Poytaxtimizda Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz sayti xabar berdi.
Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi (UZNEL) loyihasi respublikamizda ilk joriy etilgan elektron kutubxona sifatida faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda. Ushbu loyiha Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirildi.
Loyihaning asosiy maqsadi axborot-kutubxona muassasalarini yagona elektron kutubxona tizimiga ulash orqali aholi bilim saviyasi va sifatini oshirishdan iborat. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi elektron kutubxona, raqamlashtirish va skanerlash markazi hamda multimedia markazidan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning to‘rtinchisi, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish tashabbusiga hamohang bo‘lib, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
– Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyihasini O‘zbekiston Respublikasida joriy qilish, tashkiliy ishlar, jumladan, boshqaruv (menejment), texnik qo‘llab-quvvatlash, dasturiy ta’minotlar bilan ishlash, axborot-resurslaridan ilmiy-ta’lim yo‘nalishida foydalanishni tashkil etish uchun “LG CNS” kompaniyasi tomonidan mutaxassislar tanlab olindi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboeva – Markaz to‘liq zamonaviy jihozlandi. Mahalliy axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari “Boshqaruv”, “Kutubxonachilar” va “Operatorlar” guruhlariga bo‘linib, koreyalik hamkorlarimiz ularga loyiha tizimining yaratilish strategiyasi, ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlari, loyiha dizayni va kelajakdagi faoliyati, shuningdek, PSS (TULIP Web) hamda IELS(TULIP) loyihalari, veb-sayt taqdimoti va uning ishlash tizimi haqida ma’lumot berdi.
Ushbu loyiha doirasida 2014-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Koreyaga yo‘l” ixtisoslashgan o‘qish zali ochilgan.
Ma’lum qilinishicha, Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyihasi birinchi bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va viloyatlardagi 20 ta kutubxonani o‘zaro bog‘lab yagona ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zlangan. Kelajakda O‘zbekiston hududida joylashgan 200 ta kutubxonani qamrab olish rejalashtirilgan.