Hayotimiz gultoji, munis ayollarimiz hamisha e’zozda
Azaldan ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularga g‘amxo‘rlik qilish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sanaladi. Ular bejiz yosharish va yangilanish fasli – bahorga qiyoslanmaydi. Mamlakatimizda lobar, irodali, ishbilarmon, iste’dodli xotin-qizlar doimo e’tirof etilib, e’zozlanadi.
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Vatanimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida fidokorona faoliyat olib borayotgan ayollar, iqtidorli qizlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari safidagi xotin-qizlar ishtirok etdi.
Bayram ishtirokchilari dastlab Mustaqillik va ezgulik monumenti – Baxtiyor ona haykali poyiga gul qo‘ydi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini tabrikladi.
Xalq roziligi, avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bog‘liqligi, ularning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli yashashini ta’minlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining bundan bir yil muqaddam qabul qilingan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini zamon talabiga monand yo‘lga qo‘yish imkonini bergan bo‘lsa, ushbu hujjat bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutlaqo qaytadan, yangicha asosda tashkil etildi.
Hujjatga ko‘ra, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishga oid amaliy ishlar tubdan takomillashtirildi. Xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarning manzilli ro‘yxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar hayotga keng joriy etilmoqda.
Har ikki tashkilot tomonidan bevosita oilalar bilan ishlashga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Hududlarda xonadonma-xonadon yurib, oilalar, xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar chuqur, tahliliy tarzda o‘rganilmoqda. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali oilalar farovonligini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlikda ko‘plab loyihalar hayotga izchil joriy etilmoqda. Oilalarning mustahkamligini ta’minlash maqsadida joylarda “Kelin-kuyov innovatsion maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu boradagi amaliy chora-tadbirlarning barchasi oilalar farovonligi, undagi ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy muhitning barqarorligini ta’minlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ayollarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni hamda nufuzini oshirish, farzandlarimizni milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sog‘lom va ma’nan barkamol etib tarbiyalash, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlanmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 6-mart kuni qabul qilingan “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, qishloq xo‘jaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovatsiya, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, san’at va boshqa sohalarda alohida tashabbus ko‘rsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida atoqli olimlar, shoir va adiblarning sadoqatli umr yo‘ldoshlari ham borligi alohida e’tiborga molik.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 2-martdagi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yigirma sakkiz nafar qiz a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokchi ayollarga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV