VAZIRLIKKA SAVOL: OTMLAR QACHONGACHA STATISTIKANI “YOPIQ” SAQLAYDI?

Xabaringiz bo‘lsa kerak, 2022-yilgi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari(test sinovi)da maktab bitiruvchilarning o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tahliliy ko‘rib chiqilib, keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 2022-yilda jami 385 ming 437 nafar maktab bitiruvchilaridan 295 ming 393 nafari, yoki 77 foizi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida ishtirok etib, ularning 85 ming 869 nafari yoki 23 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan to‘rt, 2020-yilga nisbatan esa o‘n ikki foizga oshgan.
2022-yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 810 mingdan ortig‘i yoki 76 foizi kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat bo‘lganligini ham alohida yodda tutish darkor. Savol tug‘iladi, test sinovlaridagi o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari aslida qanday bo‘ldi? Statistikaga qaralsa, Respublika miqyosida maktab bitiruvchilarining test sinovlaridagi o‘rtacha ball ko‘rsatkichi 76,1 ballni tashkil etgan bo‘lib, bu natija 2021-yilga nisbatan 1,2 balga, 2020-yilga nisbatan 6,3 balga oshganligini ko‘rish mumkin.
Maktab bitiruvchilarining o‘rtacha ball ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tish balidan past (56,7 baldan) bo‘lgan O‘zbekistondagi 519 ta umumta’lim maktablari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan alohida nazoratga olinganligi, ularda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahorati va salohiyatini oshirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilishi maqsad qilinganligi borasida bizda bir qancha asosli ma’lumotlar bor.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov jurnalistlar bilan uchrashuvlari davomida viloyatlardagi safarlarida birinchi galda o‘n birinchi sinf o‘quvchilari bilan muloqotda bo‘lishini, aytib, ularning kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishi borasida qiziqqanida, asosan o‘qituvchi, shifokor, quruvchi, iqtisodchi, huquqshunos kabi besh-olti xil yo‘nalishni tanlayotganligini ko‘p bora ta’kidlagan.
Endi o‘ylang, yuqorida sanab o‘tilgan sohalardan tashqari, jamiyatga energetik, mohir loyihachi, texnolog, geolog, neft-gaz mutaxassislari kerak emasmi? Masalan, birgina neft-gaz yo‘nalishi bo‘yicha bizda kadrlarga talab yuqori. O‘zimizda mutaxassislar sanoqli bo‘lgani bois asosan xorijdan chaqirilmoqda. Ularga ming-minglab AQSH dollari miqdorida maosh to‘lanayotganligiga ko‘z yumolmaymiz. Holbuki, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ham aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar o‘qitiladi.
Istaymizmi, yo‘qmi baribir OTMga hujjat topshirayotganlarning katta qismi maktab o‘quvchilari bo‘ladi. Bu fakt. Saidovning so‘zlariga qaralsa, maktablarning bitiruvchi sinflari besh-olti xil kasbni tanlamoqda, unda nega har yili energetika, geologiya, kimyo-texnologiya, neft-gaz va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekistonda kvotalar to‘lyapti degan ikkinchi haqli savol paydo bo‘ladi. Demak, qiziqish va talab borki, kvotalar bo‘sh qolmayapti va hamma gap o‘qitish, ta’lim sifati pastligi bilan bog‘liq. Agar bunday bo‘lmaganida, har yili OTMlarni tugatgan minglab talabalar bilan kamchiliklar to‘ldirilgan bo‘lmasmidi?!
Tahlillarimiz davomida Davlat statistika qo‘mitasidan o‘tgan 2021-yilda O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarini bitirgan talabalar soni qancha bo‘lganligi borasida ma’lumot oldik. 103,9 ming nafar ekan. Shundan, o‘g‘il bolalar soni 55,3 ming nafar, qiz bolalar soni 48,6 ming nafarga teng bo‘lgan. Nimaga o‘zimizda mutaxassislar o‘qitiladi-yu, borligi sezilmayapti? Nimaga o‘zimizning qora ko‘zlarning nasibasini chet elliklar olib ketishi kerak? Nimaga biz xorijdan minglab AQSH dollariga ishchi yollashimiz talab etilmoqda? Nimaga mahalliy talabalardan kadrlar chiqmayapti? Og‘riqli savollar-a?!
Yana bir muammoli holat, bizda oxirgi yillar davomida qaysi oliygoh “mana shu yili, buncha talaba o‘qishni bitirib, ularning faloncha foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi” deya baralla e’lon qildi? OTMdagi mas’ullar natijalar tahlilini yuritadimi o‘zi? To‘g‘risi, bu borada biron-bir ochiq ma’lumotlarni uchratmadim. OTMni tamomlaganlar u yoqdan bu yoqqa yugurib, ish topganiga xursand bo‘lishi o‘z-o‘zidan ixtisoslashuvdan yiroqlashishga olib keladi. Natijada, OTM chiqargan kadrning yollanma ishchidan farqi qolmaydi.
O‘ylashimizcha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘z tasarrufidagi oliygohlardan har yili statistikani olishi kerak: Qancha talaba bitirdi, shulardan necha foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi? O‘zbekistondagi har bir OTM o‘z tahlilini ochiq tarzda ommaga havola qilsa, savollarga o‘rin qolmaydi. Ana shundagina,
OTMlarning qanday mutaxassislar tayyorlayotganligi hamda ta’lim sifati darajasini odilona baholash imkoni yaratiladi. Ko‘zbo‘yamachiliklarga barham beriladi!
Abror POYONOV