Yangi yo‘nalishlar yetuk kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi
Qabul kvotalari oshib borayotgani, ilmiy-tadqiqotchilik sohasida jadallashish, xorijiy OTMlarning filiallari va mahalliy OO‘Ylarning viloyatlardagi filiallari ochilishi — taraqqiyotimizning yangi bosqichi hamdir. Bugun deyarli barcha oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar impakt faktori yuqori bo‘lgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, o‘quv qo‘llanma, darslik, monografiya va lug‘atlar nashr etish sa’y-harakatiga tushgan. Ko‘pgina oliygohlarda ilmiy darajalarni beruvchi Ilmiy kengashlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi bir yil ichida yuzlab yosh tadqiqotchilar dissertatsion ishlarini himoya qilayotgani sohadagi qiyinchiliklar bartaraf etilayotganidan dalolatdir. Birgina Buxoro davlat universitetida so‘nggi ikki yil ichida ta’lim sifatining oshishi, xorijiy tillarni o‘rganish va o‘rgatish borasida ham sezilarli natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Xorijiy davlatlar elchixonalari va ko‘plab xalqaro universitetlar bilan memorandum hamda qo‘shma dasturlar imzolanib, akademik almashinuv xizmati dasturlari asosida malaka oshirish va talaba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish yanada kengaytirilmoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan universitetimizda “Jurnalistika: bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi” hamda “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” yangi bakalavriat yo‘nalishlari tashkil etildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 25 nafar talaba qabuli rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, bugungi global davrda jurnalistika xalq bilan muloqotning eng faol, tezkor va to‘g‘ri yo‘lini anglash minbari hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Buxoro davlat universiteti ham O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti qatorida yetuk jurnalist kadrlarni tayyorlab berishidan umidvormiz.
Bugun ommaviy auditoriya an’anaviy jurnalistikaning vositachiligisiz ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lish, axborot tayyorlash va uzatishda, erkin bahs va muloqot olib borishda faolligini namoyon etayotgani ayni haqiqat. Bunday yangi sharoitda ommaviy axborot vositalari va axborot sohasida yetarli savodxonlikka ega bo‘lmagan mutaxassislarsiz jarayon rivojlanmaydi, qolaversa, omma fikrini, ishtirokini faol ta’minlash, ya’ni ijtimoiy muloqotni shakllantirish hamda faollashtirish lozim bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan yondashilganda Buxoro davlat universitetida ochilayotgan yangi yo‘nalishlar jahon andozalariga mos, yetuk mutaxassislar tayyorlashda o‘z o‘rniga ega, deb o‘ylaymiz.
Professor O.Safarov aytganidek, roppa-rosa bir asr ilgariyoq Buxoro butun Markaziy Osiyo va Sharq xalqlari adabiyoti va ijtimoiy tafakkuriga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan ustoz S.Ayniy, A.Fitrat, F.Xo‘jayev singari fenomen daholarni yetkazishida matbuotning ta’siri va roli katta bo‘lgan. Ayniqsa, 1912-1913-yillarda Buxoro ziyolilari tomonidan chiqarilgan “Buxoroyi sharif”, 1920-yilda Buxoro Xalq Jumhuriyati qaror topgach, “Qutulish”, “Buxoro axbori” (keyinroq “Ozod Buxoro”, “Buxoro proletari”, “Buxoro haqiqati”, hozir “Buxoronoma”), “Tong” jurnali, 1923-yildan boshlab esa “Uchqun”, “Maorif va madaniyat”, “Nashri maorif” kabi jurnallarning birin-ketin chop qilina boshlagani diqqatga loyiq. Bu nashrlarda yuqorida zikr qilingan fidoyi ma’rifat egalari va adiblari bilan birga Cho‘lpon, Elbek, G‘ulom Zafariy, Suboy, Said Ahroriy singari namoyandalar bosh-qosh bo‘lgani muhim dalillar bilan asoslangan. O‘tgan bir asrlik vaqt davomida ham bu ulug‘ allomalar yurtidan yetishib chiqqan o‘nlab adib-u allomalar, shoir-u jurnalistlar, akademik va olimlar yurtimiz va jahon miqyosida taniqlidir.
Bu yo‘nalishda bilim oladigan navqiron avlod o‘sha adabiy va madaniy markaz sha’nini tiklash, uni yangicha tafakkur va talqinlar, xorijiy tillar orqali jahonga olib chiqish maqsadini o‘z oldilariga qo‘yishlariga ishonamiz.
Bashorat JAMILOVA,
BuxDU “Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi” kafedrasi mudiri v.b. filologiya fanlari nomzodi,
professor