Mamlakatimizda koreys tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni bir yilda 2 barobarga ortdi
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In joriy yilning 18-aprelida O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimiz maktablarida xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyoj ortib bormoqda. Xususan, koreys tilini o‘rganayotgan yoshlar soni ham oshayotganini statistik ma’lumotlar ham tasdiqlamoqda .
2018-2019-o‘quv yilida mamlakatimizda 12 ta koreys tilini o‘qitadigan maktablar faoliyat yuritmoqda. Ahamiyatlisi, mazkur ta’lim muassasalari soni o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 4 taga ko‘paydi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, koreys tili o‘qitiladigan sinflar soni 2017-2018-o‘quv yilida 91 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018-2019-o‘quv yilida ular soni 153 taga etdi.
Tabiiyki, koreys tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni ham oshib, 2018-2019-o‘quv yilida 5466 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2017-2018-o‘quv yiliga nisbatan 2728 nafar ko‘pligidan darak bermoqda.