Xorijiy tilni mukammal bilish yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi
Xorijiy tilni mukammal
bilish
yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi
Mamlakatimizda chet tillarni o‘rganishni ommalashtirish, bir nechta xorijiy tilda so‘zlasha oladigan kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlar ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish а gentligi bu borada asosiy ijrochi bo‘lib, sohaga doir chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, 2022-2023-o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklari hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilmoqda. Bu nima uchun zarur? Oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba 4 yil davomida xorijiy tilni o‘rganadi. Ammo aksariyat hollarda ularning gapirish va tushunish ko‘nikmalari yetarlicha rivojlanmagani ma’lum bo‘lmoqda. Shu holatning oldini olish, talabalarning xorijiy tilga qiziqishini yanada oshirish hamda ta’lim sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish uchun 2022-2023-o‘quv yilidan magistraturaga faqatgina B2 sertifikati bo‘lganlar qabul qilinadi. Bu nofilologik yo‘nalishga B2 sertifikati bo‘lsagina hujjat topshirish huquqiga ega deganidir. Filologik yo‘nalishlarga C1 darajadagi sertifikat talab etilmoqda. Mazkur sertifikatga ega magistr o‘qishni bitirgach, o‘z mutaxassisligida yetarli bilimga ega bo‘lishi shart. Agar magistr ilmiy ishini davom ettiradigan bo‘lsa, chet tilida maqola yozishi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni chet tilida yoritib borishi, shuningdek, chet elliklar bilan muloqotga kirishishida til bilish darajasini belgilaydigan ushbu sertifikat juda zarur.
Talabalarning o‘qishi, izlanishi, bilimini mustahkamlab, turli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Respublika bo‘yicha 124 ta oliy ta’lim muassasasida o‘quv markazlari ochdik. Agentlik tomonidan bepul o‘quv kurslari tashkil etilayotgani, ularga hududiy vakilliklarimiz kerakli amaliy ko‘makni ko‘rsatayotgani e’tiborga molik. Yoshlarimizdan faqatgina ozgina vaqt ajratib, o‘qish talab etiladi xolos.
Yana qaysi tillardan sertifikatlar imtiyozga ega?
Ingliz tili bo‘yicha eng yaxshi Linguaskill, IELTS, TKT, TESOL, TOEFL kabi xalqaro tan olingan sertifikatlar bor. Mazkur sertifikatlarga ega bo‘lishni istagan talabalar Agentlikka yozma, elektron, telefon orqali yoki viloyatlardagi hududiy vakilliklarimizga murojaat qilishlari mumkin.
Ingliz tilidan boshqa tillarga imtiyoz berish tartibi qanday, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.
Afsuski, mamlakatimizda xorijiy til deganda asosan ingliz tili tushunilmoqda. Ayni paytda yurtimizda 10 ta xorijiy til bo‘yicha 35 turdagi sertifikat tan olinadi. Ro‘yxatga kiritilgan tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega talaba, davlat xizmatchisi va o‘qituvchilarga qonunchilik bo‘yicha tegishli imtiyozlar belgilangan. Mamlakatlarda tan olingan akkreditatsiyadan o‘tgan va qonunchilik bo‘yicha testlarni ishlab chiqish hamda dunyoda joriy etish huquqiga ega tashkilotlarninggina testlari kiritilgan. Masalan, oxirgi paytlarda koreys tilini o‘rganish ommalashyapti. Ularda Topik testlar, Koreya madaniyati va Ta’lim vazirligi tomonidan joriy etilgan sertifikatlar bor. Ular Koreya tomonidan ishlab chiqiladi.
Bu testlar davlat tili hisoblangan davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va ular O‘zbekistonda tegishli shartnoma va litsenziyaga ega bo‘lgan davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladi. Rus tili bo‘yicha Rossiyaning yetuk universitetlari ishlab chiqqan testlar mavjud. Yurtimizda rus tiliga bo‘lgan e’tiborni inobatga olgan holda, Pushkin universiteti tomonidan yangi bilim va ko‘nikmalarni baholovchi testlar ishlab chiqilmoqda, hozirda bu aprobatsiya jarayonida. Bu ham yurtimizda, albatta, joriy etiladi.
2022-yil 1-fevraldan C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab ikki yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustama to‘lash tartibi joriy etildi. Bu pedagoglarning o‘z ustida ishlashi va bilimini oshirishi uchun katta rag‘bat bo‘ldi.
Feyk sertifikatlarga aldanmaslik kerak. Ya’ni Xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirish agentligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan sertifikatlar ro‘yxatiga kirmagan, onlayn o‘qib olingan yoki korrupsion yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan sertifikatlar tan olinmaydi. 35 ta xorijiy sertifikatni tan olish, ularning haqqoniyligini aniqlash, qolaversa, strategiyasini tuzish,
reytingini tayyorlash, amal qilish muddatiga e’tibor qaratish, o‘tish-o‘tmasligini aniqlash maqsadida davlat xizmatchilarining yagona elektron bazasi shakllantirildi. Test rejimida ishga tushirildi. Mazkur bazaga yurtimiz bo‘yicha barcha pedagoglarning erishgan natijalari, orttirgan bilimlari haqidagi ma’lumotlar, ularning xorijiy tilni o‘zlashtirgani to‘g‘risidagi sertifikatlar kiritiladi. Tizim shaffof bo‘lib, istagan odam bazaga kirib, sertifikati o‘tadimi, yo‘qmi bilib olishi mumkin.
Xalqaro aloqalar
Til o‘rganishda xalqaro aloqalar juda muhim. Ayni paytda dunyoning eng kuchli tashkilotlari: Cambridge Assesment English (Linguaskill va TKT xalqaro sertifikatlari), Aydin Universitetining (Aydin TOMER til bilish sertifikati), Attanal Al Arabi, Portsmouth, Trinity kolleji, Westminister universiteti, Yaponiyaning JAICA tashkiloti hamda O‘zbekistondagi Gyote instituti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Yaqinda Koreyaning KOICA, Sejong universiteti bilan memorandum imzolandi. Bunda nafaqat koreys tilining sertifikatiga tayyorlash, balki til egalari tomonidan o‘qitish jarayonini tashkil etish ham ko‘zda tutildi. Qolaversa, Kanadaning yirik o‘qitish markazlari bilan aloqalarimiz rivojlangan. Bunda Tashqi ishlar vazirligining ko‘magini alohida ta’kidlash kerak. Ular O‘zbekistonning turli mamlakatlardagi elchixonalari vakillari bilan bog‘lanib, u yerdagi test markazlari, test o‘tkazadigan jarayonlarni baholash markazlari bilan aloqalarni o‘rnatishda, xorijiy ekspertlarni jalb etishda yordam
berishdi. Hozirda 18 dan ortiq xorijiy tashkilotlar bilan memorandumimiz bor. Mazkur kelishuvlar asosida malaka oshirish kurslari tashkil qilinyapti. Agentlikda 4 nafar xorijlik mutaxassis pedagoglar til o‘rganuvchilarga saboq berib kelmoqda. Hududlardagi konferensiyalar ham xorijiy mutaxassislar ishtirokida tashkil etilayotgani o‘qituvchilarning chet tillarni mukammal bilishi va o‘z ustida ishlashiga katta hissa qo‘shmoqda.
Eng yaqin hamkorlarimizdan biri Buyuk Britaniyaning Cambridge Assessment ta’lim tashkiloti bo‘lib, u ingliz tili bo‘yicha eng yaxshi — IELTS, Linguaskill kabi testlar muallifidir. Tashkilot aynan testologiya sohasida 180 yillik tarixga ega. Cambridge Assessment yordamida uchta yangi test tizimini kiritdik. Hududlarda olib borilayotgan “Eng yaxshi til o‘qituvchisi” tanlovi asosida saralab olingan eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchilari Buyuk Britaniyaga yuboriladi. U yerda pedagoglar testologiya sohasida metodikani rivojlantirish, tilni o‘rgatish, ayniqsa, gapirish ko‘nikmasini rivojlantirishga qaratilgan dastur asosida 2 hafta Kembrij va Londonning boshqa mashhur universitetlarida bo‘lishadi.
Cambridge Assesment mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda xorijiy til o‘qituvchilarining malakasini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bu ham hozircha onlayn tarzda amalga oshirilyapti, lekin aprel oyining oxirida u yerdan mutaxassislar yurtimizga kelib Oliy ta’lim muassasalari hamda maktablarda dars berishni boshlaydi. Angliyaning yana bir tyutorlik tashkiloti bilan Buyuk Britaniya universitetlarining 3-4-kursida tahsil olayotgan talabalarni O‘zbekiston maktablariga jalb etish borasida kelishuvlarga erishdik. Bu o‘quvchilarning til bilishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishi, shubhasiz. Mazkur tashkilot bilan hamkorlikda O‘zDJTUda yangi magistratura yo‘nalishini ochmoqchimiz. Bu yo‘nalishda magistrlarga chet tilida metodik dars berish darajasini belgilab beruvchi sertifikat ham beriladi. Mazkur TKT sertifikatini olgandan keyin Jahon tillari universitetining bitiruvchilari dunyoda 20 000 ta universitetda tan olinadigan sertifikatga ega bo‘ladi.
Qolaversa, Cambridge Assesment yordamida darslik va kitoblar keltiryapmiz. Mazkur tashkilot ingliz tilidagi darslikdan foydalanish uchun o‘qituvchilarga mo‘ljallangan qo‘llanma ham yaratdi. Mualliflar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilayotgani e’tiborga molik ishlardandir.
Xulosa
Asosiy maqsadimiz yoshlar qaysi davlatga bormasin, qaysi tashkilotda ishlamasin, kamida ikkita tilni bilsa. Xorijlik hamkorlari bilan erkin muloqotga kirishib, investitsiyalarni jalb qila oladigan, dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni bevosita tarjimasiz, o‘z tilida bayon eta oladigan kadrlar tayyorlash bugunning muhim talabi. Ayni paytda masofadan turib ishlash, ya’ni BPO rivojlanmoqda. Qoraqalpog‘iston, Namangan, Farg‘onada logistika xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Chet tilini biladigan yoshlarimiz uyida o‘tirib, internet orqali to‘rt ming dollargacha pul topishi mumkin. Bunda xorijiy tilni bilishning ahamiyati katta .
Sanjar OBIDOV,
Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Xorijiy tillarni o‘rganishni
ommalashtirish agentligi direktori
vazifasini bajaruvchi