“12 MLN SO‘MLIK MAOSHIM VAZIR JAMG‘ARMASINING IKKINCHI BOSQICHIDAN MUVAFFAQIYATLI O‘TSAM 17 MLN SO‘MDAN OSHADI”
Xabaringiz bor, bugun Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari javoblari DTM tomonidan e ’ lon qilindi . Biz ushbu testlardan 100 foizlik natijani qayd etgan ustozlar bilan yaqinroq tanishishga qaror qildik.
Vazir jamg‘armasida 100 foizlik natija qayd etgan ustozimiz Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi 44-IDUMning oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi Dilbarxon G‘ulomova.
14 yildan beri o‘quvchilarga bilim berayotgan Dilbarxon G‘ulomova o‘quvchilik davridanoq Respublika olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Milliy universitetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan.
U 2018-yil “Yil o‘qituvchisi” respublika ko‘rik tanlovining 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. 2021-yil “El-yurt umidi” jamg‘armasi ning stipendiati sifatida Sankt- Peterburgning A.I.Gersen nomidagi Pedagogika universitetida malaka oshirib qaytgan.
Dilbar G‘ulomovaning o‘quvchilari ham biologiya fanidan viloyat olimpiadalarida g‘oliblikli qo‘lga kiritib, Tibbiyot oliygohlariga yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilinmoqda.
Darvoqye, shu kecha kunduzda Dilbar G‘ulomovaning oylik maoshi 12,6 mln so‘mni tashkil qilsa, Vazir jamg‘armasining II bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda maoshi 17 mln so‘mdan oshishi bizni quvontirdi.
“Vazir jamg‘armasiga e’lon bo‘lganidayoq bu ustama aniq meniki bo‘lishiga ishongandim va nasib qilsa keyingi bosqichdan ham muvafaqqiyatli o‘tsam, niyatimga yetaman. Ustozlarga o‘z ustilarida ishlashdan tinmasliklarini, bu o‘zining ijobiy samarasini berishini ishonch bilan ayta olaman”, — deydi u.
Darvoqye, u bilan bog‘langanimizda ayni damda Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabdan qizini olib qaytayotgani, qolgan 2 farzandi esa Andijondagi Prezident maktabida tahsil olishini aytib o‘tdi.
Haqiqiy o‘qituvchining farzandida bundan past yutuq bo‘lmasligi aniq. Fursatdan foydalanib, Dilbar G‘ulomova va u singari yuqori natijalarni qayd etgan barcha ustozlarni muborakbod etamiz.