YANGI O‘ZBEKISTONGA – YANGILANGAN KONSTITUTSIYA BILAN
2023-yil 1-aprel kuni M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘tkaziladigan Referendumga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahririning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yig‘ilganlarga batafsil yetkazishdan iborat. Tadbir UzLiDeP siyosiy partiyasidan saylangan deputat, Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali rahbari o‘rinbosari, i.f.n., dotsent A.B.Mamanazarovning tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirni deputat Abduhakim Mamanazarov kirish va tabrik so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni anjuman mehmonlari bilan tanishtirib o‘tdi. U o‘z chiqishida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar nihoyasiga yetayotganini alohida ta’kidladi: Konstitutsiyaviy islohatlar “hayotning o‘zi talab qilayotgan va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohatlar taqozo etayotgan” davr talabidir.
– Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, tub o‘zgarishlar davrida ko‘plab davlatlarda konstitutsiyaviy islohatlar amalga oshirilgan. Davr bizga ham mamlakatning bugungi va istiqbolli taraqqiyotini belgilab beruvchi Asosiy qonunni takomillashtirish masalasini puxta o‘ylab ko‘rishimizni taqazo etdi.
Jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish jadal islohatlarni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Asl nusxada dunyoda deyarli hyech qanday konstitutsiya qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatlarida konstitutsiyaviy islohatlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida esa yangi Konstitutsiya qabul qilindi.
Barcha mamlakatlardagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni tashqi va ichki chaqiriqlar va davlatga tahdidlarga javob berishi lozimligi mujassamlashtiradi. Zamonaviy konstitutsiyalar ko‘proq mavzularni, jumladan, bir necha o‘n yillar oldin dolzarb bo‘lmagan yangi kun tartibini, masalan, ekologiya, gender tengligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron demokratiya elementlarini joriy etish, ommaviy qonunchilik tashabbusi va boshqalarni qamrab oladi.
2022-yil 6-may kuni UzLiDeP partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qildi. Bu taklif “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Natijada, 2022 yil 20 may kuni mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohatlar boshlandi, u mantiqan 30-aprelda umumxalq referendumi bilan yakunlanishi kerak.
O‘zbekistonning 1992-yilda qabul qilingan Konstitutsiyasiga hozirgacha bir qancha tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritilgan edi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada esa amalga oshirilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarda mutaxassislar, konstitutsiyaviy huquqni bilimdonlari asosiy rolni o‘ynadi. Parlamentimiz takliflarni bevosita qabul qildi, va bunda hyech qanday qoidabuzarliklar yo‘qligini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion sudi ham tasdiqladi.
O‘zbekiston xalqi amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohatlarning boshlanishidanoq bevosita ishtirok etdi. Kiritilayotgan o‘zgartishlar, ularning muhokamasi va referendum yo‘li bilan qabul qilinishi muhim ahamiyatga egadir. Taklif etilayotgan triada xalq ishtiroki bilan bog‘liq. Mamlakatimiz xalqi 220 mingdan ortiq takliflar tashabbusi bilan chiqdi va malakali huquqshunoslar takliflarni qayta ko‘rib chiqib, Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmuniga kiritishdi. Hozirda biz ushbu tuzatish va o‘zgartirishlarni faol muhokama qilmoqdamiz.
Xulosa qilib aytmoqchimanki, bunday konstitutsiyaviy islohat mamlakatimizda birinchi marta amalga oshirilmoqda va zamonaviy tarixda uning o‘xshashi yo‘q, bu islohatning o‘ziga xosligi shundaki, u xalq tomonidan taklif qilingan, muhokama qilingan va qabul qilingan!, – deya ta’kidladi Abduhakim Bozorovich. Shuningdek, barchani Vatanimiz ravnaqi va kelajagimizga dahldor bo‘lgan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan Referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbirda Senatning yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, senator - Dilorom Toshmuhammedova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni mamlakatimizda Referendum o‘tkazish g‘oyasining yuzaga kelish tarixi va Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ma’ruzachi tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashda 190 ga yaqin davlat tajribasi va 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar chuqur o‘rganilganligi, uning umumxalq muhokamalarida 222 mingdan ortiq kelib tushgan takliflarning 55 mingdan ortig‘i yoki 25 foizi loyihaga kiritilganligini, Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga, normalar 275 tadan 434 taga yetganligini ta’kidlab o‘tildi.
Asosiy ma’ruzachi sifatida tarix fanlari doktori, professor Tursunova Rano Yusupjanovna “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahririning mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaviy islohatlar doirasida quyidagi asosiy g‘oya va qoidalarni o‘zida aks ettiruvchi qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
I. Inson, uning huquq va erkinliklari Oliy qadriyat hisoblangan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi irodasi timsoli sifatida davlat va jamiyat taraqqiyoti mafkurasini, O‘zbekiston xalqining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi Konstitutsiyaviy qadriyatlarni belgilash;
II. O‘zbekistonning mustaqil, demokratik, suveren davlat sifatidagi davlat-huquqiy maqomini mustahkamlovchi yangi tamoyillarni belgilash;
III. Konstitutsiyaviy islohat jamiyat tizimidagi fikrlash paradigmasi va faoliyat tamoyillarini tubdan o‘zgartirishga va davlat boshqaruvi, Yangi O‘zbekistonda “davlat-jamiyat-inson” tamoyili o‘rniga “inson-jamiyat-davlat” tamoyilini munosabatlarning asosi sifatida qo‘yishga qaratilishi;
IV. Asosiy qonunda mustahkamlangan davlat tashqi siyosatining tamoyillari “davlatlarning hududiy yaxlitligi” to‘g‘risidagi qoida bilan to‘ldirilishi, uning asosiy vektori sifatida “tinchlikka asoslangan tashqi siyosat” ta’rifi berilishi;
V. Konstitutsiyada farovon davlat belgilari ishlab chiqilgan bo‘lib, uning siyosati ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyilini mustahkamlashga, fuqarolarning munosib turmush sifati va darajasiga erishishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga qaratilishi;
VI. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar butun davlat hokimiyati tizimini demokratlashtirish asosi – hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishning muhim omiliga aylanishi;
VII. Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish, ularning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etishining konstitutsiyaviy asoslarining mustahkamlanishi;
VIII. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar demokratiya prinsipini mustahkamlash, xalq demokratiyasining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilganligi qayd etib o‘tildi.
Shuningdek tadbirda: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullaeva; UzLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Rashan Fazilov; Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Tasbolat Matibaev; Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputatlari G‘ulomjon Xakimov, Avaz Karimov, Shaxnoz Pulatova, Shoira Saidjabbor; MDU Filiali ijrochi direktori Erkin Saydamatov; Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirda yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Shuningdek, ishtirokchilarga Referendum, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi hayotida qanday muhim o‘rin tutayotgani tushuntirilib, unda faol ishtirok etishga chaqirildi. Mamlakatimiz tarixida o‘tkazilgan bunday Referendumlar O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohatlarning yorqin ifodasidir.
Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali matbuot xizmati.