Yangi O‘zbekistonning istiqboli: bu borada qanday huquqiy muammolar mavjud?!
Yangi O‘zbekistonning istiqboli :
bu borada qanday huquqiy muammolar mavjud ?!
O‘qishdan qaytayotganimda mahalladan peshinga chaqirilayotgan azon ovozi eshtildi. Ha, uyimiz besh mahal iymonga chorlovchi baytul masjidga yaqin fayzli ko‘chalardan birida. Gapni qisqasi, masjidga kirayotgan har bir yoshu keksadan xayr-ehson so‘rab turgan yigit e’tiborimni tortdi. Aftu angori joyida, kiyishi va so‘zlashi binoyidek, qo‘l-oyog‘i chaqqonligidan hali u yoqqa, hali bu yoqqa yugurib “savob uchun ehson qiling” deyayotgan bu yosh kishini savolga tutdim. Anglashimcha, ota-onasi va ukasi bilan shu atrofdagi ko‘p qavatli uylardan birida yashaydi. U masjid imomi va go‘rkoviga “tushgan” yeguliklardan tilab, nomozga kelganlardan xayr istab yurishga odatlanib ulgurgan. “Undan ko‘ra ishlasangiz bo‘lmaydimi, ayni sizu biz uchun qancha imkoniyat bor” dedim. U esa oila tirikchiligiga ko‘mak berayotganini pesh qilib, o‘zini oqladi va yana “xaltangizdagi mevadan tashlab keting” deyishdan ham tonmadi. Meni taajjublantirgani, o‘zidan yosh bolalardan ham ehson istab, qo‘lini qovushtirib yuguryapti. Uning erlik g‘ururiga achindim, xolos.
Demoqchi bo‘lganim, yildan yilga e’lon qilinayotgan huquqiy hujjatlarda yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Biz faqat unday foydalanishni o‘rgatadigan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan mutaxassislarga muhtojmiz. Mana yaqindagina mahallada yoshlar bilan ishlaydigan yangi ish o‘rni yaratildi, bu lavozim ayni mana shu maqsadga xizmat qilishi lozim, fikrimcha. Va yana joriy yildan 9 ming 309 nafar “hokim yordamchilari” ish boshladi. Ushbu tizimga mas’ul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar hal qilib berildi. Mahallabay ishlash tizimini tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, mutasaddilar mahallada hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etib, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga shaxsan mas’ul bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.
Hokim yordamchilari “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari doirasida o‘z mahallalarida o‘rganishlar o‘tkazib, ijtimoiy reyestrni qaytadan yangilashi lozimligi ta’kidlandi. Ammo bu borada mahallarda muammolar yetarli. Insonlarning huquqiy bilimini oshirish va ular tomonidan turib o‘z vazifasini bajaradigan mutaxassislar mahalla idoralarida o‘tirishi kerakligi KATTA muammo!
– Aholini o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilishga katta hajmda kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Lekin, joylarda aksariyat odamlar ulardan bexabar desak, bu ham haqiqat, – deydi Prezident. – Shuning uchun hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, ularga mavjud sharoitlarni yetkazishi, tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali kambag‘allikdan chiqarishi lozim.
Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m) ajratilishi ma’lum qilindi. Bu borada mahallada tadbirkorlik va dehqonchilikni rivojlantirish uchun oilalarni zarur asbob-uskunalar va ish qurollari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Joriy yil dehqonchilik uchun ajratilayotgan 80 ming gektar ekin maydoni ham birinchi navbatda yuqorida qayd etilgan toifadagi oilalarga beriladi. Shu orqali 500 ming aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash mumkin. Mutasaddilar oldiga ekin yerlarini ajratish ishlarini tanqidiy muhokama qilib borish, aholini parrandachilik, qo‘y-echkichilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik bilan band qilish uchun yetakchi tadbirkorlarni jalb etish, mavjud imkoniyatlarni o‘rganib, tadbirkorlar ishtirokida mahallalarni inkubator bilan ta’minlash, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli sotib olish tizimini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Mana shu imkoniyatlar ijrosi yuqorida guvoh bo‘lganimiz kabi er-yigitlarning ori toptalmasligi va oilalar to‘q bo‘lishini kafolatlaydi.
Darhaqiqat, Yurtboshimiz Murojaatnomada qayd etilganidek, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek, “ E ng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi.
Murojaatnomada bayon etilgan umidbaxsh g‘oyalar va rejalar salmog‘i g‘oyatda ulkan. Bugun ko‘pchilik “Yon daftar”iga, binobarin, qalb daftariga quyidagi ezgu maqsadlarni qayd etib olgan bo‘lgan ajabmas:
– Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkaziladi.
– Oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar ko‘paytiriladi.
– Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi.
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari optimallashtiriladi.
– Oliy o‘quv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratiladi.
– Ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratiladi.
– Ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.
– Oliy ta’limda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish talab etiladi.
– Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.
– Oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashga o‘tadi.
– Kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilish boshlanadi.
Qolaversa, “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etilishi qayt etib o‘tildi. Ya’ni, bugungi kunda ishsiz yurgan yoshlarimizni ham tomonlama qo‘llab quvvatlash maqsadida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021 - yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan bu ezgu harakatni davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullanganligi yurtimiz yoshlariga yanada g‘urur va kelejakka bo‘lgan ishonch, mamlakatimizda isteqomat qilayotgan barcha yoshlar Prezident e’tiborida ekanligidan dalolat beradi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev forum doirasida yoshlar bilan uchrashib, muloqot qildi. Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolar echimiga oid rejalar bayon qilindi, vazifalar belgilandi. Avvaliga e’lon qilingan yangiliklarning ayrimlarini sanab o‘tsak:
Birinchidan, ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu kreditlarni yoshlar OTMni bitirib, ishlashni boshlaganlaridan keyin uzishi mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, 2021 - yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Hozirgi Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
Uchinchidan, IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Ertangi kelajakni yaratadigan yoshlarga o‘z imkoniyatlarini anglatish va ko‘mak berish huquqiy muammolardan biri. Zotan, bu masalaning yechimi bilimli va vijdonli kadrlar, jonkuyar mutaxassislarga bog‘liq.
Shohzodjon OTAMURODOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi