O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini takomillashtirish Prezident qarori qabul qilindi
2019-2023-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan ko‘p qirrali va ustuvor vazifalarni – “... inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining intellektual, ilmiy va iqtisodiy qudratini, shuningdek, ravnaqi va mustaqilligini ta’minlashga qodir bo‘lgan xalqaro standartlar darajasida mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratish...” bo‘yicha kompleks aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish O‘zbekiston Milliy universitetining asosiy maqsadi etib belgilandi.
Universitetda quyidagilar tashkil qilindi:
— 2019/2020-o‘quv yilidan muhandislik matematikasi, kompyuter fanlari va texnologik menejment yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston – Isroil fakulteti;
— 2020/2021-o‘quv yilidan va keyingi yillarda – “Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar”, “Biofizika va muhandislik tadqiqotlari”, “Fundamental tibbiyot va biokimyo” fakultetlari.
S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey “tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi etib qayta tashkil etildi.