaka talablarini ham qo‘yish vaqti yetib kelmoqda. “Kimni ishga olamiz, olmaymiz?!” — degan savol paydo bo‘lishi lozim. Masalan, magistiraturani bitirganlar asosan OTMda ishlaydi, to‘g‘rimi? Endi shunday talab qo‘yilishi kerakki, magistr bo‘lmaganlar tuman hokimi vazifasini egallay olmasligi darkor. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ish bor bizda. Faqat aralash-quralash bo‘lib yotibdi. Har bir kasb, har bir mutaxassislik borasida haqiqiy malaka talabini ishlab chiqish yechim bo‘ladi deb o‘ylayman. Shunda ishsizlik ham kamayadi. Masalan, oddiy restoranlarni olaylik, kimdir u yerda ofitsiant bo‘lib xizmat qilmoqchi, kechirasiz-u, hozir istalgan odam bu ishni bajarishi mumkin. Chet el tajribasida esa buning aksi. Hatto ofitsiantlik bo‘yicha nomzodning professional diplomga egaligi, sertifikati bo‘lishi yoki hech bo‘lmaganda uch oy o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjati borligi inobatga olinadi. Oliy malaka talablari aslida shunday. Yuqorida aytganimdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan ishlayapmiz va bunga yana bir yil vaqt kerak. Mas’uliyatli jarayon bu. Negaki, yangi kasblar chiqyapti, ahamiyatini yo‘qotgan qaysidir kasb yo‘nalishlarini olib tashlashimiz kerak. Xavotiringizda o‘rin bor. Ammo bu savol faqatgina Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligigagina emas deb o‘ylayman. Sababi, ishsizlikka barham berilishi uchun sanoat, biznes rivojlanib, gigant korxonalar ko‘payishi, xizmat ko‘rsatish sohalari ham ravnaq topishi kerak. Xullas, hammamiz hamjihatlikda harakat qilsak, yaxshi natijalarga erishishga umid bog‘lasak bo‘ladi!
— Istaymizmi yo‘qmi, bizning eng og‘riqli nuqtamiz baribir ta’lim sifati bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Menda o‘z-o‘zidan savol tug‘ilmoqdaki, ta’lim sifati past baholangan oliy ta’lim muassasalari reytingi sizlar tomoningizdan ham belgilanib, qoniqarsiz ishlayotganlar ro‘yxati shakllantirilib borilmoqdami? Chora ko‘rish masalasi borasida ham to‘xtalsangiz.
— Men ta’lim sohasini tushunadigan tadbirkorlarga murojaat qilmoqchiman. OTMlarning o‘rnini, mavqeyini belgilaydigan nodavlat reyting tashkilotlari kerak bizga. Ya’ni, oliy ta’lim muassasalarining o‘zlari pul to‘laydigan, xuddi mustaqil audit kompaniyalariga o‘xshagan, xolis o‘rganib chiqib, kuchli mingtalikka kirish uchun nimalar qilinishi va taxminan necha yil kerakligi borasida “tashxis” qo‘yib beradigan mustaqil nodavlat reyting tashkilotlarini nazarda tutmoqdaman. O‘zimiz ham reyting qilganmiz. Lekin asosiy e’tibor sifatida birinchi galda OTMlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni baholaganmiz. Amaliy ish qilishga kelsak, ta’lim sifati borasida vazirligimizda reyting boshqarmasi ochdik. Bu bo‘yicha muntazam shug‘illanilmoqda. Chora ko‘rish masalasida esa boshqarmamizning reytingida eng yomon ko‘rsatkichni qayd etgan OTM rektorlariga nisbatan Vazirlar Mahkamasiga muntazam taqdimnoma kiritib boraman. Taqdimnomada OTM murojaatchilar bilan qanday ishlayotganligi, rektorning ustidan qancha shikoyat kelganligi, mablag‘larni qanday tasarruf qilayotganligi, siz aytayotgan ta’lim sifati bo‘yicha yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ish beruvchilar va ota-onalarning ularga bergan baholarigacha aks etadi. Bu borada doim adolatli yondashganman!
To‘g‘ri, vazirning vaqti tig‘izligi hisobiga suhbat qisqa bo‘lgan. Gap bunda emas. Muhimi, amaliy ishlarning qanday bajarilishi hamda ko‘tarilgan masalalarning dorzalbligida deb o‘ylaymiz. Ochiqlikni qadrlaydigan, oddiylikni o‘z insoniylik fazilatiga aylantirgan va har bir murojaatni bee’tibor qoldirmaydigan mutasaddilar soni ko‘paysagina, rivojlanish, ravnaq topish jarayonlari tezlashadi. Toshqulov domlaning kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
“Ma’rifat” muxbiri
Abror POYONOV suhbatlashdi.