YOSH OLIMLARGA KO‘MAK KERAK
Oxirgi yillarda mamlakatimizda ilm-fan, olimlarga munosabat ijobiy tomonga o‘zgargani soha vakillarini xursand qilmoqda. Sohaga oid Prezident qaror va farmonlari ijobiy o‘zgarishlarga yo‘l ochmoqda. Ilm-fanga qiziquvchilar ko‘payib, sohaga qaytayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Tayanch doktorantura, doktoranturaga kvotalarning soni ko‘paytirilib, sifat ko‘rsatkichlari yana ham yaxshilanib boryapti.
Lekin bu jarayonlarni tezlatish maqsadida real holatlar hisobga olinmasdan, turli cheklovlar kiritilgani muammolar keltirib chiqarmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandida “2022-2023-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilsin. Bunda, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutilsin” deyilgan. Mana shu banddagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda chet tili bo‘yicha sertifikatlarning talab qilinishi muammolar keltirib chiqarmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlab turibdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay’atining 2022-yil 20-sentabrdagi 35-son bayoni bilan tasdiqlangan 2023-yilda stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura va maqsadli doktorantura davlat budjeti mablag‘lari hisobiga ta’lim oluvchilarning vazirliklar, idoralar, oliy ta’lim muassasa va ilmiy tashkilotlar bo‘yicha taqsimlanishiga ko‘ra umumiy hisobda (alohida tashkilotlar bo‘yicha ilovadan ma’lumotlarni olish mumkin) 194 ta doktorantura, 3639 ta tayanch doktorantura hamda maqsadli doktoranturaga birgalikda 351 ta kvota ajratilgan. Endi Innovatsion rivojlanish vazirligining hujjatlarni qabul qilish platformasidagi ma’lumotlarga qarasak, doktoranturaga 251 ta, tayanch doktoranturaga 2488, maqsadli doktorantura va tayanch doktoranturaga birgalikda 126 ta hujjat topshirilgan (tegishli sertifikati borligi uchun). Qolgan topshiruvchilarning tegishli sertifikati bo‘lmaganligi uchun hujjatlari qabul qilinmagan. Kvotalarning to‘lishiga qarasangiz, faqat doktoranturadagina 194 ta o‘ringa 251 nafar talabgor bor. Agar bu tashkilotlar kesimida olinsa, aksariyatida ajratilgan o‘ringa talabgorlar soni yetarli bo‘lmaydi.
Tayanch doktorantura va maqsadli doktoranturaga ajratilgan kvotalar uchun yetarli sondagi talabgorlar hujjat topshira olmagan. Agar hujjat topshira olganlarning barchasi tegishli imtihondan o‘tdi deb hisoblaganimizda ham 1151 ta ajratilgan o‘rin bo‘sh qoladi. Maqsadli doktoranturada esa 225 ta o‘rindan foydalanilmaydi. Bu raqamlarni foizga o‘girsangiz, tayanch doktoranturaga ajratilgan o‘rinlarning deyarli 32 foizi, maqsadli doktoranturalarning esa 64.1 foizi bo‘sh qolyapti. Bu degani ilm-fan bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 1376 nafar tadqiqotchini ko‘ksidan itaryapmiz. Aslida hukumat ularga ilm bilan shug‘ullanishi uchun tegishli mablag‘ ajratyapti, lekin sohaga mas’ul bo‘lganlarning, Prezident ta’biri bilan aytganda, “oyog‘i yerdan uzilganligi” sabab shuncha tadqiqotchi bu imkoniyatdan mahrum bo‘lyapti.
“Xo‘p, endi shunday vaziyat yuzaga kelibdi, muammoni hal etish uchun taklifing bormi?” deguvchilarga javobim bor:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi qarorining 6-bandiga o‘zgartirishlar kiritilsin. Xususan, oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklari tanlovlarida tegishli sertifikatlarni talab qilish 2025-yildan boshlab talab etilsin.
Nega aynan 2025-yil degan savolga javob quyidagicha bo‘ladi: Qarorda magistratura bosqichiga 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab tegishli sertifikatlar talab qilinishi yozilgan. Bu talab bilan o‘qishga kirgan magistrantlar 2024-yilda magistrlik darajasini oladi va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlariga o‘tishadi. Ularni 2025-yildan boshlab tayanch doktoranturaga olish mumkin bo‘ladi. Bu magistrlarimiz uchun tegishli sertifikatni qayta olish muammo tug‘dirmaydi. Aslida o‘sha paytda ham olingan sertifikatlarning amal qilish muddati 2 yil bo‘lsa-da (aksariyati 2022-yil davomida olgan bo‘ladi), istisno tariqasida 2,5 yoki 3 yil ichida olingan sertifikatlar bilan hujjat topshira olsa, ularni qo‘shimcha xarajatdan qutqargan bo‘lamiz.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 2-noyabr kuni o‘tkazilgan Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’atining navbatdagi yig‘ilishida oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakliga hujjat topshirish uchun til sertifikati masalasi ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yilgi doktorantura (PhD, DSc) ixtisosliklari uchun hujjatlar chet tili sertifikatini yil oxirigacha olish sharti bilan qabul qilinadi. Ya’ni til bilish darajasidan qat’i nazar, har bir talabgor kirish imtihonlarida ishtirok etadi.
Doktoranturaga qabul qilinganlar yil oxirigacha chet tili sertifikati olmasa, unga nisbatan chora ko‘riladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’at a’zolarining ta’kidlashicha, bu ilm talabgorlari uchun imkoniyat bo‘lib, birinchi kurs oxirigacha belgilangan til sertifikati taqdim etilmasa, kursdan kursga o‘tkazilmaydi, deya xabar berdi kun.uz nashri.
Erkinjon KARIMOV,
fizika-matematika fanlari doktori