Yo‘qlamaning nima keragi bor?!
Yo‘qlamaning nima keragi bor?!
Dars boshlanib, talabalar ustozni jon qulog‘i bilan tinglayotgan payti eshik qiya ochiladi-yu, fikrlar, e’tibor va diqqat qoq o‘rtasidan bo‘linib, yo‘qlamachi qizga o‘girilamiz. Ko‘pchilikning yuzida norozilik, kimgadir umuman farqi yo‘q. Chunki maktab davridanoq bunga ko‘nikib qolganmiz. Maktabda dars boshlanishidan 5 daqiqacha avval yo‘qlama qilish joriy etilgan edi.
Lekin ko‘pincha maktab devoriy gazetasidagi “Uyquchi”, “Toshbaqa” degan rukndan ism-familiyasi joy olib ulgurgan ayrim o‘quvchilar sabab bu o‘zini oqlamadi, desak ham bo‘ladi. Dars boshlanishiga zo‘rg‘a yetib keladigan o‘quvchidan 5 daqiqa avvalroq kelishini so‘rashning o‘ziyoq kulguli emasmi?!...
Xullas, asosiy muammoga qaytsak, maktablarni-ku qo‘ya turaylik, o‘qish bepul va majburiy, ko‘pchilik uyidan qatnaydi. Ammo OTMda buning nima keragi bor? Talaba bir necha yil davomida o‘quv markazlaridagi repetitorlar va o‘zining mashaqqatli mehnati sabab talabalik maqomiga erishgan dargohiga sababsiz kelmasligi, darslarda ishtirok etmasligi mumkinmi? Shartnoma asosida o‘qiydigan talabalar yiliga o‘rta hisobda 10 million so‘mdan ortiq kontrakt summasini to‘laydigan, davlat granti asosida tahsil oladiganlar o‘rnak bo‘lish uchun ham ko‘proq o‘qishi kerak bo‘lgan maskanga kelyaptimi-yo‘qmi deb yo‘qlama qilishda mantiq bormi?
Bakalavr bosqichida tahsil oluvchi talabalarning aksariyat qismi 18–23 yoshdagilar. Bilasizki, bu yoshda ularda ilm olish bilan birga turli chalg‘ituvchi, foydasiz, hatto zarar keltirishi mumkin bo‘lgan narsalarga ham qiziqish barobar ko‘rsatkichda turadi. Birinchi qiziqishdan ikkinchisi ustun kelib qolmasligi uchun ham nazorat qilish va to‘g‘ri yo‘nalish berib turish juda muhim. Ayniqsa, gap ularni turli yot g‘oyalar va buzg‘unchi kuchlardan himoya qilish haqida ketsa!
Agarda, muntazam davomat qilishning keragi yo‘q, talaba qaysi darsga kirish kerakligini o‘zi hal qilsin deydigan bo‘lsangiz ham fikringizni xato deya olmaymiz. Masalan, bir necha yil avval ko‘pchilik OTMlarning yangicha, xorijiy tajribaga asoslangan tizim —“Kredit modul”ga o‘tkazilgani haqidagi xabarlar bilan birga, buning bir qator imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etilgan edi. Misol uchun, talaba darslarda qatnashishga maqbul vaqtni va qaysi ustozdan ta’lim olishini o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib tanlay oladi, fanlar masalasi ham shunday: o‘z qiziqishi hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab yil davomida qaysi fanni o‘rganmoqchi ekanini aniqlab oladi.
Bu tizimning asosiy, shu bilan birga talabalar uchun eng “jozibali” tomoni talaba darslarda doimiy ishtirok etishga majburlanmaydi. Agar u qoldirilgan darsni mustaqil o‘zlashtirib olishiga ko‘zi yetsa, darsdan boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishi, ish joyida, kutubxonada yoki shunchaki do‘stlari davrasida vaqt o‘tkazishi mumkin. Muhimi, u yakuniy va oraliq nazorat imtihonlarini a’lo bahoga topshirishi kerak. Davomat masalasi u to‘plagan kreditlar soniga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Har holda rivojlangan mamlakatlarda shunday tartib o‘rnatilgan. Ammo bizda…
2021-yili tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universitetidan boshqa OTMlarda oldingi tizimning ayrim tartib-qoidalari, shu bilan birga davomat masalasi ham hozircha ma’lum darajada saqlanib qolmoqda. Va talabalardagi norozilik kayfiyati ham.
Aynan shunday, yo‘qlamachi qizning aytishicha, ko‘pchilik talabalarni shu savol qiynar va norozi bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan: kontraktini to‘lagandan keyin kelish yoki kelmaslik talabaning o‘ziga havola etilishi kerak emasmi?
Ziyoda RAHIMBOYEVA,
O‘zJOKU talabasi