Ustoz Mahmud Sa’diy “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimiz farmoniga binoan “Ma’rifat” gazetasi bo‘lim muharriri, fidoyi jurnalist, mohir muharrir, jonkuyar murabbiy Mahmud Sa’dinov (Mahmud Sa’diy) “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Ustoz jurnalist qariyb 55 yillik ijodiy faoliyati davomida “Sharq yulduzi”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Guliston”, “Hurriyat”, “Ma’rifat” singari markaziy nashrlarda samarali mehnat qildi. Uning sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekistonning yaqin tarixidagi murakkab davrlarda dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizni xalqimizga tanitish, asriy qadriyat va an’analarimizni, bobolarimizdan qolgan boy ma’naviy merosni tiklash va o‘rganishga doir turkum maqolalar vaqtli matbuotda katta jasorat bilan e’lon qilindi.
Uning mas’ul muharrirligida oliy maktablar uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “O‘zbek adabiyoti tarixi (XIV-XVII asrlar)”, “Boburnoma” (o‘zbek tiliga tabdili), “Turkistonga Rossiya tajovuzi”, “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili”, akademik M.Qo‘shjonovning “Tanlangan asarlar”i kabi xalqimiz, xususan, yosh avlod ma’naviyatini boyitadigan, teran fikrlashga undaydigan fundamental asarlar chop etildi.
Ustoz jurnalistning jurnalistika rivojiga qo‘shayotgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U 1994 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofotiga munosib ko‘rilgan.
Mahmud Sa’diy “Teran tomirlar” kitobi muallifi. Ayni paytda “Tanlangan maqola va suhbatlar” to‘plami nashrga tayyorlanmoqda. Qozoq xalq maqol va latifalari jamlangan “O‘zbek — o‘z og‘am”, “Aldarko‘saning hangomalari” (hammualliflikda) to‘plamlarini o‘zbek tiliga o‘girib, nashrga tayyorlagan. Zabardast muharrirning ijodiy faoliyati haqida “Qadr” nomli to‘plam nashr etilgan.
Ustozni qutlug‘ 80 yoshi hamda davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani bilan chin dildan qutlaymiz!