Yuridik ta’limda huquqiy ko‘nikmalarning ahamiyati
Turli ko‘nikmalar, mantiqiy tafakkur, kreativ yondashuv va tanqidiy fikrlash tamoyillari bilan yo‘g‘rilgan dars mashg‘ulotlarini tashkil etish va mantiqiy tafakkurni rivojlantirish asrimizning dolzarb talablaridan biridir.
O‘tgan asrdan farqli o‘laroq, hozirgi raqamli texnologiyalar va yalpi savodxonlik asri texnologik yutuqlar, ko‘p madaniyatli jamiyat, insonning harakatchanligi, global infratuzilma, ijtimoiy tarmoq, innovasiyalar va ijodkorlik va inklyuzivlik davrini boshlab berdi. Xususan, yurtimizda ham malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan, pragmatik va sifatli ta’lim berish va ob’yektiv baholash strategiyalarini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratila boshlandi.
Bugungi kunga kelib “Fikrlash qobiliyati”, “fikr yuritish qobiliyati”, “tanqidiy fikrlash” va boshqalar tez-tez huquq yo‘nalishi talabalari uchun asosiy atributlar ro‘yxatiga kiritildi.
Kvinslend universitetining huquq maktabida o‘tkazilgan turli so‘rovnomalarga ko‘ra huquqiy muammolarni aniqlash, tahlil qilish va belgilashda, avvalo, berilgan huquqiy vaziyat aynan huquqning qaysi tarmog‘iga oidligini aniqlab olish lozim. Chunki muammo jinoyat, jinoyat-prosessual, fuqarolik, fuqarolik-prosessual, ma’muriy, xo‘jalik, mehnat huquqi va boshqa huquq sohalarining ma’lum bir doirasida bo‘ladi va bunda aynan qonunchilikdagi shu yo‘nalish bo‘yicha harakat qilish lozim bo‘ladi.
Masalan, bitiruvchiga ariza topshirishga imkon beradigan yuridik tadqiqotlar ko‘nikmalariga ega bo‘lish, tegishli huquqiy materiallar bilan ta’minlashni talab qiladi. Sir emaski, yetarli adabiyotlar bilan ta’minlangan huquqshunoslar fundamental tadqiqotlarni ham qiynalmasdan amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Albatta bunda ilmiy raxbar bilan birga olib borilayotgan tadqiqot uchun hozirda mavjud maxsus metodlar, ya’ni ushbu fan doirasida va umumta’lim fanlar metodlari (deylik, qiyosiy tahlil va deduksiya) asosida tashkillashtirilishi kelishib olinadi va olingan natijalar tahlil qilib boriladi.
Bundan tashqari mustaqil ravishda huquqiy masalalarga tanqidiy yondashuvlarni qo‘llash kerak. Bunda yakuniy fikr(xulosa) va hukmga - yuridik tushunchalar, huquqiy tamoyillar hamda siyosiy qadriyatlarga tayanilgan holda, qonunning asosi va ijrosi orqali kelinadi.
Shuningdek fikrlarni baholash, tezkor qarorlar qabul qilish va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish lozim. Bugungi kunda 300 dan ortiq interfaol metodlar orqali nafaqat yuridik fanlar sohasida, balki boshqa fan tarmoqlari vakillari ham o‘z faoliyatlarida ushbu metodlardan foydalanib, zaruriy natijalarga erishmoqda. Demak bugungi davrning asosiy talabi hisoblangan - qisqa vaqtda aniq va to‘gri qarorlar qabul qila olish, o‘z navbatida inson aqliy imkoniyatlari darajasini aniqlash testi – IQ ning ham vaqti-vaqti bilan rivojlantirib borishni bildiradi. Bugun ko‘p holatlarda ish beruvchilar, ishga kirmoqchi bo‘lgan mutaxassilardan diplom va ma’lum ko‘nikma, malakalarni talab qilishdan tashqari, qo‘shimcha ravishda bo‘lajak xodimni IQ darajasini tekshirish bo‘yicha testlar tashkil etayotganini kuzatish mumkin.
Eng asosiysi esa, huquqiy tamoyillar zaminida qarorlarni asoslash zarur. Chunki har bir fan yoki sohaning o‘z postulatlari, tamoyillari, metodologiyasi va yangicha rivojlanayotgan paradigmalari bo‘ladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, qaysi prinsip insonda ustuvor bo‘lsa,(masalan tenglik, ijtimoiy adolat, qonuniylik)bu uning kelgusi faoliyatiga ham albatta ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Sh.Toshpo‘lotov, D.Alayeva
TDYuU o‘qituvchilari